Senator maktablardagi sharoitlarni oʻrgandi

12:43 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
121 0

Pandemiya davom etayotganiga qaramay, mamlakatimizda yangi oʻquv yilida taʼlim sifatini yuqori darajada taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, epidemiologik vaziyat yaxshi boʻlgan ayrim hududlarda tajriba tariqasida maktablar ochildi. Bu boradagi yakuniy qaror xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan oʻrganilib, soʻngra qabul qilinishi belgilangan. Oliy Majlis Senati aʼzolari ham ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqdalar. Xususan, joylarda senatorlar tomonidan umumtaʼlim muassasalarida karantin talablariga mos shart-sharoitlar mavjudligi oʻrganilmoqda. Oliy Majlis Senati aʼzosi Nusuratulla Pardayev ham Zomin tumanidagi maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorlik darajasi bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida tumandagi “Turkman” MFY hududidagi 21-19-sonli, “Istiqlol” QFYdagi 22-3-sonli umumtaʼlim maktablaridagi sharoitlar oʻrganib chiqilib, senator tomondan tegishli tavsiyalar berildi.

Senatorning fikricha, bunday murakkab vaziyatda oʻquv yilini boshlash barchamizdan katta masʼuliyat talab etadi. Oʻquv darslari boshlanayotgan har bir maktabda belgilangan talab darajasida gigiyenik vositalar, dori-darmonlar, uquvli tibbiyot xodimlari va eng avvalo muassasa rahbarining masʼuliyatni chuqur anglagan holda vaziyatga alohida yondashuvi zarur.

Uchrashuvlar davomida Nusuratulla Pardayev hududdagi mahalla faollari, oʻquvchilarning ota-onalari bilan ham muloqotda boʻldi. Ular tomonidan berilgan savollarga masʼullar ishtirokida batafsil tushuntirishlar berib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?