Sardoba: hamjihatlik simfoniyasi

00:41 04 May 2020 Jamiyat
731 0

Muqaddas roʻzai ramazon kunlarida qilingan har qanday ezgu duo albatta ijobat boʻladi. Bugun ana shunday tilaklarni nafaqat diliga jo etgan, balki uni amalga oshirishga bel bogʻlagan millionlab yoshu keksa yurtdoshlarimizning saxovat va koʻmaklari oʻz manziliga yetib bormoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, poytaxtimizdan yoʻlga chiqqan avtokarvonlar Qamchiq dovoni osha, Qizilqum sahrolarini bosib, janubiy sarhadlarimizni ortda qoldirib Sirdaryo tomon yelib kelgani buning tasdigʻi emasmi!? Mirzachoʻlning ulugʻvor kengliklarida bagʻri misli ummondek, koinotdek cheksiz, mehrli, oqibatli - Ona Oʻzbekistonimiz, Ota makonimizning hamjihatlik simfoniyasi yangrayotir.

Kuzataman va Siz ham buni allaqachon his qilgansiz: dunyoni koronavirus balosi bosgan shu kunlarda qay bir davlat rahbari olis orolda oʻz jonini muhofaza qilayotgan boʻlsa, yana bir mamlakat toj sohibi oʻzga yurtning ovloq kurortida, xalqidan olisda zarra tojdor changalidan panoh topmoqda. Va ne ajabki, ana shunday turfa yetakchilar ichida ofat oʻchogʻiga shaxsan kirib borayotgan, xalqi bilan yelkadosh boʻlayotgan davlat rahbarlari barmoq bilan sanarli darajada ham emas.

Ularning biri — koronavirusning avj maskani Uxan aholisi bilan yuzma-yuz uchrashib, bemorlar holidan shaxsan xabar olgan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin boʻlsa, yana biri — Buxoro viloyatidagi tabiiy ofat joyiga va Sardoba suv omboridagi toshqin yuz bergan hududga zudlik bilan yetib borgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentidir.

... Birinchi mayning erta tongida, hali Sardoba suv omboridan suv sizib chiqqanligi haqidagi xabar hammaga yetib ulgurmay Guliston osmonidan gʻarb tomonga vertolyot uchib oʻtdi. Koʻp oʻtmay bildik, unda Prezident ofat joyiga zudlik bilan yetib kelgan ekan. Va davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi haqida uzatilgan dastlabki qisqa xabar suv balosiga roʻbaru boʻlgan yurtdoshlarimiz qatori butun xalqimizga ham katta kuch-quvvat, kutilmagan falokatni tezda bartaraf etishimizga mustahkam ishonch baxsh etdi. Sarosimalik, xavotirlanishga oʻrin qolmadi. Ombor etagidagi, xavfli hududlardagi aholi yashin tezligida koʻchirildi. Evakuatsiya hamda toshqinni toʻxtatish mexanizmi aniq va tartibli ishladi. Tez orada jilovidan chiqqan suv tizginlandi.

Prezidentimiz keyingi kuni ofat oqibatlarini shaxsan oʻrganishlari barobarida toshqindan omon-eson olib chiqilgan yurtdoshlarimiz bilan yuzma-yuz uchrashdi, ularga dalda berdi: “Endi bu ham bir koʻrgilik. Kim buni kutgan edi!? Bu yerda Oʻzbekiston rahbariyati, mana, Bosh vazir ham shu yerda, mening hamma kuchli vazirlarim ham shu yerda. Kayfiyatlaringni yaxshi qilinglar. Oʻzlaring sogʻ-salomat, bolalaring yonlaringda boʻlsin! Bir narsaga ishoninglar: hammasi yaxshi boʻladi. Yaratgandan iltijo qilamizki, bizga madadkor boʻlsin. Oxirgi koʻrganimiz shu boʻlsin.

Jonlaring sogʻ boʻlsin, qarindoshlaring, farzandlaring yonlaringda sogʻ-salomat ekanligi katta baxt. Uyni ham qurib beramiz, molni ham topib beramiz. Jonlaring sogʻ boʻlsin”

Yurtboshimizning ushbu nekbin soʻzlari uchrashuv qatnashchilarining yuzlari, qalblariga ishonch, yorugʻ nur baxsh etganini, koʻngillari togʻdek koʻtarilganini koʻrdik va bu tuygʻularni uzoq-yaqinda boʻlsak-da, barchamiz yurakdan his qildik. Yana shuni angladikki, xalqimizning qon-qoniga singgan va ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan yaxshilik, ezgulik, yelkadoshlik, jigarchilik, oqibatlilik, hamjihatlilik kabi oʻnlab fazilatlarni oʻzida jamlagan umriboqiy qadriyatlarimiz bor ekan, bu ofatni, inshoolloh, birgalikda yengib oʻtamiz.

Ha, bu takrorlanmas qadriyatlarimiz har daqiqada, yaqin-yiroqda boʻy koʻrsatmoqda. “Sirdaryo, biz sen bilan birgamiz”, “Birgalikda, bir boʻlib yengamiz” kabi mehrga toʻla soʻzlarda aks etmoqda. Bir yoki bir necha oilalarga yaqin qadrdonlaridek joy bergan yurtdoshlarimiz mehr-oqibatida, internet tarmoqlari, uzluksiz telefon qoʻngʻiroqlaridagi “Bizdan nima yordam kerak?”, “Uy kerak boʻlsa, marhamat, yashash uchun zarur boʻlgan barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz” degan eʼlon va murojaatlarda oʻz ifodasini topmoqda. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati tunu kun tinmayotir. Bunday taʼrifga soʻz ojiz boʻlgan yuksak eʼtiborga oʻsha hodisa yuz bergan tongning ilk daqiqalaridanoq etik kiyib suv kechgan viloyat hokimidan tortib, barcha-barcha sirdaryoliklar chin dildan minnatdorlik bildirishyapti, davlatimiz rahbari va butun xalqimiz yonlarida ekanliklaridan qalblarida charogʻonlik aks etyapti.

...Ishonchimiz komilki, joʻnatilgan har bir koʻmak yuki zamirida aks etgan mehrni his etgan har bir sirdaryolik qalbida uzoq-yaqindagi hamyurtiga nisbatan gʻoyibona mehr, qondoshlik-qadrdonlik tuygʻusi yana-da mustahkamlandi. Va bunday jipslik faqat yaxshi kunlarga, jonajon Vatanimiz ravnaqi yoʻlidagi ezgu niyatlarimizni amalga oshirishimizga xizmat qilaverishiga esa aslo shubha yoʻq.

Ahmadali SHERNAZAROV,

“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?