Senat raisi AQSHning Oʻzbekistondagi yangi elchisini qabul qildi

14:51 19 Iyun 2019 Jamiyat
172 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bugun 19-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshevning AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elichisi Daniyel Rozenblyum bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Xalq soʻzi“ muxbiri xabar bermoqda.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida oʻzaro foydali hamda koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.

Ikki tomonlama munosabatlar yuqori darajaga koʻtarilgani va hozirda qizgʻin rivojlanayotgani, bunga ikki davlat prezidentlarining qatʼiyligi hamda pragmatik siyosati sabab boʻlgani qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, bu yoʻnalishdagi oʻzaro munosabatlarni kuchaytirishning yangi shakllari va mexanizmlarini izlash zarurligini alohida taʼkidladilar. “Ochiq dunyo” dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilgani qayd etildi. Bu dastur doirasida Oʻzbekiston parlamenti xodimlari va aʼzolari har yili AQSH parlamentiga tashrif buyurib, uning qonun ijodkorligi faoliyatini, parlament nazorati amaliyotini oʻrganadi. Joriy yilda AQSH Kongressi aʼzolarining mamlakatimizga tashrifi ham nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston va AQSH prezidentlarining Qoʻshma bayonotida qayd etilganidek, mamlakatlarimiz strategik hamkorlikning yangi davriga qadam qoʻydi. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor. Bunda iqtisodiyotimizni modernizatsiyalash, innovatsion taraqqiyot modeliga oʻtish uchun AQSH investitsiyalarini, zamonaviy texnologiyalarini jalb qilish va ilgʻor bilimlaridan foydalanish Oʻzbekiston uchun eng muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonda biznesning yoʻlga qoʻyilishi AQSH kompaniyalariga nafaqat Markaziy Osiyo va Afgʻoniston bozorlariga, balki Oʻzbekiston erkin savdo zonasi toʻgʻrisida ikki tomonlama bitimlar tuzgan MDH mamlakatlari bozorlariga chiqish yoʻllarini ochishiga urgʻu berildi.

Uchrashuv davomida oʻzaro qiziqish uygʻotgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?