Senatda maʼqullangan qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarning ahamiyati nimada?

16:26 24 Avgust 2019 Siyosat
325 0

Munisxon Karimova- “Xalq soʻzi”-Online. Senatning 21-yalpi majlisi ikkinchi kunida senatorlar tomonidan uchta konvensiya va bitta bitimni ratifikatsiya qilishga oid masalalar muhokama qilindi.

Yakunda “Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 81-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1947-yil 11-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”, “Xalqaro mehnat tashkilotining qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 129-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1969-yil 25-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”, “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Kishinev, 2002-yil 7-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”, “Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Parij, 2001-yil 3-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari maʼqullandi.

Maʼlumot uchun, Kishinyov konvensiyasi Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston

va Ukraina tomonidan imzolangan. Hozirgi kunga qadar Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston tomonidan deponentlangan.

Kishinyov konvensiyasi kompleks xususiyatga ega boʻlib, huquqiy muhofazaga kirish tartibini belgilaydi, oʻzaro huquqiy yordamning turli shakllari va turlarini, uni koʻrsatish tartibi va shartlarini, sud qarorlarini oʻzaro tan olish va ijro etishni oʻz ichiga oladi.

“Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 81-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1947-yil 11-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”, “Xalqaro mehnat tashkilotining qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 129-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1969-yil 25-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”ni qonunlarning ahamiyati nimada dersiz?

Maʼlumki, olib borilgan amaliy ishlar natijasida mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay chek qoʻyildi. Roʻy berayotgan bunday ijobiy oʻzgarishlar Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, haligacha oʻzini batafsil yechimini topmagan muammolar ham talaygina. Hududlardagi mehnat bozorida hali-hamon doimiy ish oʻrinlarini tashkil etish, yoshlar, xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari bandligini, ayniqsa, qishloq joylarda taʼminlash, shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish masalalari bugungi kunda dolzarbligini yoʻqotmagan.

Bugungi yalpi majlis kun tartibidagi “Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 81-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1947-yil 11-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “Xalqaro mehnat tashkilotining qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 129-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1969-yil 25-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari mazkur yoʻnalishdagi toʻsiqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega desak mubolagʻa boʻlmaydi.

“Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Parij, 2001-yil 3-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonun nimalarga xizmat qiladi?

Xabaringiz bor, uzumni qayta ishlash va vino mahsulotlarini ishlab chiqarishda xalqaro hamkorlikning yetarli darajada boʻlmaganligi ishlab chiqarish siklini takomillashtirish uchun malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish, alkogolli mahsulotlarning marketing siyosatini va ularni brendlashtirishni kuchaytirish, yangi sotish bozorlariga olib chiqish imkoniyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

“Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Parij, 2001-yil 3-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, mamlakatimizda uzumchilik va vinochilik sohasida milliy standartlarni ishlab chiqish, jahon hamjamiyati bilan axborot va tajriba almashish, xalqaro hamkorlik kabi masalalarni oʻz ichiga oladi.

Halqaro uzumchilik va vinochilik tashkiloti – uzumchilik, vinochilik sohasidagi, uzumdan tayyorlangan ichimliklar, mayiz va boshqa mahsulotlar bilan bogʻliq oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun tan olingan malakaga ega ilmiy-texnikaviy xarakterdagi hukumatlararo tashkilot hisoblanadi.

Ratifikatsiya qilinayotgan Bitim 2001-yilning 3-aprelida Fransiya Hukumati tomonidan 36 ta ishtirokchi mamlakatning soʻrovi boʻyicha Parijda oʻtkazilgan Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotining taʼsis Konferensiyasida qabul qilingan.

Oʻzbekiston tomonidan Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimning ratifikatsiya qilinishi:

– tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, oʻzaro axborot va mutaxassislar almashinuvini, hamkorlikdagi loyihalarni yaratish va amalga oshirishni;

– uzumchilik va vinochilik tarmogʻini rivojlantirish, jahon bozorida xaridorgir sifatli va raqobatbardosh uzum, vino, uzumdan tayyorlangan ichimliklar, mayiz va boshqa uzumchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotishning ilgʻor texnologiyalarini joriy etishni;

– ushbu tarmoqlarga chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali mavjud muammolarni samarali hal etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va modernizatsiya qilishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish imkoniyatlarini yanada kengaytirishni;

– milliy brendni xorijiy bozorlarda ilgari surish hamda eksport ulushini oshirib borish va barqaror oʻsishini taʼminlashga, mahalliy vinochilik mahsulotlarining koʻrgazma-yarmarkalarini xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda oʻtkazilishini joriy etilishiga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?