Sariosiyolik deputat “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga 100 million soʻm mablagʻ oʻtkazdi

21:47 04 Iyun 2020 Jamiyat
270 0

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Sariosiyo tuman Kengashiga saylangan deputat, tumandagi “Ulugʻ Sabo metan” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Qumriddin Nasriddinov karantin joriy qilingan kundan boshlab xayriya yordamlarini koʻrsatdi. Jumladan, Ramazon oyi tashrifi munosabati bilan Sariosiyo tumanidagi «Saʼdi Sheroziy», “Afrosiyob” va “Xonim” MFYdagi kam taʼminlangan xonadonlarga deputat tomonidan 15 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.

Deputat karantin sababli vaqtincha ishsiz va daromadsiz qolgan oilalarni aniqlab, roʻyxatini tuzib chiqdi. Shundan soʻng ularning 25 nafarini ehtiyojlariga qarab mavsumiy ishga yoʻnaltirdi.

- Deputatimiz va ularning bir necha nafar yordamchilari ayni kunlarda karantin qoidalariga toʻliq rioya etgan holda uyma-uy yurib, xonadon sohiblari bilan uchrashib, karantin davrida muhim boʻlgan barcha talablarga amal qilish, tomorqalardan samarali foydalanishga oid tegishli tavsiyalarni berib, bepul koʻchatlarni hadya etdi, — deydi «Saʼdi Sheroziy» MFY fuqarosi Mavluda Ochilova.

Mehnatsevar xalqimiz uyda oʻtirib ham daromad topishni yaxshi biladi. Karantin davrida mana shunday qobiliyatlarini namoyon etayotgan insonlar bilan faxrlansak arziydi. Deputat Qumriddin Nasriddinov oʻzi saylangan tuman hududidagi 100 nafar oilaga 10 000dan ziyod bepul koʻchatlar tarqatilishida ham tashabbus koʻrsatdi.

Shu kunlarda saxovatpesha deputatimiz yana bir xayrli ishga qoʻl urdi. U “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga 100 million soʻm mablagʻ oʻtkazdi.

- Maqsadim bitta, Prezidentimiz boshlagan xayrli ishlarga hissa qoʻshishdir, - deydi deputatimiz. - Davlatimiz rahbari qaysi sohaga eʼtibor bermasin, eng avvalo bu oddiy odamlar uchun qay darajada ahamiyat kasb etishini oʻylaydilar. Pandemiya sabab butun dunyodagi muqarrar iqtisodiy inqirozdan imkon qadar talafotlarsiz chiqishga eʼtibor qaratganlarida ham, agrar sohani rivojlantirish boʻyicha tashabbusni ilgari surganlarida ham nechogʻli haq boʻlganlarini davrning oʻzi isbotlab bormoqda.

Deputatimiz tashabbusi bilan qilingan mazkur insonparvarlik yordamlari, albatta, bir maqsad yoʻlida - oʻzbekona saxovat va koʻmak bilan yurtdoshlarimizga yordam koʻrsatish va mana shunday sinovli kunlarda bir yoqadan bosh chiqarib, hamyurtlarimizning ogʻirini yengil qilish koʻzda tutilgan.

Gulshod TURSOATOVA,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP

Surxondaryo viloyat Kengashi matbuot kotibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?