Senat aholini tabiiy gaz bilan taʼminlash jarayonidagi muammolar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi kiritdi

17:11 30 Noyabr 2019 Siyosat
267 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Mamlakatimizda yoqilgʻi-energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda texnologik qayta jihozlash, tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida shartnoma majburiyatlariga soʻzsiz rioya etishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sohani tartibga solish borasida prezident va Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi.

Senat aʼzolari tomonidan haqiqiy ahvol bilan tanishish maqsadida hududlarda aholi bilan muloqotlar olib bormoqda.

Muloqotlar davomida fuqarolarni qiynayotgan asosiy masalalardan biri ularni tabiiy gaz bilan taʼminlashdagi yillab qilayotgan murojaatlari samarasiz qolayotganidan shikoyat qilishmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bundan tashqari, 2019-yilning oʻtgan davri mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga, aynan aholi va tadbirkorlik subyektlarini, maktabgacha taʼlim va boshqa taʼlim muassasalarini tabiiy gaz bilan taʼminlash masalalariga oid 100 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Ushbu murojaatlarda fuqarolar belgilangan tartibda ogohlantirilmasdan tabiiy gaz tarmogʻidan uzib ketilayotganligi, gaz quvurlari (ayrim holatlarda aholi mablagʻlari hisobiga tortilgan quvurlar) hudud gaz taʼminoti korxonalari xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda olib oʻzlashtirilayotgani, tabiiy gaz tarmogʻidan uzishdagi noxolisliklar, tabiiy gazni qayta ulab berishni soʻrab qilinayotgan murojaatlar eʼtiborsiz qolayotgani, suyultirilgan gaz bilan taʼminlashdagi muammolar koʻrsatilgan.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga asosan deyarli respublikamizning barcha fuqarolari bilan tabiiy gaz yetkazib berish shartnomasi tuzilgan. Biroq, ushbu shartnoma shartlari aholi bilan oʻtkazilayotgan muloqotlarda mutasaddi idoralar tomonidan toʻlaqonli ijro etilmayotganligi aniqlanmoqda.

Bu oʻz navbatida aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlib, mamlakatimizda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga farovon turmush kechirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchini susaytirmoqda.

Shu boisdan,“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asoslanib:

kelgusi yilgi tabiiy gaz isteʼmolining prognoz koʻrsatkichlarini ishlab chiqishda aholini real ehtiyojlarini aniqlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar;

tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalarini tuzishda masʼul idoralar tomonidan tabiiy gazni uzatish va yetkazib berish imkoniyatlari tahlil qilinganligi;

kelgusi yil uchun aholiga tabiiy gaz resurslarining va gazni taqsimlashning tasdiqlangan balansiga muvofiq tabiiy gaz yetkazib berishning yillik va choraklik (qish davri uchun – oylar boʻyicha) hajmlari oʻz vaqtida taqdim etilayotganligi holati;

tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlanmagan xonadonlarni xatlovdan oʻtkazish va ularni gaz bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar;

mansabdor shaxslar va mutasaddi idoralar tomonidan alohida hudud va mahallarning gaz tarmogʻidan uzishda haqiqiy holatning inobatga olinayotganligi;

fuqarolar mablagʻlari hisobiga tortilgan gaz quvurlarining mansabdor shaxslar tomonidan oʻzlashtirilayotgani;

isteʼmolchilarni tabiiy gaz va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash va shartnoma shartlarini bajarmagan hududiy gaz tarmoqlari idoralariga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish;

aholi va tadbirkorlik subyektlarini oʻz vaqtida tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash imkoniyatlari toʻgʻrisida asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qoʻyilgan

PARLAMENT SOʻROVIni

Bosh vazir maslahatchisi‑energetika vaziri nomiga yuborish boʻyicha tayyorlangan Senat qarori loyihasini maʼqullandi va soʻrov yuborildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?