Saudiya Arabistonidagi vatandoshlarimiz muruvvat xayriya aksiyasini oʻtkazdi

13:15 16 May 2020 Jamiyat
166 0

Xorijiy davlatlarda istiqomat qiladigan vatandoshlarimiz “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga oʻz hissasini qoʻshishda davom etmoqda. Jumladan, mamlakatimizning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi elchixonasi koʻmagida bir guruh yurtdoshimiz muruvvat xayriya aksiyasini oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Riyoz va Jidda shaharlarida vaqtincha mehnat qilayotgan 75 nafar oʻzbekistonlik diplomatik missiyaga murojaat qilib, koronavirus pandemiyasi tufayli mahalliy ish beruvchilar ularni ish va vaqtincha yashash joyi bilan taʼminlay olmayotganini maʼlum qilgan.

Oʻzbekistonning Riyoz shahridagi elchixonasi va Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi ish beruvchilar bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazishi samarasida fuqarolarimizga vaqtincha turar joy ajratildi. Biroq ularni oziq-ovqat bilan taʼminlash masalasi dolzarb boʻlib qolayotgan edi.

Saudiya Arabistonidagi bir guruh muruvvatli yurtdoshlarimiz murakkab ahvoldagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlarini oziq-ovqat mahsulotlari va birlamchi ashyolar bilan taʼminlash maqsadida moliyaviy koʻmak koʻrsatmoqda.

Mamlakatimizning Riyoz va Jidda shaharlaridagi vakolatxonalari xodimlari ushbu xayriya ishlarini tizimli tashkil etib, vaqtincha mushkul ahvolda qolgan fuqarolarimiz bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi. Ularni oziq-ovqat va boshqa eng zarur boʻlgan mahsulotlar bilan taʼminlash ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.

Shuningdek, fuqarolarimiz murojaatiga koʻra diplomatiya vakolatxonalarimizda tashkil etilgan Tezkor shtab tomonidan ularni Oʻzbekistonga qaytarish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Bugungacha charter reysda Vatanga qaytish istagini bildirgan yurtdoshlarimiz soni 127 nafarni tashkil etmoqda. Mazkur maʼlumot Tashqi ishlar vazirligi orqali Respublika maxsus komissiyasiga kiritilgan. Charter parvoz boʻyicha barcha masalalar oʻrganib chiqiladi va u Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni teran anglagan fuqarolarimiz mamlakatimiz rahbariyati bunday ogʻir kunlarda xorijda boʻlib turgan fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatayotgani uchun oʻz minnatdorligini bildirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?