Senat qoʻmitasining turizm masalasidagi majlisi ochiq osmon ostida oʻtkazildi

14:44 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
103 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisi Sirdaryo boʻyidagi “Barxan” dam olish maskanida boʻlib oʻtdi. Unda Sirdaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 2019-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobot eshitildi.

Majlisda shuningdek,Sirdaryo viloyati misolida turistlar oqimi past boʻlgan hududlarning turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida fikr yuritildi.

Shu maʼnoda aytish lozimki, garchi Sirdaryo viloyatida tarixiy qadamjolar kam boʻlsa-da, unda hozir mahalliy va xorijiy sayyohlarni tobora koʻproq jalb etayotgan ekoturizmni keng yoʻlga qoʻyish imkoniyati mavjud. Yaʼni viloyat hududining katta qismidan Markaziy Osiyoning eng ulkan daryolaridan biri- Sirdaryo oqib oʻtadi. Qolaversa, uning mamlakatimiz markazida hamda yirik transport-kommunikatsiya tarmoqlari boʻyida joylashganligi ham bu borada barcha qulayliklarga egaligini bildiradi. Eʼtiborlisi, viloyatda ushbu yoʻnalishdagi ishlarga izchil kirishilgan. Xususan, 2019-yil birinchi yarim yilligida 3 ta oilaviy mehmon uyi, 5 ta restoran va kafe hamda turoperatorlik subyektlari tashkil etildi, shuningdek, turistik toifadagi mikroavtobus hamda elektromobillar qatnovi yoʻlga qoʻyildi.

Majlisda yana Guliston temir yoʻl vokzali hamda “Shohruh” mehmonxonasi hududida turizm axborot markazlarining faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi, viloyat markazida Wi-Fi zonalari tashkil qilingani ham aytildi.

Yana bir jihat - “Sharq ekzotikasi”manzillarini koʻpaytirish va rivojlantirish ham qoʻmita majlisidagi ustuvor masalalardan biri boʻldi. Masalan, viloyatdan oʻtuvchi magistral avtoyoʻllar tegrasida “Oʻtovlar shaharchasi” paydo boʻlayotganligi, ularda tuya suti va esdalik sovgʻalar sotuvi yoʻlga qoʻyilayotganligi ayni vazifa ijrosidagi istiqbolli loyihalardir.

Qoʻmita majlisida viloyatning turizm salohiyatini rivojlantirishda mavjud muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan zarur takliflar bildirildi.

Koʻrilgan masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi hamda viloyatning diqqatga sazovor joylariga media-tur tashkil etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?