Senat Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi

18:10 13 Iyul 2020 Siyosat
437 0

Bugun, 13-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining videokonferensiya tizimi orqali majlisi boʻlib oʻtdi.

Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartishlar kiritish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyotining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari, erta turmush va erta tugʻruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.

Majlisda Senat Kengashi tomonidan R.A.Maxmudovani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga saylash va uni Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi lavozimidan ozod etish, qolaversa, B.A.Tangabayev va I.M.Alimovni Oliy sud sudyaligiga saylash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Kun tartibidan oʻrin olgan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyotining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi masala ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan davr mobaynida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, qolaversa, sud hokimiyatining ochiqligi masalasida ham bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

Maʼlumki, qonun hujjatlarida tegishli sud raislari tomonidan mahalliy Kengashlarga axborot taqdim etib borish nazarda tutilgan. Bir oyda kamida bir marta joylarda sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish hamda jamoatchilikni sudning faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borish tartibi joriy etildi. Bu esa fuqarolarga xalq vakillari orqali oʻz hududidagi sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishish, sudlar amaliyoti holati haqida maʼlumot olish imkonini berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilning oʻzida sud raislarining 900 ta axboroti eshitilgan. Mazkur amaliyot hozirgi kunda ham davom etib kelmoqda.

Biroq shu kunga qadar mahalliy Kengashlarda sudlarning axborotlarini eshitish natijasida hududlarda u yoki bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha aniq choralar belgilanmagan.

Oliy Majlis palatalari tomonidan jamoatchilikning sud-huquq tizimidagi islohotlarga nisbatan munosabatini oʻrganish maqsadida hududlarda sudyalar, advokatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va aholi bilan oʻtkazilgan uchrashuv va suhbatlar jarayonida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar tahlili ham xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyotining samaradorligini oshirish zarurati mavjudligini koʻrsatdi.

Shuningdek, axborotni eshitish davomida maʼlumot uchun qabul qilish bilan cheklanmasdan, unda koʻrsatilgan statistik, tahliliy maʼlumotlar asosida mahalliy Kengash oʻz faoliyatini rejalashtirishi, deputatlik nazoratining muhim yoʻnalishlarini belgilab olishi zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, majlisda erta turmush va erta tugʻruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi masala ham muhokama markazida boʻldi.

Qayd etilganidek, oʻtgan yillarda mamlakatimizda “Sogʻlom ona – sogʻlom bola” konsepsiyasi ishlab chiqilib, onalik va bolalikni muhofaza qilishning milliy modeli yaratilgan.

Olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida qizlarni erta turmushga berish bilan bogʻliq vaziyat soʻnggi ikki yilda ijobiy tomonga oʻzgargan.

Soʻnggi yillarda 18 yoshga toʻlmagan qizlar orasida erta tugʻruq holatlari ham kamayib, 2018-yilda bunday salbiy holatlar 1,5 mingdan ziyod boʻlgan, 2019-yilda esa bu koʻrsatkich 1,2 mingtani tashkil etgan. Joriy yilning birinchi choragida 231 ta erta tugʻruq holatlari qayd etilgan.

Olib borilayotgan ishlarga qaramay, bu borada qator muammolar mavjudligiga urgʻu berildi. Tahlillarga koʻra, ushbu muammoga, avvalo, aholining huquqiy savodxonligi va tibbiy madaniyatining yetarli emasligi sabab boʻlmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan qizlar, ayniqsa 13-14 yoshli qizlar orasida erta tugʻruq holatlarining koʻpayib borayotgani tashvishli holdir.

Erta homiladorlik va tugʻuruq holatlari kuzatilgan oʻquvchi qizlarning qariyb yarmi ota yoki onasiz oilalarda yashayotganligi aniqlangan. Shuningdek, oiladagi yetishmovchilik, ota-onalarning ishsizligi yoki kam daromad topishi ham qizlar tarbiyasiga salbiy taʼsir qilmoqda.

Yana bir jihat. Erta va istalmagan tugʻruq holatlari, yoshlarning oilaviy munosabatlarga tayyor emasligi, oiladagi ijtimoiy-maʼnaviy beqarorlik kabi sabablar chaqaloqlar savdosi jinoyatini ham keltirib chiqarmoqda.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida Senat Kengashi qarori bilan erta turmush va erta tugʻruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish boʻyicha 2020–2021-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?