Senat Raisi: “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun yurtimizning energetik salohiyatini yuksaltirish yoʻlidagi ulkan qadamdir”

11:00 23 Avgust 2019 Siyosat
128 0

Senat yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva bugun davrning oʻzi, mamlakatimizda kechayotgan islohotlar shiddati bizning oldimizga yanada masʼuliyatli vazifalarni qoʻyayotgani taʼkidlab oʻtdi.

“Bu vazifalar ijrosi tezkorlik talab etishi bilan birga, qonuniylik va adolat ustuvorligiga soʻzsiz amal qilishni ham taqozo etadi.

Turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan va mamlakatimiz obroʻsiga putur yetkazayotgan axborot hamda u bilan bogʻliq xurujlarning sabablaridan biri ham baʼzi hollarda qonunlardagi qatʼiy normalarga eʼtiborsiz yondashuvning oqibatidir.

Oʻz navbatida, bugungi yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan qonunlar va boshqa dolzarb masalalar mavjud muammolarning yechimini topish, har bir sohada qonuniylikni soʻzsiz taʼminlashga xizmat qiladi.

Jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar ayollarimizning baxtli hayotini toʻliq kafolatlashning muhim omillaridan boʻladi.

“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun esa yurtimizning energetik salohiyatini yuksaltirish yoʻlidagi ulkan qadamdir.

Ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq, davlat boshqaruvi va boshqa sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarni takomillashtirishga qaratilgan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlar, nazorat faoliyatimizga doir masalalarga ham shu nuqtayi nazardan baho berish mumkin.

Mazkur masalalarning gʻoyat dolzarbligini inobatga olib, Sizlarni ular yuzasidan muhokamalarda faol ishtirok etishga chaqiraman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?