Sektorlar faoliyati kuchaytirildi

23:17 12 Fevral 2019 Jamiyat
630 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi ONLINE”

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida yoʻlga qoʻyilgan sektorlar faoliyati davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻlmoqda.

Ayni paytda aholining muammolarini joyida, tuman, viloyat va respublika darajasida hal etishni taʼminlashga qaratilgan yaxlit tizim yaratildi.

Hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari boshchilik qilayotgan sektorlar oʻz hududlarida barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni hal etish bilan bir qatorda, huquqbuzarliklar profilaktikasi, qonuniylikni mustahkamlash va huquq-tartibotni taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Ammo ayrim obyektiv va subyektiv omillar mazkur tizim samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Xususan, uchta sektor rahbari – prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari oʻz sektorida aniqlangan muammolarni hal etish, sektor shtabi faoliyatini tizimli asosda yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkilotlardan vakillarni jalb etish, faol ishlaganlarni ragʻbatlantirish boʻyicha zarur tashkiliy-huquqiy va moliyaviy vakolatlarga ega emas edi. Qolaversa, aniqlangan muammolarni respublika darajasida umumlashtirish, ularning hal etilishini nazorat qilish boʻyicha shaffof tizim yoʻlga qoʻyilmagandi.

Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda sektorlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 2019 yil 8 yanvarda davlatimiz rahbarining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror asosida sektorlar faoliyati uchun masʼul boʻlgan tuzilmalar, shu jumladan, ichki ishlar organlarining sektorlar boʻyicha faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi. Jumladan, sektorlar faoliyatiga “tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili joriy etildi. Unga koʻra, hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralarida sektorlar boʻyicha vertikal boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Buni uchinchi sektor misolida koʻradigan boʻlsak, ichki ishlar organlariga qarashli sektorlar hududida jami 2 ming 280 fuqarolar yigʻini, 1,5 milliondan ziyod xonadon joylashgan boʻlib, ularda 9 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Ichki ishlar vazirligi viloyat va tuman uchun, viloyat darajasidagi ichki ishlar hududiy organlari esa tuman va shaharlardagi sektorlarga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish hamda faoliyatini nazorat qilish uchun masʼul. Bu respublika sektor rahbari har bir tumandagi oʻzlarining sektorlari faoliyati samaradorligi uchun shaxsan javobgar boʻlishini anglatadi.

Ushbu tizimni ichki ishlar organlari tizimida toʻlaqonli joriy qilish hamda uchinchi sektor faoliyatini yangi talablar asosida tashkil etish maqsadida 2019 yil 22 yanvarda ichki ishlar vazirining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan sektorlar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi buyrugʻi bilan mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi guruh faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Uning funksional vazifalari tasdiqlandi hamda ishchi organi sifatida Ichki ishlar vazirligi Tashkiliy departamentining Tashkiliy-nazorat boshqarmasi belgilandi.

Qaror ijrosini taʼminlash hamda uchinchi sektordagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida joylarda 1,5 mingga yaqin kichik ishchi guruh tuzildi. Guruhlarga 4,5 mingdan ziyod xodim va mutaxassis jalb qilindi.

Guruhlar tomonidan fevral oyining birinchi haftasida 12 ming 466 xonadonga kirib borildi. Uyma-uy yurish asnosida 13 ming 716 muammo aniqlanib, ulardan 1,5 mingga yaqini joyida hal etildi, qolganlarini hal etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Qaror asosida sektorlar shtabi maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Yaʼni sektor shtabi qanday tuzilma ekani, huquqiy maqomi, vazifalari, uning tarkibiga qaysi tashkilotlardan vakillar kirishi bilan bogʻliq qonunchilikdagi huquqiy boʻshliq bartaraf etildi.

Yangi normaga koʻra, sektor shtabi sektor aʼzolari ishini muvofiqlashtirish hamda umumlashtirish maqsadida tashkil etiladi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sektorlariga 24 hamda tumanlar (shaharlar) sektorlariga 19 tashkilotdan vakillar kiritiladi.

Ahamiyatli jihati, sektor rahbarining vakolati kengaytirildi. Ular oʻz hududida aniqlangan muammolarni moliyalashtirish boʻyicha soʻrovlar kiritish huquqiga ega boʻldi. Sektor rahbarlarining soʻrovlari tegishlicha Joʻqorgʻi Kenges, xalq deputatlari Kengashlarida muhokama qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat, hududiy, shu jumladan, investitsiya dasturlariga kiritilmagan, hududdagi koʻpchilik aholining eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan muammolar uchun birinchi navbatda mablagʻ ajratiladi.

Bundan tashqari, sektor rahbarlari shtab aʼzolarini ragʻbatlantirish va ularni javobgarlikka tortish uchun hokimlikka hamda ish beruvchi tashkilotlarga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan takliflar kiritadigan boʻldi. Qolaversa, sektorlar shtabi aʼzolarini biriktirish va almashtirish toʻgʻrisidagi idora va tashkilotlarning taklifi sektor rahbari bilan kelishilishi tartibi belgilandi.

Shuningdek, sektor rahbari har haftada sektor shtabi aʼzolarining sektordagi hamda ularga bevosita biriktirilgan mahallalardagi faoliyati yuzasidan axborotini eshitadi. Bularning barchasi sektor rahbariga sektordagi faoliyatni samarali tashkil etish uchun muhim boʻlgan tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlarni beradi.

Shtab aʼzolari faoliyatini tashkil etishda ham bir qator muhim yangiliklar joriy etildi. Xususan, sektor shtabi aʼzolari sektordagi hamda oʻzlariga bevosita biriktirilgan mahallalardagi faoliyati yuzasidan har hafta sektor rahbariga axborot beradi. Endilikda shtab aʼzolari sektor rahbari qarori bilan mahallalar boʻyicha sektorning muayyan hududiga bevosita biriktiriladi.

Shu tariqa shtab aʼzolari bundan buyon ikki yoʻnalishda ish olib boradi: birinchidan, sektor aʼzolari sektorda oʻzlari mansub boʻlgan idora va tashkilot faoliyati yoʻnalishi boʻyicha muammolarni aniqlash va hal etish choralarini koʻradi; ikkinchidan, sektor aʼzolari biriktirilgan mahallalarda barcha yoʻnalishdagi muammolarni har chorakda kamida bir marotaba uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni toʻliq oʻrganish va qayd etish orqali aniqlash hamda hal etish choralarini koʻradi.

Sektor shtabi faoliyatini doimiy asosda tashkil etish maqsadida jamoatchilik asosida sektor shtabi kotibi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bunda kotib asosiy ish joyidan ajratilib, lavozim maoshi saqlab qolinadi hamda lavozim maoshiga 50 foizgacha ustama haq belgilanadi. Kotib sektorlar faoliyatini tashkil etish, bu boradagi hisobotlarni shakllantirish va yuritish, murojaatlarni oʻz vaqtida qayd etib borish, “yoʻl xaritasi”ga kiritish uchun takliflarni umumlashtirish, tashkiliy muvofiqlashtirish, sektor rahbariga sektordagi vaziyat boʻyicha muntazam axborot berib borish hamda respublika yagona tizimlashtirilgan elektron axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritish kabi vazifalarni bajaradi.

Kotib, shuningdek, hokimliklarning axborot-tahlil guruhlari hamda tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlariga har oyda kamida bir marotaba sektor faoliyatiga oid maʼlumotlar va hisobotlarni taqdim etib boradi.

Hokimliklarning axborot-tahlil guruhlari hamda tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va sanoat boʻlimlari har bir tumanda toʻrtta sektor faoliyatiga oid maʼlumotlarni jamlash va ularning hisobotini yuritish uchun masʼul tuzilma sifatida belgilandi. Ularning zimmasiga sektorlar faoliyatiga oid maʼlumotlarni jamlash yuklatildi. Yaʼni ular amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotni shakllantiradi. Sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirishga koʻmaklashadi. Amalga oshirilgan ishlarni tizimli tahlil qiladi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, bajarilmagan tadbirlarning sabablarini aniqlash hamda “yoʻl xaritalari”ni shakllantirish hamda sektorlarda aniqlangan muammolar va ularni hal etish natijalari yuzasidan axborotlar tayyorlaydi.

Qaror asosida sektor rahbarlari va aʼzolari faoliyatini baholash, ularni ragʻbatlantirish hamda jazolash boʻyicha adolatli tizim joriy etilishi belgilandi. Bu qarorning yana bir ahamiyatga molik tomonlaridan biri boʻlib, shu asosda sektor rahbarlari, uning aʼzolari va bu ishga jalb etilganlarning faoliyati samaradorligiga qarab moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, oʻz oʻrnida unga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonlik bilan qarab, vijdonan yondashmagan masʼullarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralari qoʻllash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi.

Endilikda har yilning yakuniga koʻra “Eng namunali sektor”, “Eng tashabbuskor sektor rahbari”, “Eng faol sektor shtabi aʼzosi” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovlari oʻtkaziladi. Unda Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan har bir tizim boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga erishgan ikki nafardan sektor rahbari avtotransport vositasi bilan, sektorlar faoliyatini namunali tashkil etgan rahbarlar va uning ishida faol qatnashgan boshqa shtab aʼzolari esa qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlanadi.

Bundan tashqari, har chorak yakunlari boʻyicha mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan sektor shtabining faol aʼzolarini ragʻbatlantirish tartibi koʻzda tutilmoqda. Bularning barchasi, shubhasiz, sektor rahbarlari va aʼzolarining oʻz vazifalariga vijdonan va masʼuliyat bilan yondashishlari uchun muhim ragʻbatlantiruvchi omil boʻladi. Shu bilan birga, sektorlar faoliyatining moddiy-texnik taʼminoti yaxshilanadi.

Xulosa sifatida taʼkidlash kerakki, Prezidentimizning sektorlar faoliyatiga oid yangi qarori asosida sektorlar faoliyatini tashkil etish boʻyicha yangi – adolatli va taʼsirchan tizim joriy etildi. Bu tizim fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, aholi bilan ochiq, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirish hamda sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Poʻlat BOBOJONOV, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?