Senatda MDH PAning uzoq muddatli missiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

18:11 02 Dekabr 2019 Jamiyat
84 0

2019-yil 2-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarida demokratiya, parlamentarizm rivojlanishini va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori vazifasini bajaruvchi Yelena Goloulina boshchiligidagi MDH PAning uzoq muddatli missiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

MDH PAning uzoq muddatli missiyasi saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilingan vaqtdan boshlab axborot makonini oʻrganish orqali Oʻzbekistondagi parlament saylovini kuzatishga amalda kirishdi.

Uchrashuvda MDH Parlamentlararo Assambleyasi bilan hamkorlik haqida soʻz borganda Oʻzbekiston mazkur nufuzli tuzilmadagi ishtirokini tiklagani, 50-yubiley majlisida respublikamiz delegatsiyasi faol ishtirok etgani taʼkidlandi.

Uchrashuvda S.Safoyev taʼkidlaganidek, boʻlajak saylov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bardavom boʻlishini xalqaro hamjamiyatga koʻrsatishga qaratilgan. Keyingi yillarda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat, odamlar ongi oʻzgargani, saylovni tashkil etishga yangicha yondashishni talab etishi, bu esa xalqaro tashkilotlar, jumladan MDH PA bilan hamkorlik qilish masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etgani alohida qayd etildi. Ushbu jarayonda MDH PAning uzoq muddatli kuzatuvchilari ilk bor qatnashayotgani muhimligi alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda boʻlajak saylovni demokratiya tamoyillariga muvofiq tashkiliy jihatdan yuqori darajada oʻtkazish uchun barcha ishlar amalga oshirilyapti. Oʻtgan saylovda xalqaro kuzatuvchilar, shu jumladan YEXHT, MDH va boshqa nufuzli xalqaro institutlar kuzatuvchilari missiyalari tomonidan bildirilgan tavsiyalarning 90 foizi milliy qonun hujjatlariga tatbiq etilganini aytish kifoya.

Xalqaro kuzatuvchilar saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari kodifikatsiyasini ijobiy baholab, Saylov kodeksi mamlakatda keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtgani hamda Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi va DIIHB tomonidan xalqaro ekspertizadan oʻtkazilgani ushbu hujjat ochiq tarzda qabul qilinganidan va demokratiya standartlariga toʻliq mos kelishidan darak berishini taʼkidladilar.

MDH PA uzoq muddatli missiyasi vakillari MDH PA uzoq muddatli missiyasi Markaziy saylov komissiyasi va saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini kuzatishini qayd etdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?