Insonlarning salomatligi muhimmi yoki sement? “Jizzax sement zavodi” faoliyatidan aholi nega norozi boʻlmoqda?

12:53 07 Sentyabr 2018 Jamiyat
1689 0
Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Bugun yurtimiz qurilishlar maydoniga aylangan. Mamlakatimizning qaysi hududiga bormang yirik bunyodkorlik ishlari ustidan chiqasiz. ushbu ezgu saʼy-harakatlardan koʻzlagan maqsad bitta — u ham boʻlsa xalqimiz turmush farovonligi oshirish.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Maʼlumki, har qanday qurilishni sementsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shundan ham keyingi yillarda mazkur muhim qurilish mahsulotini ishlab chiqarish borasida bir qator muhim loyihalar amalga oshirildi. Xususan, 2014 yilda Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati tarkibida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Jizzax sement zavodi” ish boshlashi bilan yurtimizda mazkur mahsulotni ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi. Bugungi kunda korxonada bir yilda 350 ming tonna oq va 760 ming tonna portland sement ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotning maʼlum qismi qismi qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda. Zavodda 400 nafardan ziyod hamyurtimizning bandligi taʼminlangan.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Mazkur zavod faoliyati va ishchi-xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida korxonaga ertalab soat 8:10da tashrif buyurdik. Ammo bizga rahbariyat yigʻilish oʻtkazayotgani va yigʻilish ikki-uch soat davom etishini maʼlum qilishib, kutib turishimizni bildirishdi.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Toʻgʻrisi korxona oldida bir soatdan ziyod kutib tura olmadik. Sababi zavoddan chiqayotgan ohak va tuproq kukuni miqdori shunchalik koʻp ediki, kaftingizni ochib tursangiz ikki daqiqaga bormay bir uyum ohak gili qoʻlingizda paydo boʻladi.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Shu bois fursatni boy bermay zavod atrofida yashayotgan aholining turmushi bilan tanishish maqsadida korxonaga yaqinida joylashgan Hamza qishlogʻiga bordik va odamlarni fikrlari bilan qiziqdik.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

— Zavod joriy yilning aprel oyidan boshlab mana shunday shu ahvolga tushib qoldi, oldin bunday emasdi, — deydi Hamza qishlogʻida yashovchi Hamida Normurodova. — Har kuni ertalab soat 5-6 lardan boshlab ustimizga ohaktosh kukuni yogʻa boshlaydi va bu holat tushdan keyingi soat 16-17 larda kamaya boshlaydi. Biz bu vaqtda uydan chiqmaslikka harakat qilamiz. Baribir chang va kukun uy ichiga kirib ketadi. Bolalar bilan ogʻzimiz va burnimizni berkitib olamiz. Qishloqning deyarli barcha aholisi kasallikka chalingan. Ishonmasangiz barcha uylarga kirib chiqing. Har kuni shu changda 5-6 kilometr yurib aravada suv tashiymiz. Uyga olib kelgan suvimiz yuvinishimizga bazoʻr yetadi.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

— Men shu korxonada ekskavatorchi boʻlib ishlayman, — deydi oʻzini tanishtirishni istamagan yana bir shu qishloqda yashovchi fuqaro. — Hozir ish vaqti. Togʻda yuk ortishim kerak. Afsuski ishlay olmayman. Chang va ohak kukunini qarang ustingizdan chelak bilan quygandek boʻlyapti. Bu turishda ishlab boʻladimi. Shamol oʻz yoʻnalishini oʻzgartirsa shunda ish boshlaymiz. Korxona rahbariyatining bundan xabari bor. Tozalovchi filtr kuyganiga necha oylar boʻldi. Uni tuzatish borasida amaliy harakatlar qilinmayapti. Bundan esa nafaqat mahalliy aholi vakillari, balki atrof-muhitga ham jiddiy zarar yetmoqda.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida sement zavodiga qaytib kelib, rahbariyatning fikrini bilishga harakat qildik. Biroq, zavodga kirish va roʻyxatga olish boʻlimi xodimlari rahbariyat bizni qabul qilmasligi, bu masalaga javob bera olmasligini maʼlum qilishdi. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati rahbariyati ruxsat bersa, mazkur zavod rahbariyati javob berishini bildirishdi. Shu bois ushbu masalaga oydinlik kirita olmay orqaga qaytishga majbur boʻldik.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Yoʻlda choʻponlar, Oq-tom qishlogʻi aholisi bilan suhbatlashdik. Ularning aytishicha, keyingi besh oy davomida zavodda tozalash uskunalari ishlamasa-da zavod ishlab turgani uchun atrofdagi qishloqlar va choʻponlar juda katta zarar koʻrishmoqda. Xususan, qoʻylar ohak kukuni va sement tushgan oʻt-oʻlan va yantoqni yeyishi natijasida oʻtlab yurgan yoki gʻoʻrada oʻlib qolmoqda. Qishloqlarda badboʻy havodan nafas olishning imkoni boʻlmayapti. Poliz va boshqa ekinlar soʻlib qolmoqda.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

Korxona bir kecha-kunduzda toʻliq quvvat bilan ishlaganda havoga 10-12 tonna chiqindi chiqar ekan. Biroq bugungi kunda zavoddan bir kunda 200 tonnaga yaqin chiqindi havoga chiqib ketmoqda. Eng achinarli jihati, bu chiqindilar deyarli tayyor mahsulot boʻlib, bir qayta ishlansa tayyor sementga aylanadi. Bugungi kunda bir kilo sementning bozor narxi 850-900 soʻmni tashkil etmoqda. Demak, har kuni mazkur zavoddan 170-180 million soʻmlik mahsulot havoga uchib ketmoqda. Bu mahsulotlar uchun sarflangan elektr energiyasi, ishchi kuchi, fuqarolar salomatligi uchun kim javob beradi. Mazkur masalaga mutasaddilardan javob kutib qolamiz.
Tolibjon ERGASHЕV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?