Senator: Gumonlanuvchini qiynoqqa solishga hech kimning haqqi yoʻq

17:38 09 Iyul 2020 Siyosat
588 0

Rivojlangan davlatlarda gumonlanuvchi shaxsni qiynoqqa solish bilan bogʻliq holatlarning oldini olish borasida yaxshi natijalar qoʻlga kiritilgan. Oxirgi uch yilda bu yoʻnalishda mamlakatimizda salmoqli ishlar qilindi. Ammo, afsus, hamon joylarda bunday shaxslarni qiynoqqa solish holatlari uchrab turibdi.

Prezidentimiz odil sudlovni taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga bagʻishlangan videoselektorda Andijon shahri va Chiroqchi tumani ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyatda gumon qilinuvchi shaxslarni qiynoqqa solish hollari roʻy berganligini qattiq tanqid qildiki, bu ushbu sohaga aloqalar har bir insonni oʻylantirishi lozim. Davlatimiz rahbari iborasi bilan aytganda: “...shunday fojeali holatlarning boʻlishi ushbu tizimdagi rahbarlarni oʻygʻotishi va aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak”.

Shundan kelib chiqib, yigʻilishda qiynoqqa solish va boshqa shavqatsiz muammolarning sodir etilishining oldin olish, uning takrorlanmasligi uchun mutasaddi idoralar tomonidan aniq reja va dasturlarning ishlab chiqilishi kerakligi uqtirildi.

Xaqiqatdan ham bu masala keyingi paytlari jiddiylashib, jamiyatda qizgʻin bahslarga sababchi boʻlayotgan va odamlar noroziligin uygʻotayotgan edi.

Kayd etish kerak, shu noxush voqealar sodir etilishi bilan Senatning tegishli qoʻmitalari tomonidan tanqidiy fikrlar bildirildi va mazkur voqealarning asl sabablari tahlil qilindi. Shu masala yuzasidan parlament soʻrovi ham tayyorlanmoqda. Ichki ishlar organlari, prokuratura, sud, inson xuquqlari boʻyicha vakil (Ombudsman) va ekspertlar bilan maslahatlashgan holda, alohida kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlash chiqilyapti.

Mazkur dasturda nimalarga alohida eʼtibor qaratilayotgani ham barcha uchun qiziqarli. Unda, avvalo, barcha huquqni muhofoza qilish idoralarida qiynoqqa solish va boshqa shavqatsiz, gʻayriinsoniy, odam qadr-qimmatini kamsituvchi muomala va jazo turlarini qoʻllash qatʼiyan maʼn etiladi. Shu yoʻl bilan tizim xodimlarida inson huquq va erkinliklarini hurmat qilgan holda muomala qilish koʻnikmasi shakllantiriladi.

Tezkor qidiruv va tergov xodimlarining jinoyatlarni ochish boʻyicha bilimini oshirish, zarur adabiyotlar bilan taʼminlash, Kriminalistika fanidagi ayrim toifadagi jinoyatlarni ochishning usullari va xususiyatlari nomdagi maxsus kurslarni takomillashtirish va chuqur oʻrgatish va xalqaro tajribadan foydalanishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda katta ish tajribaga ega ustozlar bilan muloqotlar tashkil etish.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarni zamonaviy kriminalistik laboratoriya va kriminalistik texnikalar bilan taʼminlash choralari ham koʻriladi. Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining programmalashtirish va modellashtirish imkoniyati hayotga tatbiq etiladi. Afsuski, tumanlarda bunday asbob-uskunalar yetarli darajada emas.

Prokuratura organlari tomonidan jazoni ijro etish muassasalari va tergov izolyatorlarida saqlanayotgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz muomala qilish holatlari boʻyicha qilingan murojaatlari chuqur oʻrganilib, aybdorlarga qatʼiy choralar qoʻllaniladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombusman)ning ushbu yoʻnalishdagi faoliyati yana-da jadallashtiriladi.

Bordi-yu advokatura organlari oʻz himoyasidagi shaxslarga nisbatan shu kabi noqonuniy harakatlar qoʻllanganligi aniqlansa, prokuratura va sud organlari tomonidan aybdorlarga chora koʻrilishini taʼminlashni talab etishi mumkin boʻladi.

Mazkur masalalar deputatlarning ham nazoratida boʻladi. Mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalarida deputatlar tomonidan ushbu masalalar keng oʻrganilib va tahlil qilib boriladi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari aholining sharoitini oʻrgangan holda, bu masalalarda oʻzining faolligini koʻrsatishi kerak boʻladi.

Shuningdek, OAV vakillari va blogerlar sud-tergov jarayonida qonun ustuvorligi taʼminlanishini hamda odamlarning noroziligini uygʻotayotgan muammolarni yechishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qilishi talab qilinadi.

Mazkur kompleks chora-tadbirlar tezkor qidiruv va tergov jarayoniga tatbiq etilishi Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligiga oid normalarga mosligi bilan ham ahamiyatlidir. Zero, shu normaning taʼminlanishi bizni demokratik qadriyatlar sari yana bir qadam yaqinlashtiradi.

Botir MATMURATOV,
Oliy Majlis Senatining
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga

qarshi kurashish qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?