Sankt-Peterburg shahri gubernatori: «Bizda hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar bor»

11:52 23 May 2018 Siyosat
344 0

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat yangi bir bosqichga ko‘tarildi, balki sifat jihatidan butunlay o‘zga mazmun bilan boyidi. Bu kabi samarali munosabatlar esa, o‘z navbatida, hududlarning ham o‘zaro manfaatli aloqalariga keng yo‘l ochmoqda. Muxbirimiz Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Sergeyevich Poltavchenko bilan uchrashib, ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati hamda istiqbollari haqida suhbatlashdi.

— Siz o‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘ldingiz. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlar haqida qanday fikrdasiz? Jumladan, tashqi siyosatning faollashuvi, birinchi galda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha nima deya olasiz?
— 2017 yil noyabrda O‘zbekistonga qilgan safarim menda ajoyib taassurot qoldirdi. Delegatsiyamizni yurtingizda juda iliq kutib olishdi. Eng asosiysi, ko‘plab samarali muloqotlar o‘tkazdik. Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan shaxsan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Toshkent shahar hokimligi, tegishli idoralar darajasida esa turli sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama etdik. Bu sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, mehnat migratsiyasi hamda bandlik, sog‘liqni saqlash, yoshlarga oid siyosat, ilm-fan va oliy ta’lim kabi masalalardir. Suhbatlarning barchasi sermazmun bo‘ldi hamda konstruktiv ruhda o‘tdi. Har ikki tomon muloqot va birgalikda ishlash uchun tayyor bo‘lsa, kelgusida muammo chiqmaydi hamda barqaror natijaga erishish oson kechadi.
Muhimi, davlatlarimiz rahbarlari tomonidan barcha yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratib berilgan. Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil aprelda bo‘lib o‘tgan Kremldagi uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. 

Joylardagi, ya’ni hududiy miqyosdagi rahbarlarning vazifasi esa, erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishdan iborat. Aminmanki, bu jarayonda Sankt-Peterburg ikki mamlakatni yanada yaqinlashtirishda sezilarli rol o‘ynaydi. Bu borada ancha ishlar ham qilindi.
Masalan, joriy yilning mart oyida shahrimizda O‘zbekiston Respublikasi bosh konsullik idorasi ochildi. Endi ko‘p masalalarni shu diplomatik vakolatxona orqali hal eta olamiz. Yaqin kelajakda biz iqtisodiyot sohasidagi munosabatlarni kengaytirib, gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlaymiz.

Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Hududlararo hamkorlikka ko‘maklashish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv imzolandi. O‘tgan yilning o‘zida Toshkent viloyati vakillarining Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatiga tashrifi bo‘lib o‘tdi. Siz bunda qanday istiqbollarni ko‘rasiz?
— Bizda hamkorlik uchun katta imkoniyatlar bor, deb hisoblayman. Keyingi vaqtda hududlar o‘rtasida turli darajadagi muloqotlar soni ortgani ham ana shundan dalolat beradi.

O‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan muntazam aloqadamiz. Bizning vakillarimiz ham mamlakatingiz viloyat hamda shaharlariga amaliy safarlar uyushtirishmoqda. Videoaloqa tarzidagi sessiyalar esa tez-tez o‘tkazilib turibdi. Bunda aniq masalalar yuzasidan konstruktiv fikr almashuvlar tashkil qilinadi. Xususan, Sankt-Peterburgga mutaxassislarni jalb etish, O‘zbekistondan sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini keltirish singari masalalar kun tartibida. Ayni paytda bizda “Sankt-Peterburg — moda industriyasining xalqaro markazi” degan keng ko‘lamli loyiha amalga oshirilayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, to‘qimachilik sanoatida hamkorlik bo‘yicha ham katta imkoniyatlar mavjud.

Yana bir istiqbolli yo‘nalish sifatida turizmni keltirish mumkin. Bu borada biz Samarqand hamda Buxoro shaharlari bilan ishlayapmiz. “Ipak yo‘li jumbog‘i” deb nomlangan loyiha Sankt-peterburglik turindustriya vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi, deb ayta olaman. O‘z navbatida, biz ham o‘zbekistonlik mehmonlarni Neva daryosi qirg‘oqlarida ko‘rishdan xursandmiz. Tez fursatda shaharlarimiz o‘rtasida sayyohlar oqimi ko‘payishiga ishonamiz.

Mehnat migratsiyasi masalasiga kelsak, bu yo‘nalishda Sankt-Peterburg muhim qadamni qo‘ydi. Samarqandda Mehnat migrantlarini safardan oldin tayyorlash va Rossiya Federatsiyasiga yuborish markazini ochdik. U bizga ayni sohadagi ishlarni tizimlashtirishda yordam beradi. Markazda Sankt-Peterburg shahridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi, mutaxassislarni tanlash hamda ularga hujjat rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatish tashkil qilindi.

— O‘tgan yili Sankt-Peterburg shahri delegatsiyasining tashrifi doirasida Toshkentda biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Sankt-Peterburg tadbirkorlari o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari bilan tanishdilar. Xo‘sh, uchrashuv natijalari qanday? Shahringiz ishbilarmonlari qaysi loyihalarga ko‘proq qiziqish bildirmoqdalar?
— Eng avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanayapti. Masalan, Kirov zavodi O‘zbekistonga “Kirovets” traktorlarini, Ijor zavodlarining Korobkov nomidagi “IZ-Karteks” kompaniyasi esa ekskavatorlarni yetkazib berayapti. Kelgusida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning to‘qimachilik mahsulotlarini Sankt-Peterburgga keltirish bo‘yicha yirik shartnomani tuzishni rejalashtirayapmiz. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, turizm, xavfsizlikni ta’minlash masalalarida ham aniq loyihalarimiz bor. Bu sohalar bo‘yicha shahrimiz ulkan salohiyatga ega, shunday ekan, tajribamizni o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan baham ko‘rishga tayyormiz. Misol uchun, O‘zbekistonda ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi hamda tez yordam xizmatlarining faoliyatida avtomatlashtirilgan tizimdan foydalanish rejaga kiritilgan. Toshkent ko‘chalarini tashqi yoritishda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yordam ko‘rsatmoqchimiz. Bu ish katta tajribaga ega kompaniyalarimiz ishtirokida amalga oshiriladi.
Ustuvor yo‘nalishlardan yana biri — tibbiy jihozlar va dori vositalari ishlab chiqarish. Keyingi yillarda Sankt-Peterburgda farmatsevtik klaster tashkil qilindi hamda bizda eng zamonaviy dori-darmonlar va apparatlar tayyorlanadi. Alohida qayd etmoqchiman, Sankt-Peterburgdagi Kimyo-farmatsevtika akademiyasi bilan Toshkent farmatsevtika instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

— Sankt-Peterburg hukumati hamda Toshkent shahar hokimligi o‘rtasidagi muzokaralar natijasiga ko‘ra, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzilgan. Ayting-chi, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq qilish uchun bugungi kunda qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayapti?
— Bitim 2018 — 2022 yillarga mo‘ljallangan. U o‘zaro hamkorligimizning asosi bo‘lishi shubhasiz. Bitimni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, yangi turarjoylar qurish, uy-joy kommunal xo‘jalik sohasini modernizatsiyalash, jamoat transportini rivojlantirish, mehnat migratsiyasi, yoshlarga oid davlat siyosati kabi yo‘nalishlarda qator tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Kundalik faoliyatimizda ana shu hujjatga tayanamiz. Aytishim mumkinki, mazkur bitim turli darajadagi aloqalarni rivojlantirishga kuchli turtki berdi. Biz, nasib etsa, albatta, yaxshi natijalarga erishamiz. Bunga xizmat qiladigan yana bir narsa Sankt-Peterburgda Toshkent vakolatxonasini ochishdir. Ayni paytda bu bo‘yicha faol sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

— Bugungi kunda Sankt-Peterburgning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi qanchani tashkil etadi va Sizningcha, bu boradagi istiqbollar qanday?
— 2017 yil yakuniga ko‘ra, tovar aylanmasi 52 foiz o‘sdi. Buni yaxshi natija, deb hisoblayman. Lekin biz hozircha mavjud salohiyatni to‘la ishga solganimiz yo‘q. Mutlaq ko‘rsatkichlarda tashqi savdo hajmi 189,7 million dollarni tashkil qildi. Bu esa shahrimizning savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlar reytingida 38-o‘ringa to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, hali bajariladigan ishlar ko‘p. Birgalikda olib boriladigan harakatlar kelgusida tovar ayirboshlashni yanada ko‘paytirishga imkon yaratadi, deb ishonaman.

— Sankt-Peterburgning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash hamda ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik ham kuchaymoqda...
— Delegatsiyamiz o‘tgan yili Toshkentda bo‘lganida, ushbu masalani O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan muhokama etdik. Sankt-Peterburg hamda O‘zbekistonning oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida bir necha kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunga kelib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti o‘zaro “Iqtisodiyot va sog‘liqni saqlashda boshqaruv” degan magistrlik dasturini tashkil qilishdi. Endi dastur doirasida universitetlarda talaba almashish yo‘lga qo‘yiladi. Ayni vaqtda shahrimizda O‘zbekistondan kelgan talabalar soni ko‘payishidan xursandman. Hozir Sankt-Peterburgdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘zbekistonlik 2483 nafar talaba o‘qiyapti, bu esa o‘tgan yildagiga nisbatan 400 kishi ko‘p, deganidir.
Suhbatimiz so‘ngida O‘zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik tilayman. Shuningdek, umumiy maqsad hamda muddaolarimiz muvaffaqiyatli amalga oshishi va bu xalqlarimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonaman.
Omonulla FAYZIYЕV.
Toshkent — Sankt-Peterburg — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?