Senat Raisi maktab darsliklarini taʼlim standartlari va dasturlar asosida tayyorlash, chop etish va tarqatishdagi jiddiy kamchiliklar, xatolar va boshqa mavhumliklar haqida gapirdi

10:53 28 Fevral 2019 Siyosat
527 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”/ Munisxon Karimova. Oliy Majlis Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev oʻz kirish soʻzida taʼlim, xususan, darsliklar va ularni tayyorlash jarayonidagi ogʻriqli muammolar haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

“Sizlarga yaxshi maʼlum, har qanday millat va mamlakat tamaddunining ibtidosi taʼlim, yana ham aniqroq aytsak, maktabdir.

Shu bois davlat ijtimoiy sohalar ichida maktab taʼlimiga alohida eʼtibor qaratadi.

Zotan, aynan maktab millat istiqbolining beshigidir va unda yurtning kelajagi voyaga yetadi.

Oʻzbekiston davlat byudjetining xarajatlarida umumtaʼlim sohasi yetakchi oʻrinni egallab kelayotganini ham, avvalo, ana shu jihat bilan izohlash mumkin.

Biroq tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, maktablarning moddiy-texnika bazasi, soha xodimlari uchun shart-sharoitlar kundan-kunga yaxshilanib borayotgan bir sharoitda taʼlim sifati va natijadorlik kutilganidek emas.

Buning asosiy sabablaridan biri — maktab darsliklarini taʼlim standartlari va dasturlar asosida tayyorlash, chop etish va tarqatishda yoʻl qoʻyilayotgan jiddiy kamchiliklar, xatolar va boshqa mavhumliklarda, deb bilamiz.

Eʼtibor bering: soʻnggi uch yilda Davlat byudjeti va maqsadli kitob jamgʻarmasining qariyb 307 mlrd. soʻm mablagʻi evaziga 98 mln. nusxadan ortiq darsliklar chop etilgan.

Ammo ularni yaratishga oid mukammal huquqiy asoslar shu paytga qadar toʻliq shakllanmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi 548-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Darsliklarni ishlab chiqish uchun mualliflar tarkibini tanlab olish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda esa, darsliklar loyihasini tegishli fan oʻquv dasturlari asosida ishlab chiqish, ekspertlar guruhi tomonidan bu loyihalarni qanday mezonlar asosida baholash tartibi belgilanmagan.

Oqibatda, ilk bosqichdayoq darsliklar oʻquv dasturlariga muvofiq tayyorlanmagan.

Buning ustiga, Hukumatning ushbu qaroriga muvofiq, darsliklarni tanlab olish boʻyicha komissiyaga kelib tushgan darsliklarni koʻrib chiqish va baholash toʻgʻrisidagi axborot sir saqlanishi belgilab qoʻyilgan.

Bu esa, darsliklar loyihalarini shaffof baholash,ular yuzasidan keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, oʻqituvchilarning, ota-onalarning, tegishli ekspert va boshqa mutaxassislarning haqqoniy, xolis munosabatini bilish imkonini deyarli yoʻqqa chiqargan.

Vafot etgan mualliflarning darsliklarini qayta nashr qilish tartibi ham aniq belgilanmagan. Oqibatda darsliklar qator oʻzgartirishlar bilan marhumlar nomidan chop etilmoqda.

Masalan, 7-sinf “Oʻzbekiston tarixi” darsligining muallifi A. Muhammadjonov 2016 yilda vafot etgan. Biroq, uning darsligidagi barcha mavzular qayta ishlangan, 6 ta mavzu yangidan yozilgan va darslik 2017 yilda marhum muallif nomidan qayta nashr etilgan.

Darsliklarning tender savdolari orqali gʻolib boʻlgan turli nashriyotlarda nashr etilishi oʻquv materialining uzviyligi, uygʻunligi va izchilligini, shuningdek, predmetlararo aloqaning bogʻliqligini taʼminlashga toʻsiq boʻlmoqda.

Darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumliklar va nomuvofiqliklar koʻpayib ketganligi oʻqituvchi va oʻquvchilarni chalgʻitmoqda.

Jumladan, 8-sinf “Oʻzbekiston tarixi” darsligining 21-mavzusida Xiva xonligida hunarmandchilikning 27 sohasi mavjud boʻlgani haqida yozilsa, shu darslikning 24-mavzusida mazkur xonlikda hunarmandchilikning 50 dan ortiq turi mavjud, deb maʼlumot berilgan.

8-sinf “Jahon tarixi” darsligining 12-mavzusida Angliyada monarxiyaning qayta tiklanish davri deb 1660 yil koʻrsatilgan boʻlsa, aynan shu darslik oxirida keltirilgan muhim tarixiy sanalarda bu davr 1688 yil, deb koʻrsatilgan.

Bunday misollarni boshqa fanlar boʻyicha darsliklarda ham koʻplab uchratish mumkin.

Shuni ham qayd etish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2017yil 6 apreldagi 187-sonli qarori talablariga zid ravishda umumiy oʻrta taʼlimning oʻquv dasturi tayanch oʻquv rejaga nomuvofiq tarzda va amaliyot bilan bogʻlanmagan holda ishlab chiqilgan.

Masalan, 1-sinf “Yozuv daftari”da ayrim harflar “Alifbe” darsligida oʻtiladigan vaqtga toʻgʻri kelmaydi.

3-sinf “Ona tili” darsligini bolalar oʻquv yili tugamasidan ancha oldin oʻqib boʻlmoqda.

10-sinf “Biologiya” darsligining kamida 12 soatlik darslarda oʻqitilishi lozim boʻlgan butun boshli boblar bitta 45 daqiqali darsda oʻtilmoqda.

Aksariyat hollarda, darsliklar nazariyotchi olimlar tomonidan amaliyotdan yiroq holda yaratilmoqda. Ushbu jarayonga tajribali maktab oʻqituvchilari yetarli darajada jalb etilmayapti.

Oqibatda nazariyaga ortiqcha “botib” ketgan ayrim mavzular va topshiriqlar oʻquvchilar yoshiga nisbatan oʻta murakkab tarzda bayon etilmoqda, ularni oʻzlashtirish gʻoyat ogʻir yoki amalda umuman mumkin emas.

Masalan, 1-sinf oʻquvchilariga ilk oʻquv yilining boshidanoq turli harflardan iborat soʻzlarni topish mashqlari berilgan.

Oqibatda murgʻak bola hali tanimagan harfini yozishga, ulardan yozma soʻz tuzishga “majburlanmoqda”.

3-sinf “Matematika” darsligining 70-betida, qavsdan chiqarish amallari oʻrgatilmagan boʻlsa-da, 9 yoshli bolaga qoʻsh qavsli murakkab tenglamani yechish topshirigʻi berilgan.

Bunday misollarni 3-sinf matematika, 5-sinf geografiya va 7-sinf “Fizika” fanlari boʻyicha darsliklardagi murakkab topshiriqlardan ham keltirish mumkin.

Koʻp hollarda, darsliklar faqat bir muallif tomonidan yaratilayotgani ham ularning sifati va mazmuniga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bugun umumtaʼlim maktablarida oʻqitilayotgan 19 ta darslik yakka mualliflar tomonidan yaratilgan.

Har bir darslik boʻyicha tajribali, yetarli ilmiy-amaliy va pedagogik salohiyatga ega boʻlgan mualliflar jamoasi shakllantirilmagan.

Hattoki, ayrim darsliklar boʻyicha Nizom talablariga zid ravishda Ilmiy-metodik kengash aʼzolaridan kamida uchta taqriz olinmayapti.

Bundan tashqari, darsliklar loyihalari Ilmiy-metodik kengash tomonidan chuqur tahlillar asosida jiddiy muhokama qilinmayapti”.

Senat yalpi majlisini saytimiz orqali onlayn tarzda yoritib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?