Senator Toshkent viloyatidagi chiqindilar bilan bogʻliq muammoni tanqid qildi

13:33 04 May 2019 Jamiyat
189 0

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Senat komissiyasi raisi oʻrinbosari R.Saidov 2018 yilda viloyatda goʻdaklar oʻlimi 529 nafarni, virusli gepatitga chalinganlar 3516 nafarni tashkil etganini taʼkidlab oʻtdi.

Garchi goʻdaklar oʻlimi viloyat boʻyicha 2018 yilda 2017 yilga nisbatan 51 taga kamaygan boʻlsa-da, bu mudhish koʻrsatkichning Chirchiq shahrida 39 foizga, Quyichirchiq tumanida 21 foizga, Chinoz tumanida 18 foizga, Ohangaron tumanida 16 foizga oshgani ayanchlidir.

Shuni qayd etish oʻrinliki, albatta, yuqumli kasalliklarning tarqalishiga koʻp hollarda viloyatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat ham sabab boʻlmoqda, dedi senator.

Masalan, chiqindilarni tozalash, olib chiqish va qayta ishlash bilan bogʻliq xizmatlar bilan viloyat aholisining 60 foizi qamrab olinmagan. Boʻstonliq, Parkent, Ohangaron tumanlarining togʻli hududlarida istiqomat qilayotgan aholi esa bu xizmat qamrovidan mutlaqo chetda qolgan.

Viloyat boʻyicha 150 dan ziyod chiqindi tashuvchi maxsus texnika yetishmayotgan bir sharoitda bu holatning sababiga ortiqcha izoh yoʻq.

Hatto chiqindi yigʻish uchun poligonlarni yetarli darajada tashkil etish, xususan ular uchun maxsus joylarni ajratish ishlari ham paysalga solib kelinmoqda.

Boʻstonliq tumanining Yakkatut qishlogʻida joylashgan zararli chiqindilar poligoni bilan bogʻliq gʻoyat oʻtkir muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 martdagi farmoyishiga asosan moliya, sogʻliqni saqlash va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda davlat geologiya va mineral resurslar, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitalari, shuningdek Toshkent viloyati hokimligiga tegishli topshiriqlar berilgan edi.

Biroq, bu borada belgilangan choralar rejaligicha qolib ketgan.

Mazkur masala yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan masʼullarga bir necha bor murojaat qilinishiga qaramasdan, ular tomonidan hech qanday amaliy choralar koʻrilmagan.

Umuman olganda, Toshkent viloyatida chiqindilar bilan bogʻliq muammolarni hal etish uchun Hukumat darajasida tezkor choralar koʻrish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz, deb izoh berdi senator.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?