Senat “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunni maʼqulladi

14:35 21 Iyun 2019 Siyosat
417 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi“. Oliy Majlis Senatida yigirmanchi yalpi majlis kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz ishini davom ettirmoqda.

Parlament aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar. Qonunda Hisob palatasining davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi sifatida huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda.

Davlat byudjeti loyihasi parametrlarini shakllantirishni tizimli tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligi auditini amalga oshirish, shuningdek byudjet mablagʻlari tushumlarining toʻliqligini oʻrganish hamda nazorat qilish, Davlat byudjeti daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish, amalga oshirilayotgan byudjet xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan oʻtkazish, bu xarajatlarni kamaytirish imkoniyatlarini aniqlash Hisob palatasining asosiy vazifalari hisoblanadi.

Bundan tashqari, Hisob palatasi byudjet mablagʻlari va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini baholaydisoliq, bojxona va byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, byudjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar kiritadi, respublika byudjeti hamda mahalliy byudjetlar oʻrtasidagi nisbatning maqbulligini baholaydi, Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qiladi, pul-kredit va valyuta siyosatini, mamlakat aktivlari hamda majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralarining boshqarilishini, shuningdek qimmatbaho metallar va toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan oʻtkazadi.

Hisob palatasi faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik va shaffoflikdan iboratdir. Bundan tashqari, Qonun normalarida Hisob palatasining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi mexanizmlari belgilanmoqda, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish, mansabdor shaxslarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish masalalari, shu jumladan Hisob palatasi xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlari, Hisob palatasi mansabdor shaxslarini moddiy va ijtimoiy taʼminlash, Hisob palatasini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari tartibga solinmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?