Senat Raisi: “Shu vaqt ichida amalga oshirgan ishlarimiz oʻtgan 25 yil davomida qilinganidan ham ortiq boʻldi”

10:57 23 Avgust 2019 Siyosat
95 0

Ziyoda Ashurova, Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”-Online. Senatning yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva maʼruza qilib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar xususida oʻz fikr mulohazalarini bildirib oʻtdi.

U oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonning yangi davrdagi ochiq va pragmatik siyosatiga xayrixoh boʻlgan davlatlar, turli xalqaro tashkilotlar islohotlar samarasiga yuksak baho berayotganini taʼkidladi.

Jumladan, joriy yilning oʻzida Davlatimiz rahbarining xorijga amalga oshirgan tashriflari davomidagi muloqotlarda bildirilgan samimiy munosabatlar ham fikrimiz dalilidir.

Xususan, Xitoyda oʻtkazilgan “Bir makon, bir yoʻl” forumi doirasidagi muloqotlarda Xitoy rahbariyatining Davlatimiz rahbarini buyuk islohotchi Den Syaopinga qiyos etgani Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga va uning rahbarida mujassam boʻlgan salohiyatga berilgan yuksak bahodir.

Muloqotlar davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish Oʻzbekiston tashabbuslari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, maʼnaviyat, taʼlim, ekologiya, turizm kabi sohalarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutayotganini eʼtirof etdi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi boshqaruvchi direktori Oʻzbekiston aholisi farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni koʻz bilan koʻrish lozimligi haqida fikr bildirgan edi.

Koreyadek iqtisodiy qudratli davlat rahbari yurtimizga tashrifi davomida Oʻzbekistondagi islohotlar koʻlami va shiddatidan oʻz hayratini yashirmadi.

Shuni yana bir karra eslatish oʻrinliki, Koreya Prezidenti Mun Chje In “Oʻzbekiston taraqqiyoti – bu Koreya Respublikasining taraqqiyoti demakdir”, deya hatto oʻz yurti istiqbolini ham Oʻzbekiston rivoji bilan bogʻliq holda koʻrishini izhor etdi.

Perzidentimizning Germaniyaga tashrifini mazkur davlat rahbariyati uzoq tanaffusdan keyingi muhim tashrif sifatida baholab, mamlakatimizning ishonchli sherigi boʻlish niyatini izhor etdi. Ikki davlat oʻrtasida 8 milliard yevrodan ziyod qiymatdagi yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgani hamkorlik istiqboliga xizmat qilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif davomida Davlatimiz rahbariga va u kishining timsolida butun xalqimizga koʻrsatilgan yuksak ehtirom esa, Oʻzbekiston nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosida hurmatga sazovor davlat sifatida tan olinayotganining dalilidir.

Oʻz navbatida, Amirliklardagi hamkorlar bilan 10 mlrd. va koreyaliklar bilan 12 mlrd. dollarlikdan ziyod shartnoma va bitimlarning imzolangani, birinchidan, Oʻzbekistonning iqtisodiy qudrati qay darajada yuksalayotganini koʻrsatdi, ikkinchidan, investorlarning davlatimiz siyostiga ishonchi mustahkamlanib borayotganini namoyon etdi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga amalga oshirgan tashrifining ahamiyatini yuksak baholab, quyidagi samimiy fikrlarni bildirdi: “Oxirgi ikki yilda Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni butunlay oʻzgartirib yubordik, mohiyatan ularni yangidan yoʻlga qoʻydik. Shu vaqt ichida amalga oshirgan ishlarimiz oʻtgan 25 yil davomida qilinganidan ham ortiq boʻldi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?