Senat Raisi: Hukumat darajasida hal etiladigan masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tahliliy maʼlumotlar va takliflarni kiritdik

11:03 11 Oktyabr 2019 Siyosat
118 0

Rahim Sherqulov. Onlayn. Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Senat Raisi T. Noboyeva mamlakatimizning barqaror taraqqiyot yoʻlidagi odimlari, xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi yuksalib borayotgani, aholi farovonligining muttasil oshayotgani jahon jamoatchiligi tomonidan samimiy eʼtirof etilayotgani haqida fikrlarini bildirib oʻtdi.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasida boʻlib oʻtgan Yoshlar uchun mehnat sohasidagi kelajak: yoshlar bandligini targʻib qilish boʻyicha strategik hamkorlik mavzusida oʻtkazilgan kengash doirasidagi muloqotlar davomida nufuzli xalqaro tashkilotlar va davlat vakillari Oʻzbekiston Prezidentining yangi tashabbuslari, jumladan beshta muhim tashabbus doirasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, mamlakatimizda gender tenglikni hamda onalar va bolalar muhofazasini taʼminlash borasidagi yangicha yondashuvlar jahon jamoatchiligi eʼtibori va eʼtirofida ekanligi qayd etildi.

Ayni paytda Oʻzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berish boʻyicha tashlagan amaliy qadamlari keyingi yillardagi olamshumul yangilik sifatida baholandi.

Senat Raisi fuqarolar bilan bevosita muloqotlar davomida jamiyatdagi dolzarb masalalar va muammolar koʻtarilayotgani, ana shu muammolarni kompleks hal etishga xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilishga eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.

“Biz yaqinda barcha hududlarda tadbirkorlik rivoji, aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal etish borasida olib borilayotgan ishlarni oʻrganib, natijalarni viloyatlar Kengashlari sessiyalarida muhokama qildik.

Hududning oʻzida hal etish mumkin boʻlgan masalalarni aniqlab, ularning yechimi boʻyicha aniq choralarni belgiladik, bu borada nazoratni taʼminlash boʻyicha joylardagi senatorlarga qatʼiy koʻrsatma berdik.

Ayni paytda Hukumat darajasida hal etiladigan masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tahliliy maʼlumotlar va takliflarni kiritdik” dedi u oʻz nutqida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?