Senat Raisi: Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylanishi nafaqat sharaf, balki juda katta masʼuliyat hamdir

12:15 21 Oktyabr 2020 Siyosat
158 0

Xabar berilganidek, bugun Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda. Unda parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasiga toʻxtalib oʻtdi.

– Ogʻir sharoit boʻlishiga qaramasdan hududlarimizni obod qilish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Birgina Sardobadagi bunyodkorlik ishlarining oʻziyoq, mamlakatimizda inson manfaatlari har narsadan ustun ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas! Fuqarolarimizda islohotlarga daxldorlik hissi oshmoqda. Bugun ular eʼtiroflarini ham, eʼtirozlarini ham dadil turib aytmoqda. Yurtimizda inson va uning huquqlari haqiqiy maʼnoda oliy qadriyat darajasiga koʻtarilmoqda. Bunday oʻzgarish va yangilanishlar dunyo miqyosida eʼtirof etilmoqda.

Yaqinda Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli tuzilmalaridan biri – Inson huquqlari boʻyicha kengashga aʼzo etib saylangani ham dunyo hamjamiyatining yurtimizdagi islohotlarga boʻlgan ishonchi va yuksak eʼtirofidan darak beradi. Fursatdan foydalanib, butun xalqimizni ushbu tarixiy voqea bilan samimiy muborakbod etaman.

Bunday yuksak eʼtirofga sazovor boʻlishimiz, hech shubhasiz, soʻnggi toʻrt yil mobaynida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan va bugungi kunda shiddat bilan davom etayotgan ochiq va pragmatik siyosat mahsulidir.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylanishi nafaqat sharaf, balki juda katta masʼuliyat hamdir. Tabiiyki, endilikda vazifalar ham, talablar ham boshqacha boʻladi.

Shunday ekan, inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarimizni izchillik bilan davom ettirishimiz, yangi, konstruktiv gʻoya va tashabbuslarni ilgari surishimiz, xalqaro standartlarga mos ravishda qonunchiligimizni takomillashtirishimiz lozim. Bu esa parlament zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Shuningdek, Senat Raisi oʻz nutqida hozirda Oliy Majlis palatalari hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi hamkorligida Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzoligi davrida amalga oshiriladigan harakatlar rejasi ishlab chiqilayotganini ham bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?