Senat Raisi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda ayollar faolligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

03:56 23 May 2020 Siyosat
94 0

2020-yil 22-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva BMT-ayollar tuzilmasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro videokonferensiyada ishtirok etdi.

Mazkur tashkilotning mintaqalardagi muvofiqlashtiruvchilari, 10 dan ortiq mamlakatning vakillari yuksak saviyadagi muloqot ishtirokchilari boʻldilar. Ular dunyoning turli mintaqalarida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida soʻzlab berdilar.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, pandemiya dunyoning deyarli barcha mintaqalarida gender muammolarni jiddiylashtirdi. Xotin-qizlarning iqtisodiy holati yomonlashib borayotgani, ayollarga nisbatan uy sharoitida zoʻravonlik va kamsitishning turli shakllari koʻpayayotgani bilan bogʻliq masalalar nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlarni, balki jahonning eng rivojlangan mamlakatlarini ham tashvishga soldi. Shu munosabat bilan pandemiya tufayli kelib chiqqan bunday muammolarga eʼtibor qaratish alohida ahamiyat kasb etdi, bu esa shu kabi uchrashuvlar oʻtkazish uchun asos boʻldi.

Onlayn konferensiyada Senat Raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqdi va ishtirokchilarni koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan milliy dastur amalga oshirilayotgani, pandemiya davrida aholini va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqirozga qarshi choralar, shuningdek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularga har tomonlama yordam koʻrsatish boʻyicha qabul qilinayotgan amaliy chora-tadbirlar haqida xabardor qildi. Xususan, taʼkidlanganidek, mamlakatimizda Respublika maxsus komissiyasi va Inqirozga qarshi jamgʻarma tuzildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining aholini va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga, tadbirkorlarga imtiyoz va preferensiyalar berishga qaratilgan 12 ta farmoni va qarori qabul qilindi. Xalqimizning eng yaxshi fazilatlari, oʻzaro yordam va gʻamxoʻrlik koʻrsatishga intilishi “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida oʻz aksini topdi. Davlat koronavirusga chalinganlarni bepul testdan oʻtkazish, davolash va reabilitatsiya qilishni oʻz zimmasiga toʻliq olganligiga alohida urgʻu berildi. Aynan qatʼiy va taʼsirchan choralar tufayli vaziyat qisqa muddatda nazoratga olindi va kasallanganlarning 80 foizidan ziyodining sogʻligʻini tiklashga muvaffaq boʻlindi.

Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash komissiyasi ishlariga alohida eʼtibor qaratdi. Taʼkidlanganidek, karantin davrida Oʻzbekiston xotin-qizlari yolgʻizlatib qoʻyilmadi. Bandlikni taʼminlash va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, bolali ayollarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha milliy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, nafaqa oluvchilar toifasi hamda sonini oshirish pandemiya davrida Oʻzbekiston Respublikasining bosh ustuvorligi boʻldi. Uydagi zoʻravonlikning oldini olish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu maʼnoda videokonferensiya ishtirokchilari Oʻzbekistonda soʻnggi uch yilda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan qator qonun hujjatlari qabul qilingani haqida xabardor qilindi. Himoya orderi toʻgʻrisida nizom qabul qilindi. Karantin davrida tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarning murojaatlari asosida ichki ishlar organlari tomonidan 375 ta himoya orderi rasmiylashtirildi.

Konferensiyada Avlodlar tengligi forumi va Harakatlar koalitsiyasi forumi tomonidan ishlab chiqilayotgan 2030-yilgacha gender tenglikni taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” xususida Oʻzbekiston tomonining takliflari bildirildi. Xususan, pandemiya takrorlanishining oldini olish boʻyicha xalqaro darajada choralar koʻrish taklif etildi. Uyda ayollarga nisbatan zoʻravonlik va kamsitishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan muntazam tajriba almashish zarurligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, xotin-qizlarning, ayniqsa qishloq joylardagi xotin-qizlarning bandligini va oʻzini oʻzi band qilishni taʼminlash sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash dasturlarini ishlab chiqish muhimligiga urgʻu berildi. Bundan tashqari, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish sohasidagi chora-tadbirlarni BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish hamda joriy qilish, elektron savdo maydonchalarini yaratish dasturlarini tatbiq etish va ulardan fermer xoʻjaliklari hamda kichik korxonalarning rahbar-ayollari keng foydalanishini taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Videokonferensiyada BMT Bosh kotibi yordamchisi Asa Regner Oʻzbekistonning koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish milliy dasturining yuqori samaradorligini alohida taʼkidlab oʻtdi. “Oʻzbekiston rahbariyati puxta oʻylangan kompleks chora-tadbirlar tufayli imkon qadar qisqa muddatda koronavirus infeksiyasi tarqalishini toʻxtata oldi. Oʻzbekiston pandemiya davrida aholi va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha toʻgʻri va tibbiyot nuqtayi nazaridan asoslantirilgan inqirozga qarshi qarorlar qabul qildi”, – dedi Asa Regner.

Videokonferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?