Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi

19:59 19 Oktyabr 2020 Siyosat
167 0

Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Shu jumladan, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.

Majlisda senatorlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament soʻrovi natijalari yuzasidan taqdim etilgan axborotda parlament soʻrovida qoʻyilgan vazifalar ijrosi yetarlicha aks ettirilmaganligi aniqlanganini taʼkidladi. Xususan, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari normativ-huquqiy hujjatlarda yetarlicha tartibga solinmagan, nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish boʻyicha yaqin, oʻrta yoki uzoq muddatli strategiya qabul qilinmagan.

Shu bilan birga, nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza oʻtkazishda qoʻllanilayotgan mezonlar qirq yil avval ishlab chiqilgan uslubiyotga asoslangan boʻlib, yangi tartib haligacha ishlab chiqilmagan.

Majlisda parlament soʻrovida keltirilgan masalalar yuzasidan yetarli darajada amaliy choralar koʻrilmaganligi, tegishli ishlar amalga oshirilmaganligiga urgʻu berildi.

Senat aʼzolari parlament soʻrovida belgilangan vazifalarning ijrosini toʻliq taʼminlash hamda bu borada amalga oshirilishi zarur boʻlgan jihatlarga toʻxtaldi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda Qoʻmita aʼzolari X.Artukbayeva hamda N.Pardayevning 2020-yil davomida senatorlik faoliyati haqidagi hisobotlari eshitildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?