Senatda Sogʻliqni saqlash vaziri axboroti eshitildi. Biroq unda sohaga oid qator dolzarb masalalar oʻz aksini topmadi

14:00 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
246 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

2019-yil 20-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Sogʻliqni saqlash vazirining joylarda ayollar sogʻligʻini mustahkamlash, ularning reporduktiv salomatligini monitoring qilish, oilalarning tibbiy madaniyatini oshirish borasidagi ishlarning holati yuzasidan axboroti eshitildi.

Majlisda Qoʻmita aʼzolari, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Taʼkidlanganidek, xotin-qizlar va farzandlar sogʻligi har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti darajasini koʻrsatuvchi muhim omil hisoblanadi. Millat genofondini saqlab qolish va rivojlantirish ham aynan shu jihatga bogʻliq. Shu bois respublikamizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida doimiy diqqat markazida turadi.

Bu borada “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sogʻlom oilani shakllantirish, barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim huquqiy poydevor hisoblanadi.

Shuningdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu masalaga oid qaror va farmonlarida belgilangan vazifalar doirasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi axborotida ham buni tasdiqlovchi qator raqamlar keltirilganligi majlisda qayd etib oʻtildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Biroq shunga qaramay, taqdim etilgan maʼlumotlarda qator masalalar oʻz aksini topmaganligi soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlandi. Xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan axborotda bolalar salomatligini saqlash borasida olib borilayotgan kompleks tibbiy tadbirlar yoritilmagan.

Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, ular orasida profilaktik emlash tadbirlarini tashkil etish masalalari ham yoritilmagan.

Ayollarda kuzatilayotgan bepushtlik holatlarini davolash zamonaviy tibbiyot oldida turgan dolzarb vazifa ekanligi majlisda alohida aytib oʻtildi. Bunda yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qoʻyish maqsadida yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish bilan bogʻliq masalalar muhim oʻrin tutadi. Biroq bu mavzuga ham eshitilgan axborotda urgʻu berilmagan.

Shuningdek, respublikada mavjud perinatal markazlarning moddiy-texnika taʼminoti, yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganlik holati, sohaning yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasi oʻrganilmagan.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Vazirlik axborotida ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan, shuningdek odam savdosidan jabr koʻrgan xotin-qizlar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻlami ochib berilmaganligi ham aytib oʻtildi.

Shu bilan bir qatorda majlis ishtirokchilari tomonidan aholining tibbiy madaniyatini oshirish, yoshlarning huquqiy va tibbiy maʼrifati sohasidagi ishlarni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Jumladan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning aksariyati “reproduktiv salomatlik” va “reproduktiv huquq” tushunchalari haqida yetarli darajada xabardor emas. Soʻrovda ishtirok etganlarning 53 foizi tugʻuruqlar oraligʻi tibbiyot amaliyotida qabul qilingan normalarga muvofiq kamida 3 yilni tashkil etishi lozimligidan bexabar.

Shulardan kelib chiqib, Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisida eshitilgan axborotda oʻz aksini topmagan masalalar ham atroflicha muhokama etildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masala boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?