Sarmishsoy, Xonbandi, Zarautsoy qoyatosh rasmlari YUNЕSKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritiladi

16:49 08 Yanvar 2019 Madaniyat
573 0

Sarmishsoy darasidagi qoyatosh bitiklardan biri | Arxiv foto

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi online”/Toshkent. Sarmishsoy, Xonbandi, Zarautsoy qoyatosh rasmlari YUNЕSKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan 2018 yil davomida sohada amalga oshirilgan ishlar va 2019 yilda koʻzlangan rejalar yuzasidan oʻtkazilgan anjumanda maʼlumot berildi.

Bu boradagi ishlar Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha 2019-2020 yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”da oʻz aksini topgan.

Taʼkidlanganidek, xalqimizning umummilliy boyligi boʻlgan madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va undan foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YUNЕSKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga, “Boysun madaniy muhiti”, “Shashmaqom musiqasi”, “Navroʻz”, “Katta ashula”, “Askiya”, “Palov madaniyati va anʼanalari” nomzodlari Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga, Usmon Qurʼoni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar toʻplami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari Jahon xotirasi roʻyxatiga kiritilgani yurtimiz madaniy merosining dunyo miqyosida eʼtirof etilganiga yorqin misol boʻla oladi.

Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning oʻrni va ahamiyatini oshirish hamda moddiy madaniy meros sohasidagi davlat nazoratini tubdan takomillashtirish maqsadida vazirlikning Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqaviy davlat inspeksiyalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik izchil davom ettiriladi. Yaqin kelajakda yurtimizdagi Sarmishsoy, Xonbandi, Zarautsoy qoyatosh rasmlari bilan birga “Sahrodagi qasrlar”, “Qadimiy Termiz” obyektlarini YUNЕSKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish choralarini koʻriladi. Shuningdek, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijiy davlatlardagi nomoddiy madaniy meros elementlarini yozib olish, ular asosida “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi” toʻplamini nashr etish, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan milliy musiqa asarlari orasidan madaniy qimmatga egalarini saralab, milliy musiqiy asarlar fonotekasini yaratish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?