Seldan jabrlangan qumqurg‘onliklarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi

14:46 22 May 2018 Jamiyat
446 0
Foto: fvv.uz

Shu yilning 18 may kuni soat 15.45 larda yoqqan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Qumqo‘rg‘on tumanining “Elobod”, “Azlarsoy”, “Yangishahar”, “Davlatsoy”, “Bog‘aro”, “Hurriyat”, “Oqtom”, “Ariqoshgan”, “ Tayfang”, “Navro‘z” mahallalari hududida turli darajadagi suv toshqini sodir bo‘ldi.

Qumqo‘rg‘on tuman hokimligida sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman hokimi rahbarligida tezkor shtab tashkil etildi. Shtab tarkibiga FVB, IIB, tuman kommunal xizmatlar va boshqa tegishli tegishli idoralar vakillari kiritilgan. IIB xodimlari jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash ishlariga safarbar etilgan.

“Surxondaryooziqovqat mahsulotlari”korxonasi tomonidan sel oqibatida zarar ko‘rgan “Elobod”, “Bagara”, “Azlarsoy” va “Yangi shahar” mahallalaridagi 124 ta xonadonga 124 qop un, 1240 kilogramm guruch, 620 litr paxta yog‘i, 600 kilogramm piyoz mahsulotlari yetkazib berildi.

Sel oqibatlarini bartaraf etishga safarbar qilingan texnikalarga “Termizneftbaza” MChJ Qumqo‘rg‘on filiali yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib bermoqda. Seldan zarar ko‘rgan hududlardagi 15,1 kilometr masofadagi gaz quvuri qayta montaj qilinib, 1647 ta aholi xonadonlari tabiiy gaz, 147 ta xonadon esa ichimlik suvi bilan ta’minlandi.”Qumqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi xodimlari yog‘ingarchiliklar natijasida M-41 ( Bishkek Dushanbe-Termiz) xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining 1535-1536 kilometrlari loyqa qoplab qolgan yo‘llarni tozalash ishlarini bajarishmoqda. 4R-104 ( Qumqo‘rg‘on—Kofrun-Boysun) davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘lining seldan zarar ko‘rgan 1-6 kilometri oralig‘ida ham loyqa qatlamni tozalash ishlari jadal olib borilayapti.

Tumanning “Bagara”, “Azlarsoy”, “Elobod” mahallalari hududidagi 5 kilometr masofadagi irrigatsiya tarmoqlari loyqadan tozalanmoqda. Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli tomonidan “Qumqo‘rg‘on—Quduqli” yo‘nalishi bo‘yicha seldan talofat ko‘rgan temir yo‘lning 6-9 kilometrlarida ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari xonadonlarni loyqadan tozalash ishlariga jalb etilgan. Tumanning “Yangi shahar” mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasidagi suvlarni tashib chiqarilmoqda. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga jamoat tashkilotlari jalb etildi. Aholi o‘rtasida qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q. Shifokorlar seldan talofat ko‘rgan mahallalar aholisi sog‘ligini uzluksiz ravishda nazorat qilib turishibdi.

Surxondaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherali Ernazarovning qayd etishicha, sel oqibatida mahallalardagi qator uylarga suv toshib kirdi, o‘z vaqtida olib borilgan tezkor-tashkiliy tadbirlar natijasida 3300 nafarga yaqin fuqarolar zudlik bilan yaqin qarindoshlarinikiga evakuatsiya qilindi. Qutqaruvchilar tomonidan “Elobod” mahallasining Chashka qishlog‘ida uylarida qolib ketgan 4 nafar qariya va 15 nafarga yaqin bolalar qutqarildi. Yuzaga kelgan sel oqibatlarini barataraf etish ishlariga 30 nafar FVB xodimlari va 6ta texnika jalb qilindi. Shu kunlarda Mudofaa vazirligi harbiy qismlari ham toshqin sodir bo‘lgan hududlardan aholining tovar moddiy boyliklarini olib chiqish, toshqinning salbiy oqibatlarini bartaraf etish va talofat ko‘rgan uylarni buzib olish ishlarini amalga oshirishmoqda.

Normurod TEMIROV
Surxondaryo viloyati bo‘yicha muxbirimiz

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?