“Scorpion”: ishonchsiz va soxta epizodlar, nooriginal gʻoya...

14:50 29 Noyabr 2018 Madaniyat
2840 0

27 noyabr kuni “PROlogue” IV xalqaro kinofestivali ochilish marosimida yosh rejissyor Muxlisa Azizovaning oʻtkir syujetli ekshn va triller janrlarida suratga olingan “Skorpion” badiiy filmining gala-taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Soʻnggi oylarda hatto zamonaviy oʻzbek kinofilmlariga qiziqishini yoʻqotganlarning ham keng muhokamasiga sabab boʻlgan, ijtimoiy tarmoqlarda goh-gohida bironta xabar uchqundek chaqnab, hammaning eʼtiborini tortgan, film treyleri chiqqanida, ayrim maʼlumotlarga koʻra, tez fursatda bir million marotabadan ortiq tomosha qilingan “Skorpion”dan birgina men emas, balki barcha katta natijalar kutgani rost. Buni hatto mashhur blogerimizning “Tizeri shunday zoʻ-oʻ-oʻ-oʻr boʻlsa, ana endi filmning oʻzini tasavvur etavering...” qabilida qisqacha taqriz yozgani ham tasdiqlaydi. Va yana ochigʻini aytish kerak, xalqaro festivalning ochilish marosimiga qiziqishning katta boʻlgani ham aslida tashrif buyurganlarning “Skorpion”ni birinchilardan boʻlib koʻrishga ishtiyoqi balandligi tufayli edi...

Xoʻsh, premyerasiga qadar oʻz atrofida ana shunday ulkan shov-shuvlarni yaratgan mazkur kinokartina, haqiqatan ham, ushbu talablarga mosmi? Umuman, bu film aksariyati yoshlardan iborat boʻlgan tomoshabinlarga nima bera oladi?!

Jamoa rostdan ham kuchli edimi?
Keling, avvalo, “Skorpion” hali tizeri ham eʼlon qilinmasdan ilgari koʻpchilikni nimasi bilan oʻziga jalb etgani xususida fikr yuritsak. Shaxsan oʻzim uning ustida xorijlik malakali mutaxassislar ishlayotganini eshitib, film oʻzbek kinematografiyasiga qandaydir yangilik olib kirishiga ishongandim. Bannerlari eʼlon qilingach esa, kinokartina ssenariysini amerikalik Bob Andervud (qariyb 34 yillik faoliyati mobaynida 9 ta serialning ssenariysini yozgan, asosan, voqealar “yagʻiri chiqquncha” koʻrsatiladigan uslubda ishlashga ixtisoslashgan oddiy mutaxassis, bunaqa tajribaga ega ssenarist oʻzimizda ham topilardi, ammo “xorijning xoʻrozqandi” degan gaplar bor) yozganini, operator sifatida asli xitoylik boʻlgan, biroq bugungi kunda Germaniyada yashab ijod qiladigan, Kann kinofestivalining sovrindori ekani aytiladigan Maks Tsui ish olib borganini, qolaversa, kinokartina asosiy vazifasi yoshlarimizni birlashtirish, uyushtirish va ularning qalbida ezgu maqsadlarni, kelajakka ishonch tuygʻusini uygʻotishi kerak boʻlgan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining buyurtmasi asosida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda (afsuski, qaysi kinostudiya tomonidan ekanligi aniq koʻrsatilmagan) tasvirga tushirilganini bilib, bu ishonchim yanada ortdi. Axir aktyorlar jamoasi oʻzimizning tajribali va yuksak mahoratli sanʼatkorlarimiz — Karim Mirhodiyev, Yulduz Rajabova, bugungi kunda, asosan, Rossiyada faoliyat yuritayotgan Farhod Mahmudov, Raʼno Shodiyeva, Akbar Rasulov, Shahzoda Matchonova, Nozim Toʻlaxoʻjayevdan tashqari, turkiyalik taniqli aktyor Murat Yildirim hamda rossiyalik artist Vyacheslav Razbegayevdan tashkil topganini, ovoz ustida ishlash jarayoni “Mosfilm” kinokonserni mutaxassislari tomonidan amalga oshirilganini, rang-tasvir ustida esa “Legenda (“Afsona”) 17”, “Dvijeniye vverx” (“Yuksaklikka intilib”), “Viking” singari kinokartinalarda ishlagan “Color Kitchen” (Rossiya) kompaniyasi ish olib borganini oʻqib, kinoustalarimizdan nafaqat yaxshi, balki chinakamiga zoʻr film kutmasligim mumkinmidi?! Biroq...

Biroq, filmni tomosha qilgach, “Pufakni qancha katta shishirsang, shuncha tez yoriladi”, degan gap toʻgʻri ekaniga yana bir karra amin boʻldim.

Noaniq syujet liniyasi, toʻqilgan voqealar...
Mening hafsalamni nima pir qildi? Kinofilm nima ekani va uning zimmasiga qanday vazifalar yuklanishini yaxshi biladigan har qanday mutaxassis sifatida, men ham filmning aniq bir syujet liniyasiga ega emasligidan, bosh qahramon kim ekanligi yaqqol ochib berilmaganidan, voqealarning oʻta sust va toʻqib chiqarilgani shundoqqina koʻrinib turganidan, umuman, kartinada kechayotgan jarayonning reallikdan mutlaqo uzilib qolgani va umumiy konsepsiyada qandaydir soxtalikning mavjudligi, xuddiki, kimgadir kuchli, ammo oʻxshamagan darajada taqlid qilinganidan ranjidim.

Keling, film syujetini qisqacha bayon etib oʻtay.

Asar Rossiyada tirikchilik qiladigan Jahongir (aktyor Akbar Rasulov) ismli yurtdoshimizning oʻta ustomonlik bilan dunyodagi eng kuchli jinoiy tashkilot — “Skorpion”ga ogʻdirib olinishidan boshlanadi. Uning tushunarsizligi shundaki, barda ichib oʻtirib, toʻsatdan (filmda koʻp voqealar negadir ana shunday toʻsatdan, hech bir izchilliksiz kechgan) boshlangan garovda merganlik mahoratini koʻrsatadi-yu, uni oʻzlariga ogʻdirish maqsadida atayin uyushtirilgan qotillikka qoʻl urib, bir zumda jinoiy toʻdaning aʼzosiga aylanadi-qoladi. Ammo Jahongirning jinoiy toʻdaga kelgunigacha boʻlgan voqealar, uni qayerdan topishdi, nega aynan u tanlandi, nega birdaniga unga ishonib ketishdi, uning oʻtmishi bilan, kimligi, qayerdan kelib qolgani, nimalar bilan mashgʻulligini kimdir oʻrgandimi yoki yoʻq, bu singari savollar ochiq qolgan.

Keyingi epizod oʻzbek — afgʻon chegarasida kechadi. Kapitan Temur Soliyev (aktyor Farhod Mahmudov) asirlarni ayirboshlash uchun borganida, uning oʻzini asirga olishadi. Oddiy, sodda afgʻon jangarilarini bir zumda oʻldirib, darrov xuddi shu mashinada ortga qaytgan kapitanni tasvirlashda ijodkorlar ikkita haqiqatni unutib qoʻyishgani koʻzga tashlanadi. Yaʼni, ming oddiy, ming sodda boʻlmasin, jangarilar urush koʻrgan, qurol va qon isi nimaligini biladiganlar ekanini yoddan chiqarmaslik kerak edi. Ikkinchisi shuki, kinematografiya, umuman, sanʼatda shunday aqida bor: qahramoningning kuchli ekanini koʻrsatish uchun uning dushmanini kuchsiz qilib tasvirlama. Kuchli qahramon kuchli dushmanning ustidan zafar quchishi kerak. Afsuski, bu epizodda ana shu qoidaga rioya qilinmagan.

Undan keyingi voqealar ham xuddi yuqoridagi singari oʻta tez tempda kechadi. Chegarada qahramonlik koʻrsatgan kapitan Soliyev toʻgʻridan-toʻgʻri Prezidentga boʻyinsunadigan general Mahmudov (aktyor Karim Mirhodiyev)ning guruhiga jalb qilinadi. Bu guruh ayni paytda Oʻzbekistonga mutlaqo daxli boʻlmagan, asosiy faoliyat maydoni Yevropa va arab mamlakatlaridan iborat jinoiy toʻda — “Skorpion” bilan qattiq qiziqib qolgan. Jinoiy toʻdaning ikki yetakchisi — Piter MakKalister (aktyor Vyacheslav Razbegayev) va Ketrin Trammel (aktrisa Yulduz Rajabova) haqida hamma axborot bor. Uchinchi shaxsning kim ekanligi ham qisman aniq: uni “Jonni” deb atashadi, ammo u haqda boshqa hech qanday maʼlumot yoʻq. Bu maʼlumotlar bilan tanishgan Temur birdaniga yuz ifodasi oʻzgarib, xayolida nimadir reja tuzadi. Uning rejasi “Skorpion” bilan bogʻliq har qanday maʼlumotni oʻgʻrilab, Marokashga (nega aynan u yerga ekani noaniqligicha qolgan) yoʻl olishdan iborat ekani esa film mobaynida oydinlashadi.

Temurning yoʻqolganini, yana deng, qattiq qoʻriqlanadigan binodan barcha zarur axborotni oʻmarib ketganini bilgach, maxsus xizmat darhol oyoqqa turadi. Darrov uni qidirishadi, uyiga borib, tintuv oʻtkaziladi. Tintuv chogʻida Temur va “Jonni” — Jahongirning aka-uka ekanini isbotlaydigan fotosuratni topishadi...

Qiziq, nahotki bugun oddiy tashkilotga ishga kirishing uchun ham ota-onang, yaqinlaringdan tashqari, hatto qaynona-qaynotang haqidagi barcha maʼlumot jiddiy oʻrganiladigan bir zamonda shaxsan Prezidentga boʻyinsunadigan maxsus xizmatga ishga olinayotgan xodimning ukasi haqida hech kim qiziqib koʻrmagan boʻlsa?! Bu savolga yaqinroq boshqa savolga filmning matbuot anjumanida rejissyor Muxlisa Azizovaning javob berishicha, kinokartinadagi voqealar 2021 yilda kechishini (balki beparvolik qilgandirman, ammo filmda buni eslatadigan bironta ham titrga koʻzim tushmagan edi) hisobga olsak, demak, bugungi reallikka mos kelmaydigan har qanday epizod yoki syujet chizigʻidagi noaniqlikni “fantastika” bilan bemalol bogʻlayverishimiz mumkin... Jumladan, kapitan Soliyevning Oʻzbekiston chegarasidan osongina Qozogʻistonga oʻtib, Chimkent orqali Marokashga uchib borganini ham, u yerda osongina qamalib, osongina qamoqdan chiqqanini ham, arab shayxlari qayerda toʻplanadi, nima masala koʻriladi, Marokash maxsus xizmatlari hali hech narsa bilmay turib, oʻsha yerga ukasini izlab borishini ham va qoʻlga olinib, maxsus xizmatimiz talabi bilan Oʻzbekistonga ekstratsiya qilinishini ham.. Xullas, hammasi toʻqima, hammasi soxta...

Psixolog-tahlilchi, choʻldagi xamshira qiz, nogironlik aravachasidagi ota... Maqsad nima edi?!
Asarda qahramoniga hech qanday “yuk” tashlanmagan, borligi ham biron nimani hal qilmaydigan, yoʻqligi ham toʻqima voqelikni (mening nazarimda, albatta) oʻzgartirmasligi aniq boʻlgan uchta qahramon bor. Bular maxsus xizmat guruhida psixolog-tahlilchi (aktrisa Raʼno Shodiyeva) boʻlib ishlaydigan, tomoshabinni asosiy “taqlid”dan (bu mavzuga hali qaytamiz) chalgʻitish uchun Sherlok Xolmsning soqol olish va xonaning derazasi qaysi tomonda ekani haqidagi mashhur iborasini toʻtiqushdek takrorlaydigan qahramon, choʻlning oʻrtasida bir tunni kapitan Soliyev bilan birga oʻtkazgan (gʻarbona oshiq-maʼshuqliksiz, albatta) hamshira ayol (aktrisa Shahzoda Matchonova) va aka-uka Soliyevlarning otasi, bir paytlar balki yaxshi odam boʻlgan, ammo ayni damda nogironlik aravachasiga “mixlanib” qolgan keksa bir chol (aktyor Nozim Toʻlaxoʻjayev). Toʻgʻri, rejissyorning matbuot anjumanida aytishicha, mazkur personajlar asosiy qahramonlarning xarakterini ochib berishga xizmat qilgan. Masalan, (voqealarning noaniq izchilligiga qaramasdan — taʼkid bizniki) Jahongirning hali tirik ekaniga otasi ishonadi, uni har kuni tushida koʻradi, uning qaytib kelishini kutadi. Bu esa uni Vatan kutayotganini anglatadi. Psixolog-analitik xonim obrazi Temur Soliyevga ishonadigan va unga yordam qoʻlini choʻzishga tayyor turgan bir personajning kerakligi uchungina kartinaga majburlab tiqilgandek... Xuddi shu kabi, otishma chogʻida toʻsatdan Temurga hamroh boʻlib qoladigan va yana rus tilini mukammal biladigan hamshira qiz ham garchi voqealar rivojida bironta ahamiyatga ega boʻlmasa-da, filmni shunchaki “boyitib” turish uchun ssenariyga kiritilgandek... Yoʻq, aslida hamma gap boshqa yoqda. Bular, yuqorida aytganimdek, taqlid mahsullari, ayrimlari esa ana shu taqlid yaqqol bilinib qolmasligi uchun malakasizlarcha oʻylab topilgan “qahramonlar”dir. Nafaqat ular, balki Murat Yildirim yaratgan arab qabilalaridan birining boshligʻi obrazi ham, dunyo jinoyatchilik olamini boshqarishi aytilgan “Skorpion” toʻdasi ham, hamma-hammasi boshqa bir filmni yodga soladi, xolos...

“Spektr”dan taralgan nur “Skorpion”ni ham yoritayotgandek...
Bu film xususida ortiqcha gapga oʻrin ham yoʻq, aslida. Afsonaviy qahramon, Britaniya razvedkasining josusi Jeyms Bond haqida olingan filmlarning yigirma toʻrtinchisi boʻlmish “Spektr” kinokartinasi 2015 yil 26 oktyabrda ilk marotaba ommaga taqdim qilingan, jahon kinoteatrlarida esa oʻsha yilning 6 noyabridan eʼtiboran namoyish etila boshlangan. “Spektr” — xuddi “Skorpion” singari — dunyoni jinoiy maqsadlarda boshqarish uchun tuzilgan kuchli tashkilot. Uning safidan jahondagi barcha yirik jinoiy toʻdalar boshliqlari oʻrin olgan. Tashkilot rahbari niyati dunyodagi barcha kuchli maxsus xizmatni oʻzida jamlagan, yangi tuzilgan “Toʻqqiz koʻz” loyihasi yordamida jahonni boshqarishdan iborat boʻlgan Ernst Stavro Blofeld ismli shaxsdir. Ammo uning yana bir hayoti borki, bu Jeyms Bond bilan bogʻliq.

“Spektr”da maʼlum boʻlishicha, Jeymsni bolaligida Xannes Oberxauzer ismli boy odam asrab oladi. Uning Frans ismli oʻz farzandi ham boʻlib, u Jeymsdan bir necha yosh katta edi. Xannes Jeysmni xuddi oʻz bolasidek koʻradi, ardoqlaydi, shu darajada mehr beradiki, bundan uning oʻgʻli — Frans qattiq ogʻrinadi. Otasining begona bolaga bu qadar mehribonligi uni qattiq gʻazablantiradi. Ammo bu voqealar uzoq davom etmaydi. Xannes va Frans changʻi uchish uchun toqqa chiqqanida, ularni qor uyumi bosib qoladi. Xannesning jasadi topiladi, ammo Frans chuqur qor uyumi ostida qolib ketgan deb taxmin qilinadi hamda uning ham vafot etgani eʼlon qilinadi.

“Spektr”ning Mexikoda Jeyms oʻldirgan Marko Skiarra oʻrniga Janubiy Amerika jinoiy toʻdalarini boshqarish uchun yangi rahbar tayinlashga bagʻishlab Rim shahrida oʻtkazilgan majlisiga yashirincha kirib olgan (bunda unga Skiarraning bandiga sakkizoyoq tasviri tushirilgan uzugi yordam beradi) josus yigʻilishda hamma qoʻrqib turgan, butun dunyo jinoyatchilarini allaqachon oʻziga boʻyinsundirib, jinoyat olamining yagona qiroliga aylangan Ernst Stavro Blofeld timsolida tutingan akasi Frans Oberxauzerni taniydi. Voqealar rivojida shu narsa oydinlashadiki, Frans otasining mutlaqo begona bolaga bagʻishlayotgan vaqti, berayotgan mehri, hamisha uni Fransga ibrat qilib koʻrsatishidan bir umr nafratlanib kelgan va shuning uchun oʻz otasini oʻzi oʻldirgan ekan. U Jeymsni ham oʻldirmoqchi boʻladi, biroq afsonaviy josus nafaqat oʻlimdan qutulib qoladi, balki “Spektr”ning butun nayrangini fosh etib, tutingan akasini qoʻlga olishga erishadi.

“Skorpion”da garchi syujet shu yoʻnalishda kechmasa-da, gʻoyaning oʻxshashligi kishini taajjublantiradi. Axir Muxlisa Azizovaning filmida ham bir oila farzandlarining ikki xil taqdiri hikoya qilinadi-da. “Skorpion”da ham Jahongir onasini oʻgay farzandiga koʻproq mehr koʻrsatishda ayblaydi hamda uning oʻlimiga sababchi boʻlib qoladi. Onasi vafotidan keyin esa Rossiyaga qochib, necha yil dom-daraksiz ketadi. Uni bedarak yoʻqolganlar sifatida roʻyxatga tirkashadi. Va kutilmaganda, Jahongir “Jonni” sifatida “Skorpion” safida paydo boʻladi hamda Temur garchi jazolanishi va hatto, qamalishini bilsa ham, ukasini yurtga qaytarib kelish uchun Marokashga yoʻl oladi.

“Skorpion”dagi psixolog-tahlilchi hamda “Spektr”dagi Iv Manipenni, maxsus xizmat xodimi Rasulov va MI6 xodimi Q bir-birini aynan takrorlaydiki, buni ikkala filmni koʻrgan har qanday tomoshabin osongina anglaydi. Birgina farqi shundaki, bizning qahramonlarimizga tashlangan “yuk” xuddi Sem Mendes filmida boʻlgani kabi zalvorli, ishonchli emas. Bogʻlanishlar yoʻq, mantiq oqsagan va tomoshabinda turli savollarni yuzaga keltiradigan joylari nihoyatda koʻp. Shu kabi hamda boshqa savollarni jurnalist Eldar Asanov “Scorpion”: yaxshi suratga olingan yomon film” sarlavhali maqolasida keltirib boʻldi va oʻylaymanki, bu savollarga yana alohida toʻxtalishga aslo hojat yoʻq.

Javobi notayin boʻlgan boshqa savollar
Film ijodkorlari bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida oʻzimni qiziqtirgan beshta savol bilan murojaat qildim. Ammo afsuski, birontasiga toʻliq javob ololganim yoʻq.

Masalan, menda oylar davomida megaloyiha sifatida tanishtirilgan “Skorpion”ning byudjeti qancha ekanligini bilish istagi tugʻilgandi. Biroq bu savolimga kinokartina prodyuseri kelgusida “Skorpion” qancha daromad keltirganini aytishga vaʼda berish bilan cheklandi, xolos.

Ikkinchi savolim “Bugun jahonda mamlakatimiz imidjini yaxshilash harakati ketayotgan bir paytda ertaga bu film xalqaro sahnalarga chiqsa, biz haqimizda qanday xulosalarga sabab boʻlishi mumkin?!” degan mazmunda edi. Afsuski, bunga “Vatanni sevish, yurtimiz bayrogʻini koʻp koʻrsatganimiz” singari oldi-qochdi javobdan boshqasini ololmadim.

“Filmni maxsus xizmatlar koʻrib berganmi?!” qabilidagi uchinchi savolimga ham matbuot anjumanida “koʻrsatilgan, maslahatlashilgan” kabi “navbatchi” javoblar berildi. Film rejissyori kinokartinada maxsus xizmatlarimizning kuchini koʻrsatishga eʼtibor qaratilganini bildirib, “Skorpion” guruhi butun dunyoda erkin yurgani, ammo uni aynan Oʻzbekistonda bartaraf etishgani buning tasdigʻi boʻla olishini bayon etdi. Lekin matbuot anjumanidan keyin film prodyuseri bilan suhbatlashganimda, u erkin boʻlmagan har qanday film kassabop boʻlmasligi hamda tomoshabinni oʻziga tortib ololmasligini aytib, bunga misol sifatida “Baron” filmini keltirdi. “Mana bu soʻzni qoʻshasan yoki mana bu epizodni olib tashlaysan”, deyildimi, tamom, kinokartina ham, ijod ham “oʻladi”, dedi u aniq qilib.

Biroq bu savolni bejiz bermagan edim. Sababi shundaki, kinokartinada qaysidir qahramonni boʻrttirib koʻrsatish uchun maxsus xizmatlarning noqobilligini yaqqol namoyish qiladigan bir nechta epizod mavjudki, bu har qanday tomoshabinni hayratlantirmasligi mumkin emas. Masalan, Temur Soliyevning bemalol Marokashga borib-kelishi, Raʼno Shodiyeva yaratgan obrazning jinoyatchiga yordam koʻrsatishi, kapitan va psixolog oʻrtasidagi na boshi, na oxiri bor munosabat tufayli mayorning Soliyevga nisbatan dushmanona kayfiyati... Hammasidan oʻtib tushgani, “Skorpion” haqida barcha maʼlumotga ega boʻlgan general Mahmudov guruhi ularning Oʻzbekiston chegarasidan oʻtib, poytaxtimizdagi qaysidir mehmonxonaga joylashganini bilmay qoladi. Qiziq, nahotki ism-sharifini alishtirgan, qiyofasini oʻzgartirgan har qanday jinoyatchi sarhadlarimizni osongina kesib oʻtadi-yu, bizning maxsus xizmatlarimiz ulardan bexabar aeroportda mudrab oʻtiradi?!. Jinoyatchilar Qirgʻiziston chegaralarida yurishadi-yu, ularni Toshkentdagi boshqa bir mehmonxonada, katta anjumanda “kutishadi”. Eng gʻalatisi, “skorpion”chilar Qirgʻiziston orqali Navoiydagi choʻlga borisharmish-u, yoʻlda hech kim ularni toʻxtatmas emish. Bu bilan nima deyilmoqchi oʻzi?! Voqealar 2021 yilda kechgan taqdirda ham bu darajada soddalik, bu darajada anqovlikka yoʻl qoʻyilishiga aql bovar qiladimi?!

Filmning mafkuraviy ahamiyatiga doir savolimga ham umumiy javoblar orasida aniq javob qaytarilmadi. Lekin prodyuser bilan suhbatimizda u “Bugun kino — mafkura quroli emas. Dunyo miqyosida olganda ham, kino koʻngilochar ashyoga aylangan. Filmni yaratarkanmiz, odamlar qandaydir mafkuradan bahra topish ilinjida emas, dam olish, charchoqlarini unutish uchun film tomosha qilishini hisobga oldik”, degan javobni aytdi. Qiziq, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining puliga-ya?! Mafkura emas, loaqal milliy mentalitetimiz, oila, tarbiya degan iboralarga mos keladimi bu taqlid mahsuli?! Yoki xorijdan uyoq-buyogʻini tekislab, qayeridir moslashtirilib, qayeridir xuddi shundoq tarzda koʻchirilgan har qanday film ne-ne umidlarda tuzilgan Yoshlar ittifoqining puliga “megaloyiha” sifatida olinib ketaveradimi?!

Oxirgi savolim “Skorpion”ning “Spektr”ga oʻxshashi haqida edi. Bunga film prodyuseri ham, kartina rejissyori ham mutoyiba bilan javob berishga harakat qilishdi. Jumladan, Muxlisa Azizova Jeyms Bondning afsona ekanini, Temur Soliyevning esa millat qahramoni ekanini taʼkidladi. Qiziq, nahotki filmda “real voqealarga asoslanadi” degan titr ham bor edi-yu, men beparvolik qilib buni ham oʻtkazib yuborganman...

Balki adashgandirman... balki “Skorpion” va “Spektr”ni bogʻlab turadigan bironta ham syujet liniyasi, bir-biriga oʻxshash bironta ham voqea yoʻqdir... “Skorpion”ning original ekaniga ham ishonaman. Biroq ertaga bu film jahon kinosahnasiga chiqsa, xorijlik kinoshunoslar uning omadsizlarcha qilingan taqlid emasligiga ishonisharmikin?

Bilmadim... Buni endi vaqt koʻrsatadi.
Hasan TOSHXOʻJAYEV,
sanʼatshunos.

Muallif talqini tahririyat nuqtai nazarini anglatmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?