Senator IIVdan YPX xodimi odam urib ketgani bo'yicha izoh soʻradi

12:05 14 Dekabr 2018 Siyosat
993 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”/Toshkent. Senat yalpi majlisi davomida Ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti haqidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Kun tartibiga qoʻyilgan masala yuzasidan Vazirning birinchi oʻrinbosari Davron Nazarmuhammedov axboroti eshitildi.

Uning yuzasidan senatorlar tomonidan vazir oʻrinbosariga bir necha savollar berildi.

Senator Abduqodir Toshqulov: Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan huquqbuzarliklar va oʻrni kelganda jinoyatlar haqidagi maʼlumotlarga tez-tez guvoh boʻlyapmiz. Men ularning har biriga toʻxtalmoqchi emasman. Davlat raqami VSF belgili xizmat mashinasida yuradigan ichki ishlar xodimlarini xalq Vatanining sodiq farzandlari deb talqin qiladi. Shu mashinada yoʻl patrul xizmati xodimi odam urib ketyapti va u vafot etyapti. Shu kabi salbiy holatlarning oldini olish, xodimlarning maʼnaviy dunyosini boyitish uchun tizimda qanday ishlar olib borilyapti? Tushunaman, hadeb jinoyatlarni koʻrib diydasi qotib ketishi mumkin, ammo xalq bilan ishlashda oʻziga xos yondashuv kerak, nazarimda.

D. Nazarmuhammedov: Toʻgʻri, bu borada kamchiliklarimiz bor. 120 ming shaxsiy tarkib. Uning ichida nopok xodimlar, poraxoʻrlikka yoʻl qoʻyayotganlar uchrab turibdi. Bizda oʻz ichimizda oʻz xavfsizlik xizmati bor. Ular bevosita shaxsiy tarkib bilan ish olib boradi. Har bir boʻlim va yoʻnalishda ish olib boriladi. Birorta yigʻilish yoʻqki, shaxsiy tarkib, uning tartib-intizomi masalasi koʻtarilmagan boʻlsa.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan holatlardan xabardormiz. Bunday vaziyatlarda oddiy xodim shu ishni qilsa ham, katta rahbarigacha ishdan olinadi. Bu qatʼiy belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?