Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

15:43 02 May 2019 Hujjatlar
589 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlantirishning eng muhim shartlari hisoblanadi.

Ichki bozordagi ehtiyojlar hajmlarining tahlili davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini amalga oshirish orqali sanoat kooperatsiyasini va talab yuqori boʻlgan tovarlarning alohida turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish uchun foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes subyektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar respublika sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning uzoq muddatga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari deb hisoblansin:

sanoat mahsulotlari bozorining barcha qatlamlaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni maqsadli jalb qilish, barcha manfaatdor doiralarga respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining turlari, texnik tavsiflari va sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berish orqalidasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish va muntazam ravishda sanoat yarmarkalari oʻtkazish;

hamkorlar topish, xoʻjalik, shu jumladan, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishning muhim vositasi sifatida elektron kooperatsiya portalining faoliyatini tashkil etish, unda sanoat mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha xoʻjalik shartnomalarini (kontraktlarni) tezkorlik bilan masofadan tuzish imkoniyatini taqdim qilish;

texnoparklar va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, davlat xaridlari tizimi orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun barqaror talabni shakllantirishni nazarda tutadigan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish.

2. 2019 yilda tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻzlashtirilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi turlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda – Roʻyxat) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, Roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra har yarim yilda kamida bir marta quyidagi takliflar asosida yangilanadi:

respublika mintaqalarining tabiiy, mineral-xomashyo, ishlab chiqarish va mehnat salohiyati, tegishli infratuzilmasi, import qilinayotgan mahsulotlar hajmlari, tarkibi va nomenklaturasi, shuningdek, ishga tushirilayotgan yirik ishlab chiqarish quvvatlarining istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining takliflari;

tashqi bozorlar konyunkturasiga muvofiq ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining takliflari;

innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar, shu jumladan, har yili oʻtkaziladigan Xalqaro innovatsiya yarmarkasi davomida taqdim etilgan innovatsion gʻoyalar asosidaOʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining takliflari;

monopollashuv va raqobat muhitini rivojlantirish, oʻzaro bir-birining oʻrnini toʻldiruvchi tovarlar va narx omilini inobatga olgan holda ichki bozorning tovarlar bilan toʻyinganligi darajasini baholash asosida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining takliflari.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Roʻyxatga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun, shu jumladan, Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi ishtirokida investitsiyalarni jalb etish choralarini koʻrsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi iqtisodiyotda talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash tizimini eksperiment tariqasida joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) foydalanilmayotgan bino va inshootlar negizida yangi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, texnoparklarni qurish;

b) avvalo, Roʻyxat boʻyicha yangi mahsulot turlarini tayyorlovchi ishlab chiqarishlarni joylashtirgan holda “Toshkent mexanika zavodi” AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark tashkil etish;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan loyihani amalga oshirish uchun olingan kreditning 50 foizdan koʻp boʻlmagan miqdoriga kafillik berish va Roʻyxat boʻyicha mahsulot ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlarining foiz stavkalarini 5 foizgacha qoplash shaklida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini amalga oshirish.

5. “Toshkent mexanika zavodi” AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark tashkil etishning moliyalashtirish manbalari etib 2019 yilga moʻljallangan investitsiya dasturida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida zarur infratuzilmani barpo etish uchun nazarda tutilgan 50 milliard soʻm miqdoridagi markazlashgan mablagʻlar belgilansin.

6. Mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va sanoat mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish boʻyicha komissiyaning (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Komissiyaning ishchi organi etib Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi belgilansin.

7. Komissiyaga (B.A.Xodjayev):

talab yuqori boʻlgan mahsulotlar, shu jumladan, isteʼmol tovarlarining roʻyxatini, mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish mexanizmlarini belgilash, ular asosida ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini har yili tasdiqlanadigan manzilli roʻyxatlarga kiritish;

Roʻyxatda koʻrsatilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrgan holda, ushbu jarayonlarni monitoring va nazorat qilish, shuningdek, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqi berilsin.

8. 2019 yil 1 iyuldan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) mahalliy yetkazib beruvchilarning ishtirokini va narx shakllanishida shaffoflikni taʼminlash uchun davlat buyurtmachilari tomonidan import tovarlarni xarid qilish toʻgʻrisidagi istaklar davlat xaridlari maxsus axborot portalida ham joylashtiriladi;

b) uch yoki undan ortiq ishtirokchilar – mahalliy ishlab chiqaruvchilar boʻlgan taqdirda davlat xaridlari buyurtmachining tanloviga koʻra mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida amalga oshirilishi mumkin;

v) buyurtmachilarga Roʻyxatdagi mahsulotlarni xarid qilishda investorga, sifat boʻyicha, kelishilgan texnik va narx koʻrsatkichlariga amal qilish sharti bilan, yetkazib berish vaqtidan boshlab ikki yil davomida mahsulotning davlat xaridlari tizimi orqali sotib olinishiga kafolat taqdim etuvchi maxsus kontraktlarni tanlov tartib-taomillari orqali tuzish huquqi beriladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ bilan birgalikda olti oy muddatda davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya portalini ishlab chiqsin va uni qoʻllab-quvvatlashni taʼminlasin. Unda quyidagi imkoniyatlar nazarda tutilsin:

a) bir necha mezonlar va koʻrsatkichlar boʻyicha izlash imkoniyatiga ega boʻlgan, muntazam yangilab boriladigan hamda quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qamrab oluvchi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va joylashtirish:

10 ta belgidan iborat TIF TN kodlari bilan oʻzaro bogʻliqlikda har bir mahsulot turi boʻyicha tovar bozorining hajmi (ishlab chiqarish, import, eksport hajmi) toʻgʻrisida;

mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot nomenklaturasi, uning texnik va narx koʻrsatkichlari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini oʻrnatish boʻyicha takliflarni aks ettirgan holda, ushbu korxonalartoʻgʻrisida;

davlat va korporativ buyurtmachilar, shuningdek, strategik xaridorlar ehtiyojlarini qondirish maqsadida kelgusi davr uchun xarid rejalari va reja-grafiklar toʻgʻrisida;

mahalliy korxonalar negizida ishlab chiqarish tavsiya etilayotgan oʻzlashtirilishi istiqbolli mahsulot turlari toʻgʻrisida;

b) korxonalar tomonidan kerakli shakllar onlayn rejimda mustaqil toʻldirilishi orqali mahalliy korxonalar uchun axborotni maʼlumotlar bazasiga bepul kiritish imkoniyati;

v) korxonalar, yetkazib beruvchilar va davlat organlari oʻrtasida interaktiv hamkorlik qilish imkoniyati;

g) portalning statistika, bojxona, soliq va moliya organlarining maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyalashganligi.

Belgilab qoʻyilsinki, Roʻyxat elektron kooperatsiya portalida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining rasmiy veb-saytida bepul asosda majburiy ravishda eʼlon qilinadi.

10. Quyidagilar elektron kooperatsiya portaliga tegishli axborotlar toʻgʻri va haqqoniy kiritilishi va uni oʻz vaqtida yangilab borilishi uchun masʼul etib belgilansin:

respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining hajmi va texnik parametrlari yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Oʻzstandart” agentligining hududiy boʻlinmalari;

sanoat mahsulotlari importi yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi;

kelgusi davr uchun davlat xaridlarining reja-grafiklari va davlat xaridlarining oʻtgan yildagi amaldagi hajmi yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, ustav fondi (kapitali)dagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar;

mahalliy korxonalar negizida ishlab chiqarish tavsiya etilayotgan oʻzlashtirilishi istiqbolli mahsulot turlari yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

ushbu qarorning 10-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlarning elektron kooperatsiya portaliga oʻz vaqtida va toʻliq kiritilishi ustidan nazoratni taʼminlasin;

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Sanoat yarmarkalarini va elektron kooperatsiya portali faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda elektron kooperatsiya portaliga kiritiladigan, shu jumladan, respublikada ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlari, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlar ehtiyojlari uchun import qilinadigan (TIF TN kodi 10 ta belgidan iborat) mahsulotlarning hajmi va texnik parametrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

12. Quyidagilarga:

iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A.Xodjayevga – sanoat sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, Roʻyxatga kiritilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar ishlab chiqarishni rivojlantirish jarayonini muvofiqlashtirish, shuningdek, elektron kooperatsiya portalining faoliyat koʻrsatishi, iqtisodiyotda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish boʻyicha eksperimentni samarali amalga oshirish yuzasidan;

investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqovga –investorlarni izlash va ularni erkin iqtisodiy zonalarga joylashtirish, birinchi navbatda, Roʻyxatga kiritilgan mahsulotlarni oʻzlashtirish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiyotda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish yuzasidan;

“Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ raisi F.F.Ibragimovga – elektron kooperatsiya portalini yaratish va uning davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashuvini taʼminlash yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikromovga – respublikada ishlab chiqarilayotgan tovarlar, ishlar va xizmatlarning sanoat yarmarkasini tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni xarid faoliyatiga jalb qilish, xarid qilish operatsiyalarining doimiy ravishda yangi tashkil etilayotgan elektron kooperatsiya portali orqali oʻtkazilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

13. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu qarorning mohiyati va qoidalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi:

bir oy muddatda “Toshkent mexanika zavodi” AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

bir oy muddatda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va talab yuqori boʻlgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirish boʻyicha “yoʻl xarita”larini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

uch oy muddatda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunga xarid qilish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, ularning shaffofligini oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflarni kiritsin;

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                         Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 1 may


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?