“Sehrli diyor”ni sehrlagan o‘zbek milliy matolari

14:41 15 May 2018 Madaniyat
620 0

Oydin Sa’dullayeva Vashington (AQSh)dan maxsus “Xalq so‘zi online” uchun xabar qiladi.  Shu kunlarda Vashingtondagi Smitsonian Osiyo san’ati muzeyida o‘zbek atlasi va adrasi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. 

Unda Markaziy Osiyo xalqlarining atlas va adrasining muxlisi – umrini mazkur matolarni o‘rganishga, targ‘ib qilish va namunalar yig‘ishga sarflagan Garvard universiteti olimi Oskar Guido Goldman hamda amerikalik dizayner De La Renta tomonidan taqdim etilgan atlas va adras kiyimlar, shuningdek mazkur matolar namunalari namoyish etilmoqda.

Oskar Guido Goldman taqdim qilgan namunalar 1800-1900 yillarda Buxoro, Samarqand, Farg‘onada to‘qilgan qadimiy matolar bo‘lsa, De La Rentaniki esa o‘z ijodiga tegishli bo‘lgan zamonaviy atlasu adraslardan tikilgan liboslardir.

Oskar Guido Goldman asli siyosatshunos olim bo‘lsa-da, lekin o‘zbek milliy atlaslarining ashaddiy muxlisidir. Shu sabab umri davomida Markaziy Osiyo xalqlarining atlas va adraslardan namunlar yig‘ib kelgan. Umuman, umri davomida to‘qimachilik san’atinig mana shu yo‘nalishini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Binobarin, joriy yilning mart oyida xalqaro miqyosda tan olingan Jorj Xyuit Mayrs mukofotini ham qo‘lga kiritdi.

— Men adrasni birinchi marta Nyu-York muzeyida 1975 yilda ko‘rganman. Matoning juda nozik did bilan tushirilgan rang-barang naqshlari meni o‘ziga maftun etgan va juda qimmat tursa-da, sotib olganman. Bugun esa yiqqanlarimni AQShdagi 12 ta muzeyga taqdim etdim, — deydi Oskar Guido Goldman. 

O‘z vaqtida Amerika modelerlar kengashi prezidenti, o‘nlab mukofotlar egasi, Jaklin Kennedidan boshlab Xillari Klintongacha bo‘lgan AQShning birinchi xonimlari shaxsiy modeleri sifatida faoliyat yuritgan nomi dunyoga mashhur De La Renta (1932-2014) esa 2005 yildagi asarlari to‘plamida atlas va adraslardan foydalanganida juda ko‘plab muxlislarning e’tirofiga sazovor bo‘lgan. 
Ana shundan beri atlas naqshlari De La Renta va boshqa jahon dizaynerlarning asarlarida tez-tez qo‘llana boshlandi.

— Qadimda o‘zbek xalqinini milliy matolari — atlas va adraslar ko‘rkamligi hamda sifati bilan butun sharqu g‘arbda mashhur bo‘gan, — deydi deydi Garvard universitetida Islom san’ati bo‘yicha tadqiqot olib borgan, bir necha kitoblar muallifi Ma’suma Farxod. — Afsuski, XIX asr oxir XX asrga kelib mamlakatdagi siyosiy tuzum tufayli mazkur an’ana unutib yuborildi. Shukrki, mana keyingi yillarda ko‘pgina milliy hunarmandchilik yo‘nalishlarimiz yana qayta tiklanganiday, atlas va adras to‘qimachiligi san’ati ham yana ravnaq topa boshlandi. Ko‘rgazmada milliy matolarimizni ko‘rib, juda quvondim. Ular yana qadr topayotganidan juda mamnun bo‘ldim. 

Darhaqiqat, o‘zbek milliy liboslarini jahon ko‘rgazmalarda, xalqaro podiumlarda tomosha qilish har birimizga cheksiz faxr tuyg‘usini baxsh etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?