Sektorlar ishidan aholi mamnunmi?

11:32 08 May 2018 Jamiyat
719 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolaridan iborat ishchi guruh hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ahvolini o‘rganish, tegishli dasturlar ijrosi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish maqsadida poytaxtimizning Mirobod tumanidagi sektorlar faoliyatini tahlil qilishda ana shu savolga javob izladi.

Parlament a’zolari o‘n kun davomida xonadonma-xonadon yurib, oilalar turmush tarzi bilan tanishdi, ularning real ehtiyojlariga qiziqdi. Tumandagi qator ijtimoiy soha ob’ektlari, 39 ta fuqarolar yig‘ini faoliyati o‘rganildi. Deputatlar va senatorlarga aholidan uy-joy, kommunal soha, transport xizmati hamda yo‘llar ahvoli, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik masalalarida 300 ta murojaat kelib tushdi. Ularning qariyb uchdan bir qismi joyida hal etildi.

Parlament nazorati natijalari umumlashtirilib, xalq deputatlari Mirobod tumani Kengashi sessiyasida davlat idoralari, mutasaddi tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ishtirokida batafsil muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, hokim, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi, soliq xizmati boshliqlari rahbarligida sektorlar tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Tahlillar joriy yilning birinchi choragida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, jumladan, sanoat mahsulotlari, chakana savdo va xizmatlar sohasida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilganini ko‘rsatdi. Hududiy eksport dasturi prognoz ko‘rsatkichi 177,6 foiz bajarilgan. Tumanda ishga tushirilgan 21 loyiha evaziga 119 ta ish o‘rni yaratilgan. Parlament a’zolari chet el investitsiyasini jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyat hamda zaxiralarni ishga solish, iqtisodiyotga innovatsion texnologiyalarni joriy qilishni kengaytirish zarurligini qayd etishdi.

Shu bilan birga, ta’lim tizimida muammolar borligi aniqlandi. Masalan, 16 ta maktabda 25 ming nafarga yaqin o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ayrim maktablarda me’yordan ko‘p o‘quvchilar tahsil olayotgan sinflar mavjud. Xususan, bitta sinfda o‘rtacha o‘quvchilar soni 40 va undan ko‘p o‘g‘il-qizlar bilim olayapti. Bular sanitariya normalari hamda ta’lim standartlariga to‘g‘ri kelmaydi. O‘qituvchilar mashg‘ulotlarni ikki smenada olib borishga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa ushbu maktablarda qo‘shimcha va to‘garak mashg‘ulotlarining sifatli tashkil qilinishiga salbiy ta’sir etayapti. Shuningdek, ikkinchi smenadagi o‘quvchilarning qatnashi uchun ham noqulayliklar tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, maktablarda boshqa jiddiy muammolar borligi ham ayon bo‘ldi. Misol uchun, 10-sinflar uchun algebra darsligining 2-qismi o‘quv yilining tugashi arafasida, ya’ni aprel oyining o‘rtalaridagina yetkazib berilgan.

Sessiyada bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tumanda hozirgi kunda bog‘cha yoshidagi bolalarning yarmidan ko‘prog‘i davlat, 800 nafarga yaqini esa xususiy maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan. Birgina joriy yilning aprel oyida jami 140 o‘rinli ikkita nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochilgan. Noyabr oyida esa jami 445 o‘rinli davlat hamda davlat — xususiy sherikchilik asosida nodavlat ta’lim muassasalari ochilishi rejalashtirilgan. Tumanda bog‘chalarda oshxonalarni, ovqat tayyorlash jarayonining barcha bosqichini kuzatib borish imkonini beradigan rakursda videokuzatuv kameralarini joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi ham oqsamoqda. Barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasasidan 8 tasida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, xolos. Sessiyada mazkur muammo bir oy ichida hal qilinishi va’da berildi.

Parlament a’zolari aholi bandligini ta’minlash masalasiga ham alohida urg‘u qaratishdi. 2017 yildan shu yilning aprel oyiga qadar o‘tkazilgan 18 ta mehnat yarmarkasida 188 ta korxona, tashkilotlar jami ikki mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashgan bo‘lsa-da, unda 3 ming nafardan ziyod ishsiz fuqarolar qatnashib, ularning 367 nafari bandligi ta’minlangan. Muhokamalarda mehnat yarmarkalari samaradorligini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Deputatlar hamda senatorlar tuman aholisi to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlanganini e’tirof etishdi. Bu respublika miqyosida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri. Shunga qaramasdan, iste’molchilarning suv hisoblagichlar bilan ta’minlanish darajasi 55 foizni ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, suvning real sarfini aniqlash imkonini bermasdan, aholi qarzdorligi o‘sishiga sabab bo‘layapti.

Parlament a’zolari tuman Kengashi faoliyati namunali tashkil qilinganini e’tirof etishdi. Joriy yil boshidan beri Kengashning 5 ta sessiyasi o‘tkazilib, ularda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid 30 ta masala ko‘rib chiqildi. Doimiy komissiyalar sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalarni dastlabki tarzda o‘rganib chiqmoqda. Bu ham sessiyalarda muhokamalar jonli o‘tishiga hamda amaliy va ta’sirchan qarorlar qabul qilinishiga zamin yaratayapti.

Parlament ishchi guruhi o‘rganishlaridan kelib chiqib, mavjud kamchilik va nuqsonlarni hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi, mas’ullar belgilandi. 
Xalq deputatlari Mirobod tumani Kengashi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N. Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi.
Qobil XIDIROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?