Savdo-sanoat palatasiga a’zolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun majburiy emas

14:39 18 Iyun 2018 Siyosat
456 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 12 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari qatorida “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonun ham yangi tahrirda qabul qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar berishicha, ushbu hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoniga tadbirkorlar, amaliyotchi olimlar va jamoat tashkilotlari vakillari jalb qilindi hamda qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.

Tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini barcha choralar bilan qo‘llab-quvvatlash Savdo-sanoat palatasining asosiy vazifasi etib belgilandi.

Mazkur qonunda palataning funksiyalari belgilab berildi, palataning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi, palata faoliyatini tashkil etish, shu jumladan, unga a’zolik masalalari tartibga solindi. Unda mamlakatimizda kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun palataga a’zolik ixtiyoriy qilib belgilandi.

Qonun Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?