Senat raisi BMT Taraqqiyot dasturi Doimiy vakili bilan uchrashdi

10:16 22 Avgust 2019 Jamiyat
74 0

2019-yil 21-avgust kuni Senatda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi doirasida BMT barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, parlamentarizmni mustahkamlash, xususan Senatda tuzilgan yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining salohiyatini oshirish boʻyicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, BMT Taraqqiyot dasturi kichik va oʻrta biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda hukumatni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faoliyat olib bormoqda hamda gender tenglik masalalarni hal qilishga oʻzining munosib hissasini qoʻshmoqda.

Senat va BMT Taraqqiyot dasturi oʻrtasida Oʻzbekiston xotin-qizlarining davlat boshqaruvidagi rolini oshirish masalalarida hamkorlik qilish – uchrashuvda koʻtarilgan mavzulardan biri boʻldi.

Qayd etilganidek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada yuksaltirish, ularning ilmiy, tashkiliy va ijodiy salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish turli sohalarda islohotlarni ilgari surishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq takliflar bildirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?