“Sarhisob va istiqboldagi qadamlar”

16:23 22 Iyun 2019 Jamiyat
399 0

Tadbirkor bugun jamiyatda muhim odamlardan biriga aylangan. Iqtisodning siyosatdan ustun qoʻyilishida ham ushbu sohaning qanchalik ahamiyatli ekanini koʻrishimiz mumkin. shu boisdan yoshlarning yetakchilik, innovatsiyaga intiluvchanlik bilan birga ularning biznesga boʻlgan layoqati, qiziqishi va qobiliyatini oshirishga boʻlgan eʼtibor yuksak darajada va bu oʻz samarasini sezilarli darajada koʻrsatib kelmoqda desak adashmaymiz. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da tashkil etilgan matbuot anjumanida ham bu borada batafsil soʻz yuritildi.

Tadbir Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi, Yosh fermerlar Kengashi va “Yoshlar biznes inkubatori” MCHJ faoliyatining yillik sarhisobi boʻyicha “Sarhisob va istiqboldagi qadamlar” mavzusida boʻlib oʻtdi. Unda hamkor tashkilotlar mutasaddilari, yosh tadbirkor va fermerlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Anjumanda erishilgan natijalar va istiqboldagi qadamlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Xalq taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oʻrtasida imzolangan memorandum boʻyicha 2018-yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda joylashgan taʼlim muassasalari “Biznes klub”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangani taʼkidlab oʻtildi. “Biznes klub” aʼzolari uchun respublikamizning turli hududlarida jami 3355 marotaba darslar tashkil etilgan boʻlib, 284100 nafar yoshlar qamrab olingan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab quvvatlash markazi tomonidan yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishiga keng jalb qilish, ularda kerakli koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida “Biznes sayyohat” loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyiha oʻtgan yil davomida 684 marotaba amalga oshirilgan boʻlib, loyiha doirasi 17858 nafar yoshlar qamrab olindi. Yosh tadbirkorlar va hunarmandlar oʻrtasida jami 368 marotaba koʻrgazma va savdolar, mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Respublikamizning barcha hududlaridagi boʻsh qolgan kasb-hunar kollejlari binolarida 130 dan ortiq tadbirkorlik klasterlari tashkil qilinib natijada 1425 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.

Anjumanda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi tomonidan oʻtgan yil mobaynida oʻnlab loyihalar doirasida 400 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi. Ularda 12 mingga yaqin yosh fermer, dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari va fermerlikka qiziquvchi yoshlar qamrab olindi. Yoshlar tomonidan Kengashga jami 747 ta murojaatlar kelib tushgan va ulardan 698 tasi ijobiy hal etilgan boʻlib, qolganlariga qonuniy tarzda choralar koʻrildi. 410 nafar yoshlarga fermerlik faoliyatini boshlash uchun 8856 gektar yer maydoni ajratilishida koʻmaklashildi. 632 nafar yosh fermerlarga 71 mlrd. 526 mln. soʻm kreditlar ajratilishida koʻmaklashildi. “Ona yer yoshlar qoʻlida” shiori ostida Oʻzbekiston yosh fermerlarining I Respublika forumi oʻtkazilgani ham alohida ahamiyatlidir.

Yosh fermerlar uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Tomorqa – daromad manbai”, “Fermer-fermerga”, “Fidoiy yoshlar otryadlari”, “Oʻsimliklar klinikasi”, “Yoshlar innovatsion rivojlanish yoʻlida”, “Har bir yoshga bir gektar” singari koʻplab loyihalar amalga oshirilgani va samarali natijalar koʻrsatilgani kelgusidagi amalga oshiriladigan islohotlarga zamin yaratishi tadbirda qayd etildi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?