Senatning 19-yalpi majlisida qanday qonunlar koʻrib chiqiladi?

17:31 30 Aprel 2019 Siyosat
1549 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Joriy yilning 3 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtadi. Unda mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyotiga oid bir nechta qonunlar koʻrib chiqilishi bilan birga, jamiyat hayotidagi muhim yoʻnalishlar yuzasidan masʼullarning hisobotlari eshitilishi ham nazarda tutilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish — iqlimimizga mos

Yolqin KABULNIYAZOV, Oliy Majlis Senati aʼzosi:

— Parlament yuqori palatasining navbatdagi majlisida koʻrib chiqilishi kutilayotgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani taraqqiy ettirishga xizmat qilishi barobarida, sohadagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, innovatsiyalar va ilmiy amaliyotning yorqin natijalari, ishlanmalarni jadallik bilan ishlab chiqarishga joriy etishga zamin hozirlaydi.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energetika chekka, togʻli va uzoq hududlarning energiya taʼminotida iqtisodiy asoslangan yagona energiya manbai boʻlib xizmat qiladi. Yurtimizning iqlim sharoitida shamol, quyosh resurslari, kichik gidroenergetika, biomassa va geotermal energiyadan foydalanish va faol oʻzlashtirish kelgusi avlodlar uchun tabiiy boyliklarni saqlab qolish, ekologiyani yaxshilashning muhim sharti sanaladi.

Investorlarga yana bir qulaylik

Mavluda IMOMOVA, Oliy Majlis Senati aʼzosi:

— Kun tartibiga “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonun ham kiritilgan. Ushbu hujjat xususiy mulkni yanada rivojlantirish, ayni paytda foydalanilmayotgan yer uchastkalarini fuqarolik aylanmasiga jalb qilish orqali xoʻjalik yurituvchi subyektlarning investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va uning samarali ishlatilishini taʼminlashga qaratilgan.

Hujjat asosida yer uchastkalarini xususiylashtirish prinsiplari oʻrnatiladi va xususiylashtirilmaydigan obyektlar roʻyxati tuziladi. Yaʼni yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini tugatish hamda yer uchastkalariga tegishli koʻchmas mulk obyektlarini olib qoʻyishning alohida holatlari nazarda tutilgan. Shuningdek, mulk egasiga yetkazilgan zararlarning bozor qiymatida qoplanishi kafolatlanadi.

Yangi konvensiyaga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonga nima beradi?

Tohir BAHRONOV, Oliy Majlis Senati aʼzosi:

— “Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar haqida”gi konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolmda qabul qilingan va 2004 yildan eʼtiboran kuchga kirgan. Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konvensiya ishtirokchilari hisoblanadi.

Konvensiya majburiy xarakterga ega boʻlib, aholi salomatligi va atrof-muhitni turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofaza qilish maqsadida ularni keskin qisqartirish hamda tashlanmalarini toʻxtatishga qaratilgan. Dastlab hujjatda odam organizmi va ekotizimlarda qaytmas oʻzgarishlar chaqiruvchi 12 ta xavfli birikma belgilangan boʻlsa, keyingi toʻldirishlarni hisobga olgan holda 26 ta moddani ishlab chiqish hamda foydalanishni cheklash yoki taqiqlashga yoʻnaltirilgan.

“Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (2001 yil 22 may, Stokgolm) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi va Konvensiyaga aʼzolik Oʻzbekistonga tabiat muhofazasi bilan bogʻliq masalalarda bir necha imkoniyatlar hamda imtiyozlar, amaliy yordam olish imkonini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisi 2019 yil 3 may kuni soat 10.00 da Toshkent shahrida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining majlislar zalida ochiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari 2019 yil 2 may kuni soat 9.00 dan 18.00 ga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosining foyesida roʻyxatga olinadi.

Munisxon KARIMOVA (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?