Senator Sirdaryodagi “fermerlar qasamyodi“ni tanqid qilib chiqdi

10:33 21 Noyabr 2018 Jamiyat
1451 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Maqsuda Vorisova bir necha kun muqaddam Sirdaryo viloyati tumanlarida fermerlarning qasamyod qabul qilgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Partiya rasmiy saytida eʼlon qilingan maqolani quyida toʻliqligicha eʼtiboringizga havola qilamiz.

Mamlakatimizda aholi farovonligini taʼminlash, munosib hayot sharoitlarini yaratish, jamiyatimizda demokratik tamoyillarni tatbiq etish uchun izchil, tizimli ishlar olib borilmoqda. Ishlab chiqarishning har bir yoʻnalishiga ilgʻor texnika va texnologiyalarni olib kirish, innovatsiya yaratishni davrning oʻzi talab qilmoqda.

Shu jumladan qishloq xoʻjaligida ham mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, mamlakatga daromad keltirish, davlatni ham fermerni ham boy qilish maqsad muddaoga aylangan.

Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida boʻlib oʻtgan “fermerlar qasamyodi” ham aslida yuqorida keltirilgan maqsadga erishish niyatida amalga oshirilgan. Lekin, bu qanchalik toʻgʻri boʻldi va bu qasamyod bilan qishloq xoʻjaligidagi bugungi ahvolni yaxshilab boʻladimi?

“Qasamyod – harbiy yoki boshqa shu turdagi xizmatga kirayotganda, maʼlum bir statusni olayotganda (masalan, fuqarolik olayotganda yoki sudda guvohlik berayotganda), lavozimga tayinlanayotgandagi rasmiy va tantanali ont ichish marosimi. Qasamyod faqat ommaviy tarzda (omma koʻz oʻngida) amalga oshiriladi va qasamyod qiluvchiga uni – qasamyodni ado etmagani uchun yuridik javobgarlikni yuklaydi”.

Demokratik tuzumlarda qasamyod masʼuliyat hajmi ulkan boʻlgan, masʼuliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talafot koʻrishi mumkin boʻlgan holatlarda hamda sudda – haqiqatni yuzaga chiqarishga safarbar etilgan idoradagina qoʻllanadi.

Amaldagi qonunchilikka koʻra fermer bu tadbirkor. U qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtiradi va oʻz faoliyatini bozor talablari asosida yuritishi kerak. Fermerga qasam ichirish bilan biz unga “maʼnaviy cheklov” qoʻymoqdamiz, dehqonni qasamga tayantirish jamiyatimiz rivoji uchun foyda keltiradimi yoki zarar?

Bu holat raxbariyat oldida “yangilik” yaratib obroʻ olishga urinish emasmi?

Qishloq xoʻjaligidagi salbiy holatlar sanoqli boʻlsa barchaga “ommaviy” qasam ichirish zarurmi? Agar bunday holatlar koʻp boʻlsa, unda ularni keltirib chiqargan sabablarni tahlil qilish, tizimli choralar koʻrilishi kerak-ku!

Mening fikrimcha fermerlarimizning bu yilgi noqulay sharoitda moʻljaldagi hosilni yetishtira olmaganligi uchun nafaqat ob-havo yoki dehqonning dangasaligi, uddaburon emasligi aybdor emas, balki ishni tashkil qilishdagi tizimli kamchiliklarimiz sabab boʻlgan. Tumanlarda boʻlib fermerlar, tajribali dehqonlar bilan suhbatlashib quyidagi sabablarni aniqladik. Yaʼni, fermerlarda zarur darajada bilim yetishmasligi, texnikalar eskirgani yoki yetishmasligi, yerning meliorativ holatini toʻgʻri baholay olmaslik va unga chora koʻrishdagi nochorlik, fermer xoʻjaliklarning aksariyatida agronomlar yetishmasligi, urugʻchilikning achinarli ahvoldaligi, sugʻorish ilmi unutilib borayotgani, suv taqsimotidagi xatoliklar va yana bir qator.

Menimcha, qishloq xoʻjaligidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun avvalo yuqorida keltirilgan kamchiliklarni qanday yoʻqotish mumkin degan savolga javob topish kerak. Balki mayda fermer xoʻjaliklaridan uyushma tashkil etib, ularda ish boshqaruvchi, agronom, buxgalter, traktorchi, suvchi kabi zarur lavozimlar joriy etilishi moliya ishlaridagi, agronomiya ishlaridagi, umuman ishni tashkil etishdagi kamchiliklarni oldini olar. Mana shunday fermer- dehqon uyushmalariga tajribali insonlar boshchilik qilsa fermerlarning masʼuliyat hissi bir qancha koʻtarilar?

Bu mening shaxsiy fikrlarim, mutaxassislardan bu mavzuda takliflar berishlarini kutib qolaman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?