Senat qoʻmitalari majlislarida qator masalalar muhokama qilindi

23:27 07 May 2020 Siyosat
532 0

2020-yil 7-may kuni Oliy Majlis Senati qoʻmitalarining videokonferensaloqa shaklida majlislari boʻlib oʻtdi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Dastlab Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda yer uchastkalari olib qoʻyilishida qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etmaslik holatlari uchramoqda. Shu jihatdan mazkur Qonun yer uchastkasini olib qoʻyish tartibiga rioya etmaganlik hamda buning oqibatida mulkdorlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Soʻngra “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi. Mazkur Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga mamlakatimizning jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi shaxsni tajovuzlardan muhofaza qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tuzatishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning va Bosh prokurorning 2019-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti eshitilib, atroflicha muhokama qilindi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisida “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi”gi Qonun muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ushbu Qonun Prezidentimizning karantin paytida qabul qilingan tegishli farmon va qarorlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Mazkur Qonun pandemiya davrida Davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash va ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda xarajatlarni optimallashtirishga qaratilgan.

Navbatdagi koʻrib chiqilgan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda koʻchmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilinmoqda. Ayrim davlat boshqaruvi organlarining davlat manfaatlarini koʻzlab sudlarga arizalari boʻyicha davlat bojidan ozod qilinishi koʻzda tutilgan. Majlisda ushbu Qonunning boshqa jihatlari borasida atroflicha soʻz yuritildi.

Shuningdek, Hisob palatasi va Markaziy bankining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari ham muhokama etildi.

Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi masalasi koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman va shahar Kengashlari Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida “kuzatuvchi davlat” maqomi sifatida ishtirok etish taklifi atroflicha muhokama qilinib, qoʻllab-quvvatlangan. Shuningdek, majlisda ushbu masalaning boshqa jihatlariga ham urgʻu berildi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisida “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Taʼkidlanganidek, mazkur qonunning maʼqullanishi propiska tizimida samarali va toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladigan qonunchilik bazasini yaratish, fuqarolik sohasidagi maʼmuriy tartib-taomillarni yana-da soddalashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga koʻchish borasidagi huquq va erkinliklarini taʼminlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan hujjat bilan kiritilayotgan normalar tahliliy jihatdan muhokama qilindi.

Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida boʻldi. Bundan tashqari boshqa masalalar yuzasidan ham mulohazalar bildirildi.

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni borasida batafsil soʻz yuritildi. Shuningdek, “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni ham dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida “Salomatlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi hamda “Sogʻlom turmush” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari koʻrib chiqildi. Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir vaqtda mamlakatimizda, ayniqsa, sogʻliqni saqlash masalalariga ustuvor eʼtibor qaratilgani, inson salomatligi, barkamol avlod tarbiyasida sogʻlom turmush tarzini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar oʻz samarasini bermoqda.

Fidoyi shifokorlarimiz, saxovatpesha hamyurtlarimiz, karantin sharoitida bir tanu bir jonga aylangan xalqimiz matonati bilan mamlakatimizda epidemiyani jilovlashga muvaffaq boʻlinmoqda. Shu munosabat bilan “Salomatlik” ordenini taʼsis etishni davrning oʻzi taqozo etayotganligiga majlisda alohida urgʻu berildi.

Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi majlisida toʻrtinchi yalpi majlisda koʻrib chiqilishi koʻzda tutilgan masalalar boʻyicha fikr-mulohazalar va tegishli takliflar bildirildi.

Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi majlisida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati borasida viloyatlarda olib borilayotgan ishlar, deputatlik nazorati, pandemiya davrida deputatlarning faolligini oshirish, namunali Kengashlarda sessiyalar oʻtkazish masalalari batafsil koʻrib chiqildi.

Bunda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich bekor qilish belgilangan sohalarda sanitariya qoidalariga qatʼiy rioya qilish yuzasidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, karantin talablari asosida faoliyatini qayta tiklash istagidagi tadbirkorlar tomonidan tegishli talablar bajarilganligini toʻgʻrisidagi xulosalarni mahalliy Kengashlar tomonidan koʻrib chiqish va ularning muammolarini hal qilish kabi masalalarga urgʻu berildi.

Majlislarda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitalar va komissiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?