Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston madaniy merosi xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” Ikkinchi xalqaro Kongressi boshlandi

11:36 06 Iyun 2018 Madaniyat
732 0

Sankt-Peterburgdan jamoatchi muxbirimiz Rustam Jabborov xabar qiladi:

— Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 6-8 iyun kunlari “O‘zbekiston madaniy merosi xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” Ikkinchi xalqaro Kongressi bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizning boy va betakror madaniy merosini chuqur o‘rganish va dunyo miqyosida keng targ‘ib etishdan iborat.

Bugun anjuman doirasida Sankt-Peterburgdagi Rossiya etnografiya muzeyi, Rossiya Milliy kutubxonasi, Davlat Din tarixi muzeyi, Sharq qo‘lyozmalari instituti va boshqa bir qator ilmiy va madaniy muassasalarda O‘zbekistonga oid ko‘rgazmalar tashkil etilishi kutilmoqda. Shuningdek ushbu madaniyat maskanlariga yurtimizning me’moriy yodgorliklaridagi epigrafika san’ati haqida hikoya qiluvchi “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlari beg‘araz tuhfa etiladi.

– Rossiyada mamlakatimizga oid juda katta miqdordagi tarixiy eksponatlar, madaniyat durdonalari, noyob qo‘lyozmalar saqlanmoqda, – deydi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy yodgorliklarni tadqiq etish markazi direktori, falsafa fanlari doktori Roik Bahodirov. – Biz ayni paytda bu mamlakatdagi muzeylar, ilmiy muassasalar bilan ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida faol ish olib bormoqdamiz. Muhimi rossiyalik hamkorlarimiz bizning bu boradagi takliflarimizni mamnuniyat bilan qabul qilishmoqda. Mazkur xalqaro anjuman ana shu hamkorlikni yanada mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab berishiga ishonamiz.

Kongress doirasida ertaga, 7 iyun kuni mamlakatimiz va xorijdan tashrif buyurgan olimlar ishtirokida sho‘balarga bo‘lingan holda ilmiy munozaralar o‘tkazilishi belgilangan. Xalqaro kongressda dunyoning 30 ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlar va mutaxassislar, yirik muzeylar va ilmiy markazlar vakillari ishtirok etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?