Sariosiyoda masʼullarni bolta bilan qarshi olgan ayolning murojaati asossizmi?

19:30 10 Fevral 2020 Jamiyat
455 0

Foto: ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlar va “Telegram” kanallarda bir qoʻlida bolta, bir qoʻlida telefon ushlab, uyi buzilishiga norozilik bildirgan ayolning murojaatnomasi tarqaldi.

Maʼlum boʻlishicha, bu ayol Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Gulobod” MFYda qurilgan yangi uyi buzilishiga qarshilik bildirgan Xolbibi Donayevadir.

U oʻz murojaatida avvalroq ham uyi buzilgani, ikkinchi marta uyini buzishlariga yoʻl qoʻyib bermasligini aytadi.

Shundan keyin Sariosiyo tumani hokimligi vaziyatni quyidagicha izohladi.

Rasmiy munosabat: Donayeva Xolbibiga tegishli turar joy binosi buzilmagan

Sariosiyo tumani hokimligi fuqaro Donayeva Xolbibining mulkiy huquqlari buzilganligidan norozi boʻlib, ijtimoiy tarmoqlar orqali 2020-yilning 8-fevral kuni eʼlon qilgan “Surxondaryo viloyatida yana snos ishlari davom etmoqda” sarlavhali video murojaati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:

1.Donayeva Xolbibiga tegishli turar joy binosi va piyoz ekin maydoni buzilmaganligi toʻgʻrisida

Sariosiyo tumani hokimining 11.02.2019-yildagi 740-sonli qarori bilan “Uzshaharsozlik LITI” DUK Surxondaryo viloyat filiali tomonidan ishlab chiqilgan “Sariosiyo shaharchasi markaziy qisminingbatafsil rejalashtirish loyihasi” maʼqullangan.

Shunga koʻra, Donayeva Xolbibi 06.04.2019-yilda Sariosiyo tumani hokimi nomiga ariza bilan murojaat qilib, oʻzining arizasida unga tegishli “Lutfikor” (sobiq “Yangi turmush”) mahallasida yer uchastkasi tuman Bosh rejasiga asosan koʻkalamzorlashtirish koʻrsatilganligi sababli, yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun 0,10 sotix yer maydoni ajratilishini soʻragan.

Sariosiyo tumani hokimining 10.04.2019-yildagi 2116-sonli qarori bilan fuqaro Donayeva Xolbibiga tumanning “Gulobod” mahallasi, Chorbogʻ qishlogʻi hududidagi 7q-dala konturidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun 1000 kv.m yer maydoni ajratish belgilangan.

Ammo, tuman hokimining mazkur qarori Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 45-moddasi (alohida qimmatga ega boʻlgan unumdor sugʻoriladigan yerlar) talabiga zid ravishda qabul qilingani aniqlanganligi sababli uni bekor qilish haqida 31.10.2019-yilda Sariosiyo tumani prokurori tomonidan protest keltirilgan.

Shunga koʻra, tuman hokimining 06.11.2019-yildagi 6226-sonli qarori bilan 10.04.2019-yilgi 2116-sonli qarori bekor qilinib, prokuror protesti qanoatlantirilgan. Donayeva Xolbibiga qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yer maydoni taklif etilgan.

Oʻrganish davomida, Donayeva Xolbibiga tegishli turar joy binosi va piyoz ekin maydoni buzilmaganligi, biroq, hozirda qonunga zid ravishda ajratilgan yer maydonida qurilgan ushbu turar-joy masalasida sudga daʼvo arizasi tayyorlanayotganligi, sud qarori asosida bu masalaga oydinlik kiritilishi aniqlandi.

Ishchi guruh aʼzolarining 2020-yil 8-fevral kuni Sariosiyo tumani, “Gulobod” mahallasi, “Chorbogʻ” qishlogʻiga tashrifidan koʻzlangan maqsad esa 7q-konturdagi 1.20 gektar suvli yer maydonida qurilgan bino-inshootlarning qonuniyligini aniqlash, shuningdek, dehqon xoʻjaligini tashkil etish uchun ajratilgan yer maydonlaridan fuqarolarning oʻzboshimchalik bilan qurgan va keyinchalik buzib olgan qurilishlari qoldiqlarini daladan chiqartirish boʻlgan.

2. Fuqaro Donayeva Xolbibiga tegishli boʻlgan Sariosiyo tumani, Shargʻun shahar, Feruz mahallasi, Shaxtyorlar koʻchasi hududida joylashgan uy-joy masalasida

Fuqaro Donayeva Xolbibiga tegishli boʻlgan Sariosiyo tumani, Shargʻun shahar, Feruz mahallasi, Shaxtyorlar koʻchasi hududida joylashgan 45-sonli uy-joy Shargʻun shahrida olib borilgan qurilish ishlari davomida oʻtkazilishi lozim boʻlgan yoʻl hududida joylashganligi sababli, buzilishga tushgan.

Ushbu uy-joy oʻrniga Sariosiyo tumani hokimining 13.07.2019-yildagi 4116-sonli qarori bilan fuqaro Donayeva Xolbibiga Sariosiyo tumani, Shargʻun shahar, Feruz mahallasi, Hurriyat koʻchasi hududidan 400 kv.m yer maydoni yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan hamda 150 mln. 261 ming 090 soʻm kompensatsiya toʻlovi naqd pul shaklida toʻlab berilgan.

Shunga koʻra, fuqaro Donayeva Xolbibi tomonidan mazkur manzilda 15,75 kv.m hajmda 1 xonali turar joy va 4,00 kv.m. hojatxona imoratlari qurilgan boʻlib, Sariosiyo tumani hokimining 28.09.2019-yildagi 6065-sonli qarori bilan Donayeva Xolbibi Ergashevnaning mazkur turar joyga egalik va mulk huquqi eʼtirof etilgan.

Hozirgi vaqtda, mazkur qaror va boshqa hujjatlar qonuniy tusga ega hisoblanadi.

3. Fuqaro X.Donayevaning onasi Donayeva Tursunoyning uy-joyi mavjudligi masalasida

Shargʻun shahar hokimining 29.06.1993-yildagi 78/51-sonli qarori bilan Shargʻun shahar, Shaxtyor koʻchasidagi 45-uy, 9-xonadon (2 xonadan iborat, umumiy maydoni 66,5 kv.m) fuqaro Donayeva Tursunoyning shaxsiy mulki ekanligi tasdiqlangan. Mazkur manzilda hech kim yashamayotganligi maʼlum boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?