Senatda Rossiya Davlat Dumasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

16:20 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
135 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

2019-yil 16-sentyabr kuni Senatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlararo aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekiston-Rossiya strategik va ittifoqchilik sherikligi yangi bosqichga koʻtarildi. Ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatlar uzluksiz rivojlanib bormoqda. Bu ikki davlat manfaatlariga toʻliq javob beradi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Rossiya parlamenti quyi palatasi raisining tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi faol parlamentlararo muloqotning mantiqiy davomi hisoblanadi. Jumladan, joriy yilda yuksak parlament darajasida qator tashriflar amalga oshirildi. Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha parlament guruhi yoʻnalishida aloqalar mustahkamlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining parlament delegatsiyalari, shu jumladan senatorlar Davlat Dumasi tomonidan tashkil etiladigan xalqaro tadbirlarda muntazam ishtirok etmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bundan tashqari, oktyabr oyining ilk kunlarida Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoning Oʻzbekistonga tashrifi kutilmoqda.

Tomonlar MDH Parlamentlararo assambleyasi, Parlamentlararo ittifoq, YEXHT Parlament assambleyasi kabi xalqaro parlamentlararo tuzilmalar doirasida bundan buyon ham hamkorlik qilishga tayyor ekaniga urgʻu berdi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Uchrashuv davomida oʻzaro manfaatli boshqa masalalar ham muhokama etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?