Sasha Graumann: “O‘zbekiston xalqi farzand tarbiyasiga olijanoblik bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha buyuk madaniyatga ega”

10:50 01 Iyun 2018 Jamiyat
537 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”

Farzand tarbiyasida oilaning o‘rni beqiyos. Shu bois har qanday jajji qalb egasi bu muqaddas maskanda kamolga yetishga ehtiyoj sezadi. Barkamol oila bolaga xotirjamlik, barqarorlik va baxt ulashib, bu tuyg‘ular uning o‘ziga hamda ertangi kuniga yanada ishonch bag‘ishlaydi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida muxbirimiz BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann bilan suhbatlashdi.

— YUNISЕF O‘zbekistonga bolalar uchun eng yaxshi hayot sharoitlarini yaratishda ko‘mak beryapti. Mamlakatimizda faoliyat yuritishingiz nimasi bilan e’tiboringizni tortadi?

— O‘zbekiston xalqi farzand tarbiyasiga olijanoblik bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha buyuk madaniyatga ega. Jamiyatdagi qadriyatlar ichida oila muhim o‘rin tutadi. Ikkinchi jahon urushi paytida o‘z oilasiga turli millatga mansub 14 bolani qabul qilgan Shoahmad Shomahmudov va uning turmush o‘rtog‘i Bahri Akramova tarixi O‘zbekiston timsoli hisoblanadi hamda yuksak hurmatga munosibdir. Ushbu oila yodgorligi yaqinda o‘z o‘rniga qaytarilishi xalq o‘z oilaviy qadriyatlarini naqadar e’zozlashini yana bir bor isbotladi.

YUNISЕF esa bunga qo‘shiladi va qo‘llab-quvvatlaydi. Biz O‘zbekistonning oila institutini mustahkamlash hamda ota-onasidan ayrilgan bolalar uchun oilaga yaqin sharoitlar yaratib berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2016 yil avgust oyidagi boquvchisini yo‘qotgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq chora-tadbirlar hayotga tatbiq etildi. Respublikada mazkur faoliyatga yondashuvlar va shu bo‘yicha mexanizmlar xalqaro standartlarga javob berishini ko‘rish quvonarlidir.

— Mazkur ishlar qanday natija beradi?

— O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva qayd etib o‘tganidek, O‘zbekiston hukumati barcha bolalar oilaviy sharoitlarda tarbiya olishlarini ta’minlashga intilmoqda, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga katta ko‘mak berilayotir. Va biz bunga guvohmiz. Mamlakatda ota-onalari bilan yashash imkoniyatiga ega bo‘lmagan bolalarning oilaviy tarbiyasi uchun sharoitlar yaratishda sezilarli o‘sishga erishilgan. Muassasalarga joylashtirilayotgan bolalar, ayniqsa, nogironligi bor bolalar soni kamayib bormoqda.

Yaqinda Urganchga bordim. U yerda olti farzandni voyaga yetkazayotgan ayol, ajoyib inson bilan tanishish baxti nasib etdi. O‘z farzandini yo‘qotishdek og‘ir qayg‘uni boshdan o‘tkazgan ona “SOS Bolalar shaharchasi”ga ishga kirish uchun ariza topshirgan. Uning tarbiyalanuvchilari turli yoshda, to‘rt nafari qarindoshlik rishtalari bilan bog‘lanmagan, ikki nafari esa aka-singildir. Ularning mehmondo‘st uyiga tashrif buyurar ekanman, oila a’zolari o‘rtasidagi ezgu bog‘liqlik guvohiga aylandim. Bolalar o‘zlarini uylaridagidek his etyapti. Bu, eng muhimi, aslida. Ularning ayrimlari yetimlar, boshqalari ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan yoki o‘z oilasida qolishi xavfli, deb topilgan bolalar. Endi ularda risoladagidek hayot kechirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Ushbu xonadonning eshiklari doim ochiq. O‘g‘il bolalar do‘stlari bilan futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rishadi. Bolalar mahalliy maktabga boradi. Oilaga esa ijtimoiy xodim ko‘mak bermoqda. Atrofdagilarning ko‘pchiligi bular asrab olingan bolalar ekanligini hatto bilmaydi ham. Ular o‘z qalb jarohatlarini qayta boshidan o‘tkazishni umuman istashmaydi.

O‘z navbatida, Xorazmda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ulkan ishlar qilinayotganiga guvoh bo‘ldim. Bu yerda inklyuziv ta’limni tashkil etish bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishilgan, uyda ta’lim olish sharoitlari yaratilgan. Ota-onalar uchun qo‘llab-quvvatlash va maslahat berish guruhlari tashkillashtirilgan, nogironligi bor bolalar uchun ham shug‘ullanish, o‘z layoqati va iste’dodlarini yuzaga chiqarish, o‘sish va rivojlanish imkoniyatlari mavjud to‘garaklar ochilgan.

— Nima uchun bolaning oilada kamol topishi shu darajada muhim, deb o‘ylaysiz?

— Avvalo, aytishni istardimki, 2013 yilda Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitada O‘zbekistonda bolalarni institutsional tarbiyalash bilan bog‘liq masalada qator xavotirlar bildirilgan edi. Bu yerda 20 000 dan ortiq bolalar, ya’ni har 100 000 dan 200 nafari muassasalarga joylashtirilgan edi. Bu raqam Yevropa va Markaziy Osiyodagi ko‘rsatkichdan (666) past, ammo dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (120) yuqori. Internat muassasalari tarbiyalanuvchilarining 75 foizini esa nogironligi bor bolalar tashkil etgan. Ular qo‘llab-quvvatlanganda edi, uy parvarishini olish imkoniyatiga ega bo‘lishardi. Afsuski, ular bu kabi muassasalarga oilasidagi moliyaviy qiyinchiliklar, ota-onasining ajrashib ketishi yoki qo‘llab-quvvatlashi yo‘qligi sabab kelib qoladilar.

Aslida maktab-internatlari, Mehribonlik va Muruvvat uylarida tarbiya topadigan bolalar g‘amxo‘rliklar og‘ushida bo‘lsa-da, to‘laqonli bolalikdan bahra ololmaydi. Binobarin, oilani hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Bu kabi muassasalardagi bolalar boshqa insonlar bilan his-tuyg‘u ila bog‘liq rishtalarga kam layoqatli bo‘lishi, jismoniy jihatdan yomon rivojlanishi va o‘qib-o‘rganishda sust ketishi isbotlangan. Oqibatda axloq bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi. Muassasani tark etgandan so‘ng jamiyatga qo‘shilishi, integratsiyalashishi qiyinlashadi.

— Sizning fikringizcha, har bir bola oilada tarbiya olishi uchun qanday yo‘l tutish lozim?

— Fursatdan foydalanib, birinchi navbatda, O‘zbekiston hukumatiga o‘z ota-onalari bilan birga bo‘lish imkoniyatidan mosuvo bolalarni oilaviy sharoitlarda tarbiyalashning zamonaviy shakllarini joriy etish bo‘yicha olib borayotgan ishlari uchun YUNISЕF minnatdorlik bildiradi. Ba’zan oilalar moliyaviy qiyinchiliklar, munosabatlardagi muammolarga duch keladi yoki nogironligi bor bolalarni parvarishlashda turli mushkulliklarni boshdan o‘tkazadi. Bunday paytda uzoqlashish emas, balki oilada qo‘llab-quvvatlanishi bolalar uchun ko‘p narsani anglatadi. Zero, kuchli oila kuchli jamiyat poydevoridir. Va YUNISЕF har bir bola oila huquqiga ega ekanligiga qat’iy ishonadi.

2017 yilda bola himoyasi tizimini isloh qilishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston va YUNISЕF shu bo‘yicha baholash ishlarini olib bordi. Birgalikda tizimni ravnaq toptirish yo‘llarini qidirmoqdamiz. Bolalar uchun qanday xizmatlar taqdim etilayotgani, bolalar davlat muassasalariga tushmasligi uchun nimalar qilish kerakligini o‘rganyapmiz. 2017 yilda O‘zbekiston Milliy universitetida ijtimoiy ishga ixtisoslashtirilgan kafedraga asos solindi. YUNISЕF o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va o‘qituvchilar salohiyatini oshirish vositasida mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

Bugun esa e’tibor qaratish lozim bo‘lgan uch jihat bor. Birinchidan, YUNISЕF bolalar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalar, garchi ular ijtimoiy-iqtisodiy ko‘makka muhtoj vaziyatda bo‘lsa ham, internat muassasalariga joylashtirilmasligi kerak, deb hisoblaydi. Agar bu zarur bo‘lganda ham, bolalar oila tipidagi sharoitda, kichik guruhlarda professional g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘lgan holda yashashi darkor. 

Ikkinchidan, nogironligi bor farzandlar yashaydigan oilalar, xususan, mahalla darajasida bolalar muassasalarga joylashtirilmasligi uchun qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Shu munosabat bilan YUNISЕF Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishdan mamnundir. 

Uchinchidan, ko‘plab davlatlarda bolalarni oilalaridan ayrilishining oldini olishda ijtimoiy xodimlar asosiy rol o‘ynaydi. Bu tajriba O‘zbekiston uchun ham foydalidir. Ijtimoiy xodimlar ko‘makka muhtoj oilalar ehtiyojlarini qondirishga ko‘maklashish bo‘yicha muhim mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni — bu bolalarning hayoti, salomatligi va kelajagi uchun javobgar ekanligimizni barchamizga eslatib turadi. Zotan, biz barcha bolalar baxtli bo‘lib voyaga yetishi, o‘qishi, o‘zlari suygan ish bilan mashg‘ul bo‘lishi va kelajakda ajoyib ota-onalar hamda o‘z Vatani fuqarolariga aylanishini istaymiz. 

“Xalq so‘zi” muxbiri
Omonulla FAYZIYEV
suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?