Saraton kasalligiga qarshi kurashuvchi tovuqlar

14:41 12 Fevral 2019 Lifestyle
576 0

Illyustrativ foto

Tadqiqotchilar tovuqlar genini oʻzgartirib, ularni oʻzida artrit va saratonning baʼzi turlariga qarshi kurasha oluvchi xususiyatlarni jamlagan tuxumlar qoʻyishga oʻrgatdi, deb yozadi Bi-bi-si.

Bunday tuxumlar tarkibidagi dori vositalari sanoat darajasida ishlab chiqarilgan oʻz muqobilidan 100 barobar arzonga tushishi mumkin.

Olimlar vaqti kelib, davolovchi tuxumlarni tijoriy miqdorda ham yetishtirish mumkinligiga ishonch bildirmoqda.

Tuxumlarni yetishtirish davomida tovuqlar hech qanaqasiga qiynalmaydi, deydi ular ustida tadqiqot olib borgan Roslin Technologies biotexnologiya kompaniyasidan doktor Lissa Herron.

“Tovuqlar katta kataklarda yashaydi. Kun davomida yuqori darajada tayyorgarlikdan oʻtgan texniklar ularning doni, suviga qarab, qulay umr kechirishini taʼminlaydi”.

“Tovuqlar uchun butun jarayon odatiy tuxum qoʻyish kabi kechadi. Bu jarayon vaqtida ularning sogʻligʻiga nisbatan hech qanday xavf tugʻilmaydi, olingan tuxumlarning esa odatdagidan umuman farqi yoʻq”, deb izohlaydi doktor Herron.

Olimlar bundan oldin ham echki va quyonlar genini oʻzgartirib, ulardan davolovchi xususiyatga ega sut olishga harakat qilgan. Biroq bu yondashuv yanada samarali boʻlib, tovuqlardan koʻproq va anchayin arzon mahsulot olish mumkin, deydi tadqiqotchilar.

“Dorivor tuxumlar yetishtirish fabrikalarda dori ishlab chiqarishdan 10 dan 100 barobarga qadar arzonga tushishi mumkin. Biz oʻrtadagi farq kamida 10 barobarga kam boʻlishiga umid qilmoqdamiz”, soʻzlaydi doktor Herron.

Tovuqlar saqlanadigan kataklarni qurish va ularni saqlashning arzonligi ancha mablagʻni iqtisod qilib qolishga imkon yaratadi. Fabrikalarda esa dori ishlab chiqariladigan xonalarni anchayin qimmat asbob-uskunalar bilan jihozlash talab etiladi.

Aynan tananing tabiiy ravishda maʼlum bir kimyoviy modda yoki proteinni ishlab chiqara olmasligi koʻplab kasalliklar yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

Oʻsha yetishmayotgan proteinni tanaga kiritish orqali bunday kasalliklarni nazorat qila olish mumkin.

Farmatsevtik kompaniyalar ishlab chiqargan sintetik proteinlar esa juda qimmat turadi.

Doktor Herron va uning hamkasblari tovuq DNKsiga protein ishlab chiqaradigan inson genini kiritishga muvaffaq boʻldi.

Sarigʻi deyarli yoʻq tuxum

Birinchi tajribadan soʻng tuxumni chaqib koʻrgan doktor Herron protein miqdori koʻpayganidan tuxumning oq qismi ancha kattalashganini aniqladi.

Tadqiqotchilar immun tizimi uchun muhim boʻlgan ikki proteinga alohida eʼtibor qaratgan. Ulardan biri saratonga qarshi kurashuvchi xususiyatga ega, ikkinchisi shikastlangan toʻqimalarning qayta tiklanishini tezlashtiradi.

Bitta tuxumda bir dozaga bemalol yetuvchi protein mavjud. Tovuqlar esa yiliga 300 taga qadar tuxum qoʻyishi mumkin. Tadqiqotchilar geni oʻzgartirilgan tovuqlar soni yetarlicha boʻlganidan soʻng dorivor tuxumlarni tijoriy miqdorda yetishtirishni boshlash mumkin, demoqda.

Dorivor tuxumlarni inson sogʻligʻiga nisbatan qoʻllash uchun yanada takomillashtirish, turli nazorat sinovlaridan oʻtkazishga 10 yildan 20 yilga qadar vaqt talab etiladi.

Tadqiqotchilar, shuningdek, bunday tuxumlardan uy hayvonlari parvarishida ham foydalanishni koʻzlamoqda.

Masalan, tuxumlar orqali hayvonlarning immun tizimi faoliyatini yaxshilash mumkin.

Hozircha dorivor tuxumlar insonlarda sinab koʻrilmaydi.

Tadqiqotchilar mavjud tuxumlarning faqat ilmiy maqsadlarda yetishtirilgani, ular supermarketlarda sotilmasligini taʼkidlamoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?