Savdo va xizmat koʻrsatishda virtual kassalar joriy etiladi

13:47 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
34 0

Savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmonga koʻra, savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchalarida aholi bilan amalga oshirilgan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn uzatishni nazarda tutuvchi virtual kassalar onlayn nazorat kassa mashinalari (onlayn-NKM) qatorida joriy etiladi.

Farmon bilan oʻrnatilgan tartibga muvofiq:

tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan taqdirda:

  • ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish boʻyicha majburiyatlar bekor qilinadi;
  • kunlik oʻrtacha naqd pul tushumi miqdoridan qatʼi nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega boʻladi;
  • ularga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki yagona soliq toʻlovi yoxud qatʼiy belgilangan soliq summasini uning har birini xarid qilish, oʻrnatish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga kamaytirish huquqi beriladi, bunda ushbu summa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan boʻlishi kerak;
  • virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) ularga Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan bepul beriladi;

- jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida oʻtkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi mablagʻlar (cashback) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi bazasi sifatida qaralmaydi;

- jismoniy shaxslarning uy xoʻjaligi sharoitida oladigan daromadlari daromad soligʻidan ozod qilinishida, realizatsiya qilingan mahsulot jismoniy shaxs yoki uning oila aʼzolariga ajratilgan tomorqa yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni talab qilish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, Farmonga muvofiq onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilingan chekda tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlganda qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi va ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?