Senatda OAV vakillari va blogerlar ishtirokida media-tur boʻlib oʻtdi

12:07 22 Avgust 2019 Jamiyat
87 0

Joriy yil 22-avgust kuni, yigirma birinchi yalpi majlis arafasida Oliy Majlis Senatida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniye, radio, matbuot, internet nashrlari vakillari hamda blogerlar ishtirokida media-tur boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Dastavval, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva media-tur ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Suhbat davomida Senatning joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati, asosiy vazifalari hamda Senat hududlar manfaatlarining davlat miqyosida ifoda etilishini taʼminlashi haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, qabul qilinayotgan qonunlarning xalq manfaatlariga xizmat qilishini, davlat va hududiy dasturlarning oʻz vaqtida hamda toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi masʼuliyati hamda hisobdorligini oshirish, xalqaro maydonda Oʻzbekiston mavqeini yanada mustahkamlash Senat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari qatoridan oʻrin olgan.

Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Senat timsolida, birinchi navbatda, milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy salohiyatini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi boʻlgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz.

Shu bilan birga, media-tur ishtirokchilariga parlament yuqori palatasining istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi “Senat xalq manfaatlarini qanday himoya qilmoqda?” deb nomlangan tanlov eʼlon qildi.

Ushbu tanlovda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan televideniye, radio, matbuot, internet nashrlari xodimlari va blogerlar ishtirok etishi mumkin.

Tanlovning asosiy maqsadi Oliy Majlis Senati, senatorlar faoliyatiga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish, “Senatorning bir kuni”, “Senatning xalqaro faoliyati”, “Senator soʻrovi natijalari”, “Senat aralashuvi bilan hal boʻlgan masalalar”, “Senat faoliyatidan yorqin misollar”, “Senatning jamiyatdagi munosib oʻrni” kabi mavzularda reportaj, fotoreportaj, ocherk, teleocherk, radioocherk, tahliliy material, jurnalistik surishtiruv, felyeton, telekoʻrsatuv, radioeshittirish kabi turli janrlarda materiallar tayyorlashdan iboratdir. Tanlov joriy yilning 30-noyabriga qadar davom etadi.

Media-tur ishtirokchilari parlament yuqori palatasi faoliyatiga, shuningdek jamiyat hayotining turli sohalariga taalluqli koʻplab savollariga javob oldi.

Shuningdek, OAV vakillari Senat qoʻmitalari va devoni ish jarayoni bilan tanishdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?