Savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash muhokama qilindi

17:52 15 May 2018 Iqtisodiyot
521 0
Фото: UzDaily.uz

Poytaxtimizda Germaniya — O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda ikki davlatning iqtisodiyot, savdo-sanoat, energetika, kimyo, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, logistika, turizm, qurilish kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik hamda idoralari, 70 dan ortiq kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi teng manfaatli aloqalar kecha yoki bugun boshlangani yo‘q. Hamkorlik o‘tgan davr davomida tobora chuqurlashib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi ikki yilda savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi munosabatlar yanada mustahkamlandi. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, chet davlatlar bilan savdo-sarmoyaviy aloqalarni faollashtirish, xorijiy investorlarga zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotgani muhim omil bo‘lmoqda. 

Aytish joizki, Germaniyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 1 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Bugungi kunda mamlakatimizda Germaniyaning “MAN”, “Klaas”, “Lemken”, “Knauf” kabi 130 dan ortiq o‘z sohasida yetakchi bo‘lgan konsern va korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ular turli rusumdagi yuk avtomobillari, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari, yengil sanoat, tibbiyot, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan. 

Ikki mamlakat o‘rtasidagi faol ishbilarmonlik muhiti natijasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 600 million AQSh dollaridan oshdi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni yanada ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

— Bu galgi majlisimiz ko‘tarinki ruhda, aniq taklif va samarali muzokaralarga boy tarzda o‘tgani bilan alohida ajralib turdi, — deydi Germaniya — O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi a’zosi Falk Porche. — O‘zaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildik. Bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. Masalan, “Knauf” kompaniyasi yaqinda Buxoroda yangi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish liniyasini ochish uchun 75 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu o‘zaro investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Germaniyaning “Mangold Konsalting” kompaniyasi boshqaruvi raisi Klaus Mangoldning aytishicha, o‘zbekistonlik yosh mutaxassislar malakasini oshirib borish juda muhim. Shu bois bugungi forumda o‘zbek yoshlarini Germaniyada o‘qitish, ularning iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, yirik kompaniya va korxonalarda amaliyot o‘tashlari uchun hamkorlik qilish taklifi bilan chiqildi. Albatta, bu o‘zaro tajriba almashishda muhim o‘rin tutadi.

Shuningdek, forum doirasida kooperatsiya birjasi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Germaniyaning ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, sohaga nou-xaularni keng joriy etish, mahsulot yetkazib berish hamda xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, qo‘shma korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida teng manfaatli shartnoma va kelishuvlarga erishildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov so‘zga chiqdi. 

Rahim SHERQULOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?