Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari delegatsiyasi Namanganda

15:05 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
150 0

Namanganda navbatdagi xalqaro tadbir - Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes forum oʻtkazilmoqda. Saudiya Arabistoni Bosh investitsiya boshqarmasi boshligʻi Badir Muhammad Almufgay boshchiligidagi delegatsiya tarkibida “Ajlan & Bros Holding Group”, “Awad Group”, “ELM”, “Al Shanawani”, “Gulf Pioneers” kabi 10 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari, Moliya, Savdo va investitsiyalar hamda Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xoʻjaligi vazirliklarining yuqori martabali vakillari bor. Mehmonlar kecha Namangan viloyatidagi qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari bilan tanishdilar.

Toʻraqoʻrgʻon shahridagi “Shirinlik” madaniyat saroyida xalqaro forumning tantanali ochilish marosimi boʻldi. Mehmonlar dastlab bu yerda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining koʻrgazmasi bilan tanishdilar. Namangan viloyati hokimi Hayrullo Bozorov hududning iqtisodiy salohiyati,investorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va biznes imkoniyatlari haqida atroflicha tushuncha berdi. Shundan soʻng Yangiqoʻrgʻon tumanida barpo etilayotgan“Nanay”sayyohlik zonasi loyihasining taqdimoti tashkil etildi.

Bugun forum doirasida Namangan viloyati va Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari oʻrtasida B2Bva B2G formatida uchrashuvlar boʻlib oʻtadi. Unda yengil sanoat, turizm va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha shartnomalar imzolash koʻzda tutilgan.

Xorijiy delegatsiyaga Oʻzbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Ulugʻbek Maqsudov hamrohlik qilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?