Senatda Davlat dasturi ijrosi keskin tanqid qilindi

15:17 06 Avgust 2019 Jamiyat
136 0

2019-yil 6-avgust kuni 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini 2019-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan Komissiya majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Komissiya raisi Sodiq Safoyev olib bordi.

Majlisda Komissiya aʼzolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning Bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor maqsadlariga toʻliq erishishni taʼminlaydigan chora-tadbirlar tizimidan iborat boʻlib, uning doirasida mamlakatimiz taraqqiyoti va yurt farovonligiga oid keng koʻlamli vazifalar hal qilinmoqda. Shu bois Dasturning har bir bandi toʻliq roʻyobga chiqarilishiga erishish, buning uchun ayniqsa, parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan keng foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Dasturda ijtimoiy sohani rivojlantirish yoʻnalishlarida 100 ta band belgilangan boʻlib, ikkinchi chorakda yigirmata banddagi topshiriqlarni bajarish koʻzda tutilgan.

Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha Komissiya huzuridagi monitoring guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida Davlat dasturida ijrosi birinchi va ikkinchi choraklarda taʼminlanishi belgilangan oʻnta banddagi topshiriqlar hamon bajarilmaganligi aniqlandi. Shuningdek, ijrosi yil davomida bajarilishi belgilangan oltita banddagi vazifalar yuzasidan olib borilayotgan ishlarda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganligi maʼlum boʻldi.

Xususan, Dasturning tegishli bandida 2019-yil 1-iyunga qadar keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatish sohasida maxsus vakolatli davlat organini tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi tayyorlanishi belgilangan. Ammo mazkur vazifa bajarilmaganligi majlisda alohida qayd etildi.

Shuningdek, Dasturning tegishli bandida 2019-yilning 1-mayiga qadar aholiga koʻrsatilayotgan onkologik tibbiy xizmat sifatini oshirish va profilaktik tadbirlar qamrovini kengaytirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanib, qabul qilinishi belgilangan. Biroq shu kunga qadar mazkur topshiriq ijrosi taʼminlanmagan. Bundan tashqari, Dasturda 2019-yil 15-fevralga qadar Sanitariya-epidemiologiya xizmatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha choralar yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanishi begilangan. Shu kunga qadar mazkur topshiriq ham oxirigacha bajarilmaganligi soʻzga chiqqanlar tomonidan qayd etildi.

Majlisda alohida urgʻu berilgan yana bir masala – Davlat dasturida belgilangan yoshlar siyosatiga oid topshiriqlar ijrosi boʻldi. Taʼkidlanganidek, Dasturning 231-bandida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan va bu maqsadga yil davomida 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilanib, 50 mingdan ortiq yoshlarni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. 2019-yilning 1-avgust holatiga 1555 ta loyihaga 333,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Bu koʻrsatkich Dastur ijrosi bor-yoʻgʻi 15 foizga bajarilganini anglatadi.

Muhokama chogʻida bu borada oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar alohida koʻrib chiqilib, mutasaddi vazirlik va idoralarning eʼtibori ularni bartaraf etishga qaratildi.

Majlisda ijtimoiy sohani rivojlantirishdagi bu va boshqa kamchiliklar keskin tanqid ostiga olinib, ularning sabablari atroflicha tahlil etildi, barataraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekistondagi perinatal tizimini va tibbiy xizmat sifatini yaxshilash boʻyicha YUNISEF takliflari xususida maʼlumot berildi. Ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari va yoʻllari koʻrib chiqildi.

Muhokama yakuni boʻyicha Komissiyaning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilangan ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari oʻz vaqtida ijro etilishiga, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining masʼuliyatini oshirishga hamda bu borada parlament, deputatlar va jamoat nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?