Sardobada hodisasidan jabrlanganlarni uy-joy bilan taʼminlash va infratuzilmani tiklash uchun 100 mln dollar ajratiladi

17:30 22 May 2020 Jamiyat
147 0

“Sardoba suv ombori“ toʻgʻonida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarni manzilli qoʻllab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga muvofiq, Sardobadagi favqulodda hodisadan zarar koʻrgan fuqarolarni uy-joy bilan taʼminlash va infratuzilmani tiklash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan qaytarib bermaslik asosida Davlat byudjetiga 100 mln dollar ekvivalentidagi mablagʻlar ajratiladi.

Ushbu mablagʻlar, tegishlicha vazirlik va idoralarga talafot koʻrgan hududlarda yoʻl-transport infratuzilmasini, toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini, ijtimoiy soha obyektlari v.b. larni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, mablagʻlar Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joyi buzilgan va yashab boʻlmaydigan ahvolga kelgan oilalarga 2020-2021-yillar davomida koʻp qavatli uylarni qurish hamda qurib bitkazilgan va sotilmagan xonadonlarni egalikka berish uchun yoʻnaltiriladi.

Qarorga koʻra, mudofaa va huquq tartibot organlarining tadbirlari hamda ularga Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida koʻzda tutilgan jami 1,150 trln soʻm miqdorigacha boʻlgan byudjet mablagʻlari maqbullashtiriladi.

Maqbullashtiriladigan mablagʻlar quyidagilarga yoʻnaltiriladi:

— 2020-yilda Prezident topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha xarajatlar hisobidan quyidagilarga ajratilgan mablagʻlar oʻrnini qoplash uchun:

  • Prezidentning F–5569-son farmoyishiga asosan Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga ajratilgan mablagʻ;
  • Prezidentning PQ–4581-son qaroriga asosan 2019-yil 1-dekabrga qadar xususiy sheriklar tomonidan nodavlat bogʻchalarni tashkil etish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlash ishlari 25 foizdan kam boʻlmagan hajmda bajarilgan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha kreditlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻ;
  • Hukumatning 950-son farmoyishiga asosan fuqarolar va tadbirkorlarga tegishli yer uchastkalari olib qoʻyilishi hamda koʻchmas mulk obyektlarining buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar miqdori boʻyicha vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Fargʻona viloyati hamda Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga ajratilgan mablagʻ;
  • Prezidentning PF–5953-son Farmoniga asosan yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga barcha zarur infratuzilmalarni yetkazib berish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga ajratilgan mablagʻ;

— Prezidentning F–5567-son farmoyishiga asosan Buxoro viloyati mahalliy byudjetiga mablagʻ ajratish (shu jumladan, oldin ajratilgan mablagʻ oʻrnini qoplash) uchun;

— Prezidentning PQ–4700-son qaroriga muvofiq yer maydonlarini foydalanishga kiritish maqsadida tuman byudjetlariga ajratilgan mablagʻ.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?