Sektor rahbarlari ehtiyojmand oilalar sonini yashiryaptimi?

09:23 20 Sentyabr 2020 Jamiyat
462 0

Aholi daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, “temir daftar”ga tushgan oilaning hech boʻlmaganda bitta aʼzosini ish bilan taʼminlab, shu orqali ularni muhtojlikdan chiqarish choralarini koʻrish haqida koʻp gapiryapmiz. Bu, ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida kechiktirib boʻlmaydigan, kun tartibidan oʻrin olgan asosiy masalaga aylandi.

Shundan kelib chiqib, karantin sharoitida ishsiz, daromadsiz qolgan ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarni mahallada shakllantirilgan shaffof roʻyxat asosida qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29-avgustdagi “2020-2021-yillarda iqtisodiy oʻsishni tiklash va iqtisodiyot tarmoqlari hamda sohalarida tizimli tarkibiy islohotlarni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2020-2021-yillarda iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni tiklash va davom ettirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini va daromadlarini oshirish, aholining ehtiyojmand qatlamlariga imtiyozlar berish tamoyillari belgilab berildi.

Yoʻl xaritasining 39-bandida xalqaro tajriba asosida kambagʻallikni baholash mezonlari va uni aniqlash usullarini oʻz ichiga olgan metodologiyani ishlab chiqish joriy yilning oktyabr oyida, 40-bandida kambagʻallikni baholash mezonlari va uni aniqlash usullarini oʻz ichiga olgan metodologiyani ishlab chiqish va amalga oshirishda xalqaro tajribaga asoslanib, Fargʻona viloyatining Toshloq tumani misolida tahlil etish koʻrsatib oʻtildi. 41-bandida ishlab chiqilgan metodologiya doirasida Respublikaning 5 ta hududi (Toshkent shahri, Fargʻona, Toshkent, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlari) misolida aprobatsiya oʻtkazish masalalari kiritildi.

Albatta, biz ushbu hujjatni juda muhim, deb hisoblaymiz. Chunki, bu orqali kambagʻallikni baholash mezonlari va uni aniqlash usullari ishlab chiqiladi. Bu esa bevosita partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan va boʻsh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etilishi, foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni kambagʻal aholiga ajratib berish, zarur joylarda artezian va quduqlar qazish boʻyicha topshiriq berilgan edi, lekin ming afsuski, haligacha koʻp joylarda ishlar oldinga siljimayapti.

Aholini tadbirkorlikka oʻrgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambagʻallikni kamaytirish eng asosiy masala hisoblanadi. Masalan, Jizzax viloyatida bugungi kunda 295 ta mahalla bor. Oilalar soni 306 456 tani tashkil etadi. Mehnatga layoqatli aholi 768,5 ming nafar, ishsizlar esa 57,5 ming nafardan iborat. Viloyatda “Temir daftari”da ehtiyojmand 16 746 ta oila kiritilgan. Bandlikni taʼminlash orqali daromad manbaiga ega boʻlgan 5 975 ta (36 foiz) oila xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlari qarorlari asosida ehtiyojmand oilalar roʻyxatidan chiqarilgan.

Ehtiyojmand oilalar yashash manzillari boʻyicha sektor ishchi guruhlari aʼzolari tomonidan joylarga chiqib oʻrganilgandan keyin “temir daftar”ga kiritilishi belgilangan. Lekin aniqlangan real holatlarda sektorlar ishchi guruhlari aʼzolari faoliyat yuritmasdan, mahalla fuqarolar yigʻinlarining tavsiyalari, ular tomonidan berilgan maʼlumotlar asosida sektor aʼzolari, kotiblari tomonidan “temir daftar”larga kiritilayotganligi maʼlum boʻlmoqda.

Koʻp hududda aholi vakillari oʻrtasida eʼtirozli, norozichilik holatlari uchrab turibdi. Hatto Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ham fuqarolar tomonidan koʻp murojaatlar boʻlyapti. Haqiqatdan ham, ayrim hollarda oilaviy sharoiti oʻta ogʻir, ijtimoiy himoyaga muhtoj, 1-2 nafar nogironligi bor shaxslar yashaydigan yoki boquvchisi yoʻq oilalar ham “temir daftar”larga kiritilmay qolib ketmoqda. Sektor rahbarlari tomonidan ehtiyojmand oilalar sonini yashirish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Gap nimadaligi ham oydinlashyapti. Ehtiyojmand oilalarni roʻyxatga olish keyinchalik ularning doimiy daromad manbaini yaratish vazifasini yuklashi sababli ham roʻyxatga olinmayotgan ekan. Ana xolos...

Kambagʻallikni kamaytirish, aholi daromadini oshirish, bandligini taʼminlash davlat siyosati darajasidagi masala. Masʼuliyatdan qochish, oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash bu jamiyatning ertangi farovon hayotiga bolta urish degani emasmi? Himoyaga muhtoj oilalarni yashirib nimaga erishmoqchimiz?..

Aholining kambagʻal qatlami bandligini taʼminlashda ham bir qator muammolar yuzaga kelmoqda. Masalan, kredit olmoqchi boʻlgan oilaga “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi doirasida berilayotgan kreditlar foizi yuqorilik qilyapti. Buni ochiq tan olish kerak. Koʻp fuqarolar shu masalada ham eʼtiroz bildiryapti.

Jizzax viloyatida yil yakuniga qadar 27 359 ta yangi va jamoatchilik asosidagi ish oʻrinlarini yaratish hisobiga ishsiz va “temir daftar”ga kiritilgan mehnatga layoqatli fuqarolarni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Chora-tadbir ishlab chiqish, ish oʻrni yaratilishini qogʻozda rejalashtirish bilan masala hal boʻlmaydi. Hamma gap uning ijrosiga jiddiy kirishish, yuklatilgan vazifani sidqidildan bajarishda. Mutasaddilar shu haqida jiddiyroq oʻylab koʻrsa, maqsadga muvofiq boʻladi, albatta. Qachonki, joylarda real vaziyatga haqqoniy baho berib, uni hal qilish choralarini koʻrsak, shunda aniq natijaga erishiladi. Aks holda, kutilgan oʻzgarish boʻlmaydi, muammolar oʻz holicha qolaveradi.

Oʻrol OʻROZBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?