Sardobada zamonaviy korxona ochildi, yangi uylar qurib bitkazildi 

19:02 13 Oktyabr 2020 Siyosat
598 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sardoba Oqsaroy tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

“Oqsaroy klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyat tarkibidagi mazkur korxona yiliga 3,5 million dollarlik tayyor mato va kiyimlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksport qilish moʻljallangan. Turkiyadan zamonaviy tikuv mashinalari va energiyatejamkor sovutish tizimi keltirib oʻrnatilgan. Loyihaning birinchi bosqichida 500 ta ish oʻrni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari bu yerda faoliyat boshlagan xotin-qizlarni yangi uy va ish joylari bilan tabrikladi.

- Fojia yuz bergan kunlari baʼzi odamlarda ertangi kunga ishonch yoʻqolib qolgan edi. Bugun sizlarning koʻzingizda ishonch uchqunlarini koʻrib turganimdan xursandman. Ayollar ishlasa, kayfiyati yaxshi boʻladi. Ayolning kayfiyati yaxshi boʻlsa, farzandlarining kayfiyati, tarbiyasi yaxshi boʻladi, oilada, jamiyatda muhit oʻzgaradi. Shuning uchun xotin-qizlarga ish oʻrinlarini koʻpaytirishga harakat qilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, yengil sanoatda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari 15-may kuni Sardoba tumanida boʻlganida “Doʻstlik” mahallasida yangi uylar qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Qisqa vaqtda bu yerda 1 ming 480 xonadonli 37 ta turar joy qurib bitkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu galgi tashrifi chogʻida mazkur zamonaviy mavzeni koʻzdan kechirdi.

Uylar besh qavatli boʻlib, ikki va uch xonali kvartiralardan iborat. Turar joylarni qurishda eng energiyatejamkor materiallardan foydalanilgan. Yangi mavzeda barcha kommunikatsiya tarmoqlari mavjud. Mahalla guzari, bolalar maydonchalari qurilib, hudud obodonlashtirilgan.

Xonadonlar tayyor holda, toshqindan jabrlangan oilalarga bepul topshiriladi. Oldin mazkur mahallada yashagan Baxtiyor va Qimmatxon Mirzayevlar oilasiga ham uch xonali kvartira ajratilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu xonadonga kirib, sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?